add

O‘zRTXB: bozor infratuzilmasining ko‘rinmayotgan aksiyadorlik imkoniyati

30.11.2025 | 22:301604 daqiqa

Mahalliy fond bozorida odatda banklar, oltin qazib oluvchi va telekom kompaniyalari markazda turadi. Shu bilan birga, savdo infratuzilmasida strategik rol o‘ynaydigan «O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi» AJ (O‘zRTXB) investorlar tomonidan kamroq e’tibor qaratilayotgan emitentlardan biri hisoblanadi.

O‘zRTXB: bozor infratuzilmasining ko‘rinmayotgan aksiyadorlik imkoniyati

KAPDEPO investitsiya kompaniyasining yangilangan tahliliy sharhi esa «O‘zRTXB» aksiyalarining hozirgi bozor narxi ularning potensial qiymatini to‘liq aks ettirmayotganini ko‘rsatadi.

«O‘zRTXB» mamlakatning asosiy tovar birjasi bo‘lib, ichki bozor savdolarining qariyb 90 foizi aynan shu platforma orqali o‘tadi. Birja xomashyo va resurslar bo‘yicha tartiblangan savdolarni ta’minlaydi, davlat xaridlari va narxlarni shakllantirishda markaziy infratuzilma sifatida ishlaydi. Birja asosan savdo va kliring komissiyalaridan daromad ko‘radi.

Ya’ni, har bir bitimdan kichik foiz olinadi. Shu sababli tushum savdo hajmlariga bog‘liq, xarajatlar esa nisbatan barqaror, bu esa biznesga yuqori marja beradi. Pul ko‘rinishidagi aktivlar vaqtincha bo‘sh turganida banklarda joylashtirilib, undan olingan foiz daromadi ham qo‘shimcha manba bo‘lib xizmat qiladi.

NSBU standartlari bo‘yicha hisobotlarga ko‘ra, 2022-2024 yillarda birjaning sof tushumi 338-428 mlrd so‘m oraliqda bo‘lgan, sof foyda esa 198 mlrd so‘mdan 320 mlrd so‘mgacha yetgan. 2024 yilda kompaniya 337,9 mlrd so‘m miqdorida sof tushum va 254,1 mlrd so‘m sof foyda qayd etdi. Jami aktivlari 4,97 trln so‘mga yetgan bo‘lsa, o‘z kapitali 530,7 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu raqamlar birjaning deyarli qarzsiz, yuqori rentabellik bilan ishlayotganini ko‘rsatadi. 2025 yil III choragi bo‘yicha TTM hisobida «O‘zRTXB»ning ROE ko‘rsatkichi 65 foizdan oshgan, ROA esa 7 foiz atrofida bo‘lgan.

Birja so‘nggi yillarda aksiyadorlarni dividendlar bilan muntazam rag‘batlantirib kelmoqda. 2022 yilda dividend rentabelligi taxminan 11,9 foiz, 2023 yilda esa 16 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu fond bozorimiz sharoitida juda jozibali ko‘rsatkich hisoblanadi.

2024 yil noyabrida esa muhim korporativ qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, foydaning bir qismi kapitalizatsiya qilinib, har bir mavjud aksiyaga to‘rttadan qo‘shimcha aksiya berildi. Natijada aksiyalar soni besh baravar ko‘payib, nominal narx esa mos ravishda pasaydi, lekin kompaniya qiymati o‘zgarmadi. Bu qaror likvidlikni oshirish va kichik investorlar uchun kirish to‘sig‘ini pasaytirish maqsadida qabul qilindi.

KAPDEPO tahliliga ko‘ra, birja yaqin yillarda ham sof foydaning qariyb 70 foizini dividendga yo‘naltirishni davom ettiradi va «dividend aristokrati» (yillar davomida barqaror dividend to‘lab kelayotgan emitent) maqomini saqlab qoladi.

Hisobotda «O‘zRTXB» aksiyalari DCF (diskontlangan pul oqimlari) modeli orqali baholangan. Tahlilchilar erkin pul oqimlari prognoziga tayangan holda kompaniya kapitalining hozirgi qiymatini 3,19 trln so‘m atrofida, bitta aksiya uchun esa taxminan 8500 so‘m deb baholashgan.

2025 yil noyabr oxirida bozor narxi 5045 so‘m atrofida bo‘lgan, ya’ni hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 68 foizgacha o‘sish potensiali mavjud.

Tahlilchilar fikriga ko‘ra, aksiyalar «sotib olish» darajasida va «me’yorida baholanmagan» toifasiga kiradi. DCF modelining farazlariga ko‘ra, birja uzoq muddatda erkin pul oqimlarini yiliga 5 foiz atrofida oshirib boradi, o‘rta muddatli davrda (10 yilgacha) o‘sish sur’ati 9 foiz atrofida yuqorilaydi. Kompaniya yaqin yillarda qarz jalb qilmaydi va faoliyati asosan o‘z kapitali hisobiga yuritiladi.

Bu, albatta, prognoz xolos. Real bozor natijalari, regulyator siyosati va iqtisodiy sikllarga qarab o‘zgarishi mumkin.

2025 yil noyabrida Fitch Ratings «O‘zRTXB»ning emitent sifatidagi uzoq muddatli reytingini «B» darajasida tasdiqlab, prognozni «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirdi. Agentlik buni aktivlar sifati va likvidlik siyosati nisbatan barqarorligi, shuningdek, birjaning bozor infratuzilmasi sifatidagi tizimli roliga tayanib belgilagan. Ya’ni, bu birja banklar va davlat uchun ham muhim hamkor ekanini, uning barqaror ishlashi makroiqtisodiy siyosat nuqtai nazaridan ham ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi.

KAPDEPO hisobotida ijobiy nuqtalar bilan birga bir nechta jiddiy risklar ham tilga olingan. Birjaning katta qismi bo‘sh likvidligi affillangan «Trastbank»da joylashtirilgan. Bu holat bank bilan bog‘liq har qanday stress birjaning moliyaviy ahvoliga tez ta’sir qilishini anglatadi.

Hisobotda marja siyosati hozircha bazaviy darajada ekani, ishtirokchilarga yagona marja talabi qo‘llanilayotgani qayd etilgan. Murakkab derivativlar, bozor volatilligi oshgan sharoitda bunday yondashuv yetarli bo‘lmasligi mumkin. Birja davlat bilan chambarchas bog‘langan infratuzilma bo‘lgani uchun tariflar, reglamentlar yoki davlat xaridlari siyosatidagi keskin o‘zgarishlar biznes modeliga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Infratuzilma emitentlari uchun bu an’anaviy risk hisoblanadi.

Investor nuqtayi nazaridan bular risklarni baholashda e’tiborga olinishi kerak, yuqori dividend va past P/E «arzon ko‘rinishi» fonida risk profili har doim ko‘zda tutilishi kerak.

KAP DEPO modeli hozirgi narxga nisbatan sezilarli o‘sish potensiali ko‘rsatayotgani, yuqori dividend tarixiy ko‘rsatkichlari va barqaror pul oqimlari fonida «O‘zRTXB» nisbatan past riskli va dividend oqimi barqaror aktiv izlayotgan uzoq muddatli investorlar, fond bozori infratuzilmasiga sarmoya qilishni istaydigan institutsional investorlar, moliyaviy sektor ichida diversifikatsiya qilishni xohlayotgan portfel egalari uchun qiziqarli instrument bo‘lishi mumkin.

Biroq yuqorida sanab o‘tilgan konsentratsiya, regulyator va likvidlik risklari bu emitentni «mutlaqo xavfsiz g‘aznachilik obligatsiyasiga»ga aylantirib qo‘ymaydi. Bu yerda ham asosiy qoidaga ko‘ra, har bir investor o‘z tavakkal profilini hisobga olgan holda mustaqil qaror qabul qilishi kerak.

Ogohlantirish: Ushbu maqolada keltirilgan ma’lumotlar KAPDEPO tahliliy hisobotiga, ochiq manbalar va muallifning shaxsiy tahliliga asoslanadi. Matn axborot maqsadida tayyorlangan bo‘lib, hech qanday tarzda investitsion tavsiya yoki ma’lum qimmatli qog‘ozlarni sotib olish/sotish bo‘yicha aniq ko‘rsatma hisoblanmaydi. Qimmatli qog‘ozlar bozorida operatsiyalar bilan bog‘liq barcha qarorlar va natijalar uchun investorning o‘zi javobgardir.

G.Bozorova tayyorladi.

 

Teglar

Mavzuga oid