Qizil xola hikoyasi: «Ayollar johil odamlarni tanlamang»

09.03.2026 | 12:555 daqiqa

Konyaga endi kelgan paytlarim markaziy ko‘chalardan birida boshdan-oyoq qip-qizil kiyadigan, yonog‘ini ham o‘tkir qizil lab bo‘yog‘i bilan bo‘yab yuradigan ayolni ko‘rgandim. Tabiiyki, harakatlari, faqat qizil libos kiyishi va o‘zini tutishidan oddiy odamlarga o‘xshamasligi e’tiborimni tortdi.

Qizil xola hikoyasi: «Ayollar johil odamlarni tanlamang»

Vaqt o‘tib, Konyaning Instagram sahifalarini kuzatib, bu ayolni butun shahar tanishini, Sulton O‘zjan ismli 70 yoshli ayol ekanligini bildim (o‘zidan yoshini so‘raganingizda, 48 da deydi). Faqat qizil kiyishining  juda ta’sirli va qayg‘uli hikoyasi bor bo‘lib, bu haqida maxsus mukofotga loyiq ko‘rilgan hujjatli film ham ishlangan ekan.

Qizil xola (men shunday nom qo‘ydim) shunchalik qizil narsalarga ruju qo‘yganki, bozordan olmaning qizillarini oladi, sabzavotlardan qip-qizil pomidor yeydi.

Ko‘ylak tiktirish uchun ham gazlamafurushdan faqat qizil rangli mato tanlaydi. Sotuvchi balki moviy rangni sinab ko‘rarsan desa, rad etadi. Uyidagi narsalarning ko‘p qismi qizil rangda.

Shahar ahli ayolni «Konya guli» deyisharkan. Uning hikoyasini turli og‘izdan har xil talqinda tingladim.

1

Masalan, ba’zilar bir kun unga turmush o‘rtog‘i qizil rang ko‘ylak kiygan ayolni maqtagan-u, shundan xolaning rashki kelib, faqat shu rangdan libos kiyishini aytsa, ba’zilar esa turmush o‘rtog‘ining  qizil rang ko‘zga tashlagani uchun unga bu rangdan nimadir kiyishni man qilganini, ajrashishganidan keyin esa ayol ataylab faqat shu rangda kiyinishini aytishadi.

Voqeaning asl tafsilotlari esa qahramonimizning tilidan quyidagicha hikoya qilinadi: «U qizil rangni yaxshi ko‘rar edi. Boshqa rangli libos kiysam, qizil kiy deb men bilan janjal ham qilardi. Aslida, men bu rangni yoqtirmas edim. Ammo u sevgani uchun ko‘pincha qizil kiyardim. 

Sevgan odamim o‘zimning o‘qituvchim edi. Men u paytlar 14 yoshda, yosh qiz edim. Dadam maktabga bormay, dala ishlariga qarashishim kerakligini aytardi. Men johil bo‘lib yashashni istamasdim. Uydagilarni arang ko‘ndirib, maktabga qatnay boshladim.

2

U (turmush o‘rtog‘i-muallif) bizning maktabga o‘qituvchi bo‘lib kelgan ilk kuniyoq mendan «Isming nima?» deb so‘radi. «Sulton» dedim. «Familiyang nima?» dedi. «O‘zjan» dedim. Ko‘pincha dars tushuntirarkan,yonimga kelib, oyog‘imni bosib ketardi.

Nega mening oyog‘imni bosadi bu deb hayron qolardim. U vaqtlar uncha bilmasdim bunday narsalarni.

Bir kun u sinfdoshlarim hammamizni sayohatga olib chiqdi. O‘shanda mening oldimga kelib, «Onangning oldiga borib, qo‘lingni so‘rayman. Seni o‘z xonimimga aylantiraman»,- dedi. U sinfdagi 15 qizning ichidan meni sevdi. Shunday qilib, o‘n besh yoshimda o‘z o‘qituvchimga oshiq bo‘ldim. Keyin to‘y qildik. O‘zim Konyaning Oqsaroyidanman, u bilan Girusunga ko‘chdim.  Oradan  o‘n yil o‘tsa hamki, farzandimiz bo‘lmadi. Turmush o‘rtog‘im o‘qituvchilikdan ketib, avval politsiya xodimi, keyin komissar bo‘ldi. Doktorlarga bordik. Ular bizga EKO qildirishni maslahat berdi, lekin u bunga ko‘nmadi.

3

Yigirma besh yil farzandsiz yashadik. Farzandsizlik sabab ko‘p janjal qilardik, u meni urardi. Har oy dadamning uyiga arazlab kelardim. Farzandimiz bo‘lsa hayotimiz boshqacha bo‘lar edi, deb ko‘p o‘ylayman. Nasib qilmadi. Bir kuns haharda birga ketayotsak, qizil kiyimli kurd qizini ko‘rib, «Bu qiz buncha go‘zal?» dedi. Men buni eshitib, shartta do‘kondan qizil ko‘ylak oldim. Erim faqat meni sevsin, boshqasiga qaramasin deya, o‘sha qiz kabi kiyindim.

Ammo bo‘lmadi. U ajrashishga qaror qildi. Shunday qilib, hammasi tugadi. Ajrashish juda qiyin, yomon narsa. Undan ayrilgandan keyin nimalarni his qilmadim,deysiz?  Ajrashib, mahkamadan kelgandan keyin, 2 kun joyimdan turolmadim. Qattiq iztirob chekdim. Psixologik muolaja olish uchun Oqsaroyga, onamning yoniga bordim.

Keyin u Nevshehirdan bir sariq sochli qizga uylanganini eshitdim. Undan bir o‘g‘li bor deyishadi. Unga sevib uylanibdi. «Go‘zal ayol edi» deb ta’riflashadi qo‘shnilari. Ayrilganimizdan keyin uni hech ko‘rmadim».

4

Bedeston bozoridagi gazlamafurushning aytishicha, konyaliliklar uni bir hamshahar , o‘zining ayrilmas a’zosi sifatida ko‘radi. Ko‘zga tashlanib turgani uchun bir kun ko‘rmasa, xavotir oladi.

«Men erkak bo‘lganim uchun u ayol bilan o‘tirib dardlasholmayman. Menimcha, qizil rang bilan bog‘liq bir narsasiga yetisholmaganidan keyin, shunday qilib o‘zini ovutsa kerak»,-deydi gazlamafurush.

Yana bir savdogarning so‘zlariga ko‘ra, insonlarga bolasi bo‘lmaganini, shu sababdan turmush o‘rtog‘i u bilan ajrashganini aytadi. Lekin u haqida biror marta yomon gap qilganini eshitmaganman. «14-15 yildan beri bozorda savdo qilaman. Yoz-u qish libosining o‘zi ham, rangi ham hech o‘zgarmaydi», deya qo‘shimcha qildi sotuvchi.

Qizil xola bozorga tez-tez kelishini quyidagicha izohlaydi: «Men o‘zimni maqtamayman, lekin meni yaxshi ko‘radiganlar ko‘p. Ko‘pchilik meni taniydi.  Boshqa ayollarni bu qadar tanishadimi? Meni Konyadagi hamma biladi. Men qizil kiymaganlarni xushlamayman. Men shu rangning oshig‘iman. Chunki yarashadi-da. Kim kiysa ham yarashaveradi. Bir baqqol menga «Sulton, qizil senga yarashgani kabi boshqaga yarashmaydi», deydi. Hamma narsam qizil. Uyimning ichi, hatto choynagim ham.

5

«Sevgi insonning nash’asi»,- deydilar. Onam «Oshiq bo‘lmaganning iymoni bo‘lmaydi»,- deb aytardi. Oshiq odamdan hech qo‘rqma. Oshiq bo‘lganning qalbi toza bo‘ladi, muhabbat uni tozalaydi. Sevish- oshiq bo‘lish demakdir. Oshiq bo‘lmay sevish mumkinmi, axir? Sevib turmush qurmaganni men xushlamayman. Oshiq bo‘lmasdan turib, turmush qurilmaydi. Hali hamon uning meni o‘zgalardan rashk qilishi yodimda. Bu ham bir sevgining ko‘rinishi. Men ayollarga o‘zlarini hurmat qiladigan erkaklarni tanlashlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Eshitib, tushuna oladigan inson bilan yashasinlar, johillar bilan emas. Sevgan erkakning qalbi ayoliga zo‘ravonlik qilishga yo‘l qo‘ymaydi.  Biz bir-birimizga oshiq edik, shunga urishsak ham, bir soatda yarashib, yana avvalgidek bo‘lib ketaverardik.

Uning ismi Ramazon edi, ajrashganimizdan keyin qaytib ko‘rolmadim. Sakkiz-to‘qqiz yil oldin o‘ldi degandilar, umidim shundan keyin uzildi. Bilasizmi, farzandimiz bo‘lsaydi, biz ayrilmas edik. Farzand hamma narsadan qiymatli. Joningdan bir parcha, chunki. Lekin bizlarda bo‘lmadi. Ayrildik. Bizning ishq hikoyamiz shunday bitdi»,- deya so‘zlarini tugatdi qizmizi xola.

6

Xolaning hikoyasini tinglarkanman,«o‘z ko‘lmagini sevgan qurbaqa” metaforasi yodimga tushdi. Xola yillardir o‘zi farqiga borib-bormay,maishiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan. Ham jismoniy, ham ruhiy zo‘riqish bilan yashagan. Ammo juda kichik yoshda, hali tuyg‘ularini, sog‘lom munosabatni to‘liq anglab yetmay, oila qurgan. O‘rtada sof tuyg‘ular bo‘lgani rostdir. Lekin xolaning o‘zi aytganidek, chin sevgi yashaydigan erkak qalbi ayolga nisbatan zo‘ravonlik qilolmaydi. Yana kim bilsin. Xola o‘zi farqiga borib-bormay, o‘z armonini boshqalarga tavsiya qildi: «Ayollar, johil odamlarni tanlamang».

Mehrinoza Farmonova

Teglar

Mehrinoz Farmonova

Mehrinoz FarmonovaMaqolalar soni: 1

Barchasi

Mavzuga oid