Siyosiy voqealarning davomi: Olimlar, sobiq vazirlar va deputatlar Japarovga murojaatnoma yo‘lladi
Murojaatnoma ortidan hibsga olishlar boshlangan. Ular ommaviy tartibsizliklarni tashkil etishda gumon qilinmoqda.

Qirg‘izistonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish bo‘yicha prezidentga murojaat tayyorlandi. Uni imzolagan uch nafar fuqaro qo‘lga olingan. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ular ommaviy tartibsizliklarni tashkil etishda gumon qilinmoqda.
«Bugun tergov doirasida murojaatda ko‘rsatilgan 75 nafar fuqaro IIV Tergov xizmatiga olib kelindi. Jinoyat tashabbuskorlari va faol ishtirokchilari sifatida 1955 yilda tug‘ilgan T. B. va U. E. hamda 1960 yilda tug‘ilgan D. K. aniqlandi. Ular vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirildi», — deyiladi vazirlik xabarida.
Gumonlanuvchilarning xonadonlarida tintuv o‘tkazilgan, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Murojaat mazmuni: Olimlar va sobiq arboblar talabi
9-fevral kuni internet nashrlari va ommaviy axborot vositalarida 75 nafar fuqaroning Sadir Japarov hamda Jo‘qorg‘u Kengesh spikeri Nurlanbek Turgunbek uuluga yo‘llagan murojaati tarqalgan edi. Unda darxol yangi prezidentlik saylovlarini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqish talab qilingan. Murojaatga olimlar, sobiq bosh vazirlar, sobiq deputatlar va jamoat arboblari imzo chekkan.
Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 278-moddasi («Ommaviy tartibsizliklar») bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Konstitutsiyaviy talqinlar va bahslar
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2021 yilda amaldagi eski Konstitutsiya bo‘yicha 6 yil muddatga saylangan edi. Biroq ko‘p o‘tmay yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinib, unda prezidentlik muddati 5 yil etib belgilandi. Shunga qaramay, amaldagi qonunchilik uning hozirgi vakolatini yangi Konstitutsiya bo‘yicha «birinchi muddat» sifatida hisobga olgan.
Ayni shu holat turlicha talqinlarga sabab bo‘lmoqda: ayrimlar prezidentlik muddatini yangi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish uchun muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish zarur deb hisoblasa, boshqalar prezident qonuniy ravishda saylangani bois olti yillik muddatni to‘liq yakunlashi kerak degan fikrda.
Murojaatda qayd etilishicha, huquqshunoslar va siyosatchilar o‘rtasida ham bu borada yakdillik yo‘q — ba’zilar saylovni yuzaga kelgan vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li deb bilsa, boshqalar olti yillik muddat tugashini kutishni taklif qilmoqda.





