Logo

Aholining 90,7 foizi kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega – Statistika qo‘mitasi

Кеча 09:003 дақиқа

O‘zbekistonda 15 yosh va undan katta aholining 12 foizi oliy yoki oliy ta’limdan keyingi ma’lumotga ega. Ayollar orasida bu ko‘rsatkich erkaklarnikidan past, shaharlarda esa qishloq joylariga nisbatan yuqori.

Aholining 90,7 foizi kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega – Statistika qo‘mitasi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026-yilgi aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda 15 yosh va undan katta aholi soni 27 mln 174,1 ming kishini tashkil etgan. Ularning 90,7 foizi kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Oliy va oliy ta’limdan keyingi ma’lumotga ega aholi 3 mln 271,1 ming kishiga yoki jami aholining 12 foiziga teng. Shundan 3 mln 229,3 ming nafari oliy ma’lumotli, 41,8 ming nafari esa oliy ta’limdan keyingi ma’lumotga ega.

Aholining eng katta qismini umumiy o‘rta ma’lumotlilar tashkil etadi — 11 mln 626,5 ming kishi yoki 42,8 foiz. O‘rta maxsus va professional ma’lumotga ega fuqarolar soni 9 mln 737,2 ming kishiga yetgan. Bu 15 yoshdan katta aholining 35,8 foizidir.

2

Har ming nafar 15 yosh va undan katta aholiga o‘rtacha 120 nafar oliy va oliy ta’limdan keyingi ma’lumotli, 358 nafar o‘rta maxsus va professional ma’lumotli hamda 428 nafar umumiy o‘rta ma’lumotli kishi to‘g‘ri keladi.

Oliy ma’lumotlilar shaharlarda ko‘proq

Aholining ta’lim darajasida jins va yashash joyiga qarab sezilarli farqlar bor.

Erkaklarning 13,9 foizi oliy va oliy ta’limdan keyingi ma’lumotga ega. Ayollar orasida bu ko‘rsatkich 10,2 foizni tashkil etadi. Shunday qilib, erkaklar orasidagi ulush ayollarnikidan 3,7 foiz band yuqori.

Yashash joyi bo‘yicha ham tafovut kuzatiladi: shaharlarda istiqomat qiluvchilarning 14,2 foizi oliy ma’lumotli bo‘lsa, qishloq joylarida bu ko‘rsatkich 9,3 foizga teng. Farq 4,9 foiz bandni tashkil qiladi.

3

Shahar joylarida oliy ma’lumotlilar ulushi qishloq joylaridagidan 1,5 baravar yuqori. Biroq umumiy o‘rta ma’lumotlilar ulushi qishloqlarda 49,6 foizga yetgan. Shaharlarda esa bu ko‘rsatkich 37,4 foizni tashkil qiladi.

Umumiy o‘rta ma’lumotga ega aholining 52,7 foizini ayollar tashkil etadi. Oliy ma’lumotlilar orasida esa ayollar ulushi 42,1 foizga teng.

Oliy ma’lumotlilar ulushi qaysi hududlarda yuqori?

Hududlar kesimida oliy ma’lumotlilar ulushi bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda. Poytaxtda 15 yosh va undan katta aholining 24,9 foizi oliy ma’lumotga ega.

Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati — 14,9 foiz va Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 13,1 foiz bilan qayd etilgan.

Eng past ko‘rsatkich Andijon (9,4%), Namangan (9,5%) va Surxondaryo (9,7%) viloyatlarida kuzatilgan.

Yoshlar orasida o‘rta maxsus va professional ta’lim ulushi yuqori

Ta’lim darajasi yosh guruhlari bo‘yicha ham farqlanadi. 25–49 yoshdagi aholining 45,7 foizi o‘rta maxsus va professional ma’lumotga ega. Bu guruhda oliy ma’lumotlilar ulushi 14 foizni tashkil etadi.

60 yosh va undan kattalar orasida umumiy o‘rta ma’lumotlilar ulushi yuqori — 55,6–58,4 foiz. 70 yosh va undan katta erkaklarning 22,7 foizi, ayollarning esa 9,1 foizi oliy ma’lumotga ega.

Yosh guruhlari bo‘yicha ta’lim darajasi

Oliy ma’lumotga ega bo‘lishdagi gender tafovuti yosh guruhlari kesimida ham o‘zgaradi. 25–49 yoshdagilar orasida gender pariteti indeksi 0,71 bo‘lsa, 15–24 yoshdagilarda 0,94 ga yetadi. 70 yosh va undan kattalarda esa bu ko‘rsatkich 0,40 ni tashkil qiladi. Ya’ni yosh avlod orasida oliy ma’lumotga ega bo‘lish bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasidagi farq nisbatan qisqargan.

O‘zbekistonda 9,6 mln kishi ta’lim olmoqda

Aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, ta’lim tashkilotlarida 7 yosh va undan katta 9 mln 615,9 ming kishi tahsil olmoqda. Ularning 4 mln 950,7 ming nafari erkaklar (51,5 foiz), 4 mln 665,2 ming nafari esa ayollardir (48,5 foiz).

Ta’lim olayotganlarning 53,5 foizi shaharlarda, 46,5 foizi qishloq joylarida istiqomat qiladi.

Ta’lim olayotgan aholining ta’lim bosqichlari bo‘yicha taqsimoti

4

Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotganlarning 62,4 foizini 18–23 yoshdagi yoshlar tashkil etadi. Oliy ta’lim olayotgan ayollar ulushi 49 foizga teng. Oliy ta’limdan keyingi bosqichda esa ayollar ulushi 58,2 foizga yetadi.

Ta’lim olayotgan aholi tarkibida boshlang‘ich va tayanch o‘rta ta’lim bosqichlari eng katta ulushga ega. Oliy ta’limda esa qariyb 1,73 mln kishi tahsil olmoqda.

Теглар

Мавзуга оид