Logo

O‘zbekiston xalqaro investitsiyaviy arbitraj ishida g‘alaba qozondi

Бугун 19:462 дақиқа

Ushbu investitsiyaviy nizo turkiyaliklar hamda oziq-ovqat sanoatidagi korxona faoliyati bilan bog‘liq edi. Arbitrajga murojaat qilganlardan biri O‘zbekistonda bojxona to‘lovlari, QQS va aksiz solig‘ini to‘lashdan bo‘yin tovlash, budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va boshqa jinoyatlarda ayblanib, uzoq muddatga qamalgan.

O‘zbekiston xalqaro investitsiyaviy arbitraj ishida g‘alaba qozondi © Foto: timesca.com

2026-yil 26-oktabr kuni Investitsiyaviy nizolarni hal etish bo‘yicha xalqaro markaz (ICSID) arbitraj tribunali Turkiya fuqarosi Mehmet Zeki Obuz va boshqalarning O‘zbekistonga qarshi qo‘zg‘atgan xalqaro arbitraj ishi yuzasidan qaror qabul qildi.

Qarorga muvofiq, da’vogarlar tomonidan O‘zbekistonga qarshi ilgari surilgan barcha da’vo talablari rad etildi.

Adliya vazirligining yozishicha, ushbu investitsiyaviy nizo O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida 1992-yilda tuzilgan investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim asosida qo‘zg‘atilgan, 2021-yil iyun oyida boshlanib, 5 yil davom etgan. Arbitraj tribunali e’lon qilgan qaror nizolashuvchi tomonlar uchun yakuniy hisoblanadi.

Nizo oziq-ovqat sanoatidagi korxona faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan. Arbitrajga uch turkiyalik — Mehmet Zeki Obuz, Sevde Yilmaz va Xyuriye Obuz hamda tugatilish jarayonidagi «Obuzlar Gıda» kompaniyasi murojaat qilgan.

Arbitraj tribunali 2022-yil fevral oyida shakllantirilgan. Ishning mohiyati bo‘yicha eshituvlar 2024-yil 1–10-iyul kunlari AQSHning Vashington shahrida o‘tkazilgan. O‘zbekiston manfaatlarini Adliya vazirligi hamda AQSHning «Curtis, Mallet-Prevost, Colt & Mosle» xalqaro yuridik kompaniyasi himoya qilgan. Yakunda tribunal da’vogarlarning O‘zbekistonga qarshi ilgari surgan barcha talablarini rad etgan. ICSID reyestrida ish yakunlangan deb qayd etilgan. Qarorga da’vogar tomonidan tayinlangan arbitrlardan birining alohida fikri ham ilova qilingan.

Mehmet Zeki Obuz O‘zbekistonda bojxona to‘lovlari, QQS va aksiz solig‘ini to‘lashdan bo‘yin tovlash, budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va boshqa jinoyatlarda ayblanib, 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. U 1995-yilda O‘zbekistonga kelib, «Sundus» qo‘shma korxonasi asoschilaridan biri bo‘lgan. 1998-yilda esa korxonaning bosh direktori lavozimini egallagan.

Теглар

Мавзуга оид