Logo

Shaxsiy ma’lumotlarni qanday himoya qilish mumkin? (qo‘llanma)

So‘nggi paytlarda aholining soxta bandlik bilan ta’minlanishi va shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq qator holatlar sodir bo‘ldi. Bunday vaziyatda har kimning o‘z shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishi suv va havodek zarur. Vaqt.uz bu borada qo‘llanma tayyorladi.

Shaxsiy ma’lumotlarni qanday himoya qilish mumkin? (qo‘llanma) © Sun'iy intelekt

So‘nggi  oylarda O‘zbekistonda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqani va ulardan noqonuniy foydalanilgani haqida qator xabarlar tarqaldi. Xususan, Safe Road bazasiga ulangan haydovchilarning pasport ma’lumotlari, JSHSHIR raqamlari va yashash manzillari tarqalgani haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi.

Shuningdek, iyul oyida zararli ilovalar orqali 21 fuqaroning 336 million so‘mi o‘g‘irlangani ma’lum qilindi. Firibgarlar fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, bank akkauntlari orqali pullarini yechib olgan.

Shaxsiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanish boshqa muammolarga ham sabab bo‘lmoqda. Ayrim fuqarolar o‘zlari bilmagan holda korxonalarga ishga joylashtirilgani yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinganini aniqlagan. Natijada ba’zilari ijtimoiy nafaqa olishda muammoga duch kelgan, boshqalari esa tizimdagi noto‘g‘ri ma’lumotlarni tuzatish uchun idorama-idora murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Yaqinda Bandlik vazirligi ham fuqarolarni pasport ma’lumotlarini begonalarga bermaslikka va mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlarini my.gov.uz hamda my.mehnat.uz orqali tekshirib borishga chaqirdi.

Xo‘sh, shaxsiy ma’lumotlaringizdan noqonuniy foydalanilmayotganini qanday bilish mumkin? Quyida ularni qayerdan tekshirish, shubhali holat aniqlansa, qanday choralar ko‘rish kerakligini tushuntiramiz.

Shaxsiy ma’lumotlarni qayerdan tekshirish mumkin?

Mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlarni ikki usulda tekshirish mumkin. Buning uchun my.gov.uz va my.mehnat.uz platformalaridan foydalaniladi. Ular orqali fuqaro o‘zi bilmagan holda biror tashkilotga ishga rasmiylashtirilgani yoki mehnat daftarchasiga noto‘g‘ri ma’lumot kiritilganini aniqlashi mumkin.

my.gov.uz orqali mehnat faoliyatini tekshirish

Buning uchun avval Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga kirib, shaxsiy kabinetga kirish kerak. Keyin qidiruv maydoniga «Mehnat faoliyati ma’lumoti» deb yozib, kerakli xizmatni tanlash lozim.

1

Ekran tasviri my.gov.uz  saytidan olindi

Xizmat sahifasi ochilgach, so‘rov yuboriladi. Xizmat bepul ko‘rsatiladi va ma’lumotnoma avtomatik shakllantiriladi.

2

Ekran tasviri my.gov.uz  saytidan olindi

Ma’lumotnomada fuqaroning qaysi tashkilotda va qaysi davrda ishlagani ko‘rsatiladi. Shu orqali o‘zi ishlamagan korxonaga ishga rasmiylashtirilgan yoki mehnat tarixiga noto‘g‘ri ma’lumot kiritilganini bilib olishi mumkin.

my.mehnat.uz orqali elektron mehnat daftarchasini tekshirish

Ikkinchi usulda my.mehnat.uz saytiga kirib, shaxsiy kabinet orqali elektron mehnat daftarchasini ko‘rish mumkin.

 

3

Ekran tasviri my.mehnat.uz saytidan olindi

Saytga kirgach, shaxsiy kabinetga OneID yoki elektron raqamli imzo orqali avtorizatsiyadan o‘tish lozim.

4

Ekran tasviri my.mehnat.uz saytidan olindi

Shundan so‘ng elektron mehnat daftarchasi ochiladi. Unda fuqaroning qaysi tashkilotda ishlagani, ishga qabul qilingan va ishdan bo‘shatilgan sanalari ko‘rsatiladi.

5

Ekran tasviri my.mehnat.uz saytidan olindi 

Ushbu qaydlarni diqqat bilan tekshirish, ayniqsa, fuqaro ishlamagan tashkilot nomi yoki noto‘g‘ri ish davri ko‘rsatilmaganiga e’tibor berish lozim.

Soxta ishga rasmiylashtirish holatida qayerga murojaat qilish kerak?

Agar fuqaro o‘zi ishlamagan tashkilotga ishga rasmiylashtirilganini aniqlasa, avvalo, bu haqdagi ma’lumotlarni saqlab qo‘yishi va ularni tuzatish uchun tegishli idoralarga murojaat qilishi kerak.

Buning uchun my.gov.uz portalida «mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlarni tahrirlash» xizmati mavjud. Arizada qaysi tashkilot yoki qaysi ish davri haqidagi ma’lumot noto‘g‘ri ekani ko‘rsatiladi. Shuningdek, mavjud tasdiqlovchi hujjatlar, jumladan, mehnat daftarchasi nusxasi, ishga qabul qilish yoki ishdan bo‘shatish haqidagi buyruqlar va mehnat shartnomasi ilova qilinadi.

Xizmat bepul, ariza esa 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Murojaat vakolatli organ tomonidan tekshirilib, natijasi bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Agar fuqaroning qo‘lida tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmasa, vaziyatni arizada batafsil bayon etishi lozim. Shuningdek, Bandlik vazirligining 1176 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish yoki @munosibmehnat_bot Telegram boti orqali murojaat yuborish mumkin.

Murojaat natijasini kuzatib borish va elektron mehnat daftarchasidagi ma’lumotlar tuzatilganini qayta tekshirish muhim. Chunki noto‘g‘ri qaydlar keyinchalik mehnat stajini tasdiqlash yoki ijtimoiy nafaqa olishda muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

Pasport va boshqa shaxsiy ma’lumotlarni qanday himoya qilish kerak?

Shaxsiy ma’lumotlar begona qo‘llarga tushmasligi uchun, avvalo, pasport yoki ID-karta nusxasini zaruratsiz yubormaslik kerak. Hujjat so‘ralganda, undan nima maqsadda va qayerda foydalanilishini aniqlashtirish lozim. Pasport ma’lumotlari, JSHSHIR va telefon raqamini esa noma’lum shaxslar yoki ishonchsiz saytlarga bermaslik zarur.

Firibgarlar o‘zini bank yoki davlat idorasi xodimi sifatida tanishtirib, SMS orqali yuborilgan tasdiqlash kodlarini so‘rashi mumkin. Shu bois bunday kodlarni begonalarga aytmaslik kerak. Qo‘ng‘iroq yoki xabar shubhali tuyulsa, suhbatni to‘xtatib, tashkilot bilan uning rasmiy raqami orqali bog‘lanib, so‘rovni tekshirish lozim.

Shuningdek, noma’lum havolalarni ochish va Telegram orqali yuborilgan APK fayllarni telefonga o‘rnatish xavfli. Bunday fayllar qurilmaga zararli dasturlarni yuklab, undagi shaxsiy ma’lumotlarning firibgarlarga uzatilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Akkauntlarni himoyalash uchun har bir xizmatda alohida va murakkab paroldan foydalanish, ikki bosqichli himoyani yoqish tavsiya etiladi. Bu begona shaxslarning akkauntlarga kirishini qiyinlashtiradi.

Shaxsiy ma’lumotlarni faqat ishonchli tashkilotlarga va zarur hollarda taqdim etish, hujjat yoki ma’lumot so‘ralganda esa avval so‘rovning haqiqiyligini tekshirish firibgarlikdan himoyalanishga yordam beradi.

Теглар

Мавзуга оид