Logo

Turkiyada Markaziy bank rahbari fond bozoridagi mojaro fonida iste’foga chiqmoqchi

Бугун 15:492 дақиқа

Mojaro sentabr oyining o‘rtasida boshlangan. O‘shanda bir nechta yirik investitsiya fondlari o‘z mablag‘larini qaytarib olmoqchi bo‘lgan mijozlar bilan hisob-kitob qila olmagan.

Turkiyada Markaziy bank rahbari fond bozoridagi mojaro fonida iste’foga chiqmoqchi © TASS

Turkiyaning Bank faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish agentligi (BDDK) rahbari Shahap Kavjiog‘lu mamlakat prezidenti Rajap Toyyib Erdo‘g‘andan uning iste’fosini qabul qilishni so‘radi. Bu haqda «Bloomberg» xabar berdi.

O‘sha kuni «Takasbank» hisob-kitob bankining sobiq rahbari Yunus Arinji, «Adil Katılım» raqamli islom banki asoschilaridan biri Ali Pashli va «OMG Capital Advisors» konsalting kompaniyasi rahbari O‘mer Murat Gulkan ham hibsga olindi.

Iste’fo va hibsga olishlar Turkiya fond bozoridagi narxlarni sun’iy ravishda oshirish bilan bog‘liq tergov doirasida amalga oshirilmoqda.

Mojaro sentabr oyining o‘rtasida boshlangan. O‘shanda bir nechta yirik investitsiya fondlari o‘z mablag‘larini qaytarib olmoqchi bo‘lgan mijozlar bilan hisob-kitob qila olmagan.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu fondlar kam tanilgan kompaniyalarning aksiyalarini sotib olib, ularning bozor qiymatini sun’iy ravishda bir necha baravar oshirgan.

Shundan so‘ng regulyator jami 20 mlrd dollarga yaqin aktivga ega bo‘lgan 131 ta fondni tugatish haqida qaror qabul qilgan. Bu holat qariyb yarim million investorga zarar yetkazgan.

Kavjiog‘luning o‘ziga nisbatan hech qanday ayblov ilgari surilmagan. Uning iste’fosi qabul qilingan-qilinmagani hozircha ma’lum emas. BDDK vakillari esa bu masala bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan.

Iste’fo haqidagi murojaatidan biroz oldin Kavjiog‘lu mahalliy OAVga bergan intervyusida BDDKning investitsiya fondlari bilan bog‘liq vaziyatga mutlaqo aloqasi yo‘qligini aytgan edi.

O‘tgan dam olish kunlari NTV telekanali uning o‘rinbosari Muhammet Erishen ham qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Turkiya adliya vaziri Akin Gyurlek tergov davomida uyushgan jinoiy tarmoq aniqlanganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, ushbu tarmoqning aloqalari mamlakat moliya tizimidagi yuqori lavozimli shaxslargacha yetib borgan.

Vazir ma’lumotlariga ko‘ra, 3-noyabr holatida ish bo‘yicha 433 nafar gumonlanuvchi aniqlangan, ulardan 112 nafari hibsda saqlangan.

Qo‘lga olinganlar orasida hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi raisining o‘rinbosari, fond birjasi rahbari hamda Kapital bozorlar kengashi raisining sobiq o‘rinbosari Enver Uska ham bor. U pora olishda gumonlanmoqda.

Oktyabr oyining oxirida xuddi shu tergov doirasida Erdo‘g‘anning siyosiy masalalar bo‘yicha sobiq bosh maslahatchisi Ertan Aydin ham qo‘lga olingan edi.

Siyosatshunos Kerim Xas «The Insider» nashriga bergan intervyusida Aydin 2023-yilda Erdo‘g‘anning saylovoldi kampaniyasiga rahbarlik qilganini eslatgan. Shuningdek, u 2010-yillarda Erdo‘g‘anni qo‘llab-quvvatlovchi internet-trollar tarmog‘ini boshqargan asosiy shaxslardan biri bo‘lganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident mahalliy bank inqirozidan keyin iste’foga chiqqani haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид

Turkiyada Markaziy bank rahbari fond bozoridagi mojaro fonida iste’foga chiqmoqchi | Vaqt.uz