Logo

«Xalq banki» eskrouga tayyorgarlikni endi boshlayaptimi?

Бугун 15:356 дақиқа

Davlat banki qurilayotgan uylar uchun eskrou tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida konsultant yollamoqda. Xizmat narxi — 13,3 mlrd so‘m, ishlar 305 kungacha cho‘ziladi. Eskrou bo‘yicha tegishli qonun qabul qilingandan taqdirda ham, yirik davlat banklaridan biri eskrou bitimlarini 2027-yil oxirida ishga tushirishi mumkin.

«Xalq banki» eskrouga tayyorgarlikni endi boshlayaptimi? © Sun'iy intelekt

Davlatga tegishli «Xalq banki» uy-joy qurilishida eskrou hisobvaraqlari bilan ishlash tizimini yaratish uchun konsultant qidirmoqda. Tegishli lot davlat xaridlari platformasida e’lon qilindi. Lotning texnik topshiriq hujjatlari tahririyat ixtiyorida mavjud.

Xarid predmeti — «AT “Xalq banki” tizimida uy-joy qurilishida loyihaviy moliyalashtirish segmentini ishlab chiqish hamda eskrou hisobvaraqlari mexanizmini joriy etish». Boshlang‘ich narx — 13,3 mlrd so‘m. Takliflarni qabul qilish 12-noyabr soat 12:26 da yakunlandi.

Texnik topshiriqqa ko‘ra, bank boshqaruvi loyihani 2026-yil 19-iyunda, Kuzatuv kengashi esa 30-iyulda ma’qullagan. Demak, bank birlamchi bozor uchun eskrouga rasmiy tayyorgarlikni shu yil yozda boshlagan bo‘lishi mumkin. Tizimni amalda sinab ko‘rish esa 2027-yilga, to‘liq ishga tushirish esa 2027-yilning oxirigacha cho‘zilish ehtimoli mavjud.

Ijrochidan nima talab etiladi?

Ish to‘rt bosqichdan iborat. Muddatlar ijrochi oldindan to‘lovni olgan kundan boshlab hisoblanadi:

•      1-bosqich (30 kungacha): operatsion model, narx belgilash metodikasi, pul oqimi modeli va kamida 30 ta o‘quv mashg‘uloti.

•      2-bosqich (31–120-kunlar): bankning avtomatlashtirilgan bank tizimi (ABT) va kredit konveyeri uchun biznes-talablar, IT-o‘zgarishlar yo‘l xaritasi va KPI ro‘yxati.

•      3-bosqich (121–240-kunlar): qaror qabul qilish tizimi. U har bir qurilish loyihasiga reyting beradi, defolt ehtimoli (PD) va yo‘qotish darajasini (LGD) hisoblaydi hamda stress-test o‘tkazadi.

•      4-bosqich (241–305-kunlar): pilot hamda Markaziy bank va Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi bilan ishlashda ko‘mak. Shuningdek, islom moliyasi mahsulotlari, sun’iy intellekt va blokcheyndan foydalanish imkoniyatlari ham o‘rganiladi.

Bank ijrochiga qat’iy talablar qo‘ygan. U O‘zbekiston va/yoki MDH davlatlaridagi tijorat banklarida eskrou operatsiyalari bo‘yicha tajribaga ega bo‘lishi kerak. Jamoada MDH davlatlarida loyihaviy moliyalashtirish va eskrouni tartibga solgan idorada ishlagan mutaxassis ham bo‘lishi lozim. Yana bir xodimda FRM, CFA, PRM yoki CAIA sertifikati talab qilinadi.

Ishlab chiqilgan barcha metodika va modellar bankka o‘tadi. Bank ulardan qo‘shimcha kelishuvsiz foydalana oladi.

Birlamchi bozor uchun eskrou: hujjatda nimalar bor?

O‘zbekistonda hozir eskrouning ikki ko‘rinishi bor. Birinchisi — 2026-yil 1-apreldan joriy etilgan ko‘chmas mulk oldi-sotdisida hisob-kitoblarni eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshirish. Ikkinchisi — hali qurilishi bitmagan uylar sotuvida qo‘llanadigan eskrou. Banklar ikkilamchi bozor uchun eskrouni allaqachon yo‘lga qo‘ygan.

Xalq banki tenderi ikkinchi turga, ya’ni birlamchi bozor — qurilayotgan uylarga tegishli. Buni texnik topshiriqdagi quyidagi bandlar ko‘rsatib turibdi:

•      Eskrou hisobvaraqlarini ochish va «ochib berish». Xaridor puli quruvchiga uy topshirilgandan keyingina o‘tkaziladi. Hujjatda bu jarayon ipoteka orqali to‘lov varianti bilan birga tasvirlanishi kerakligi yozilgan.

•      Quruvchi krediti va xaridor ipotekasi o‘rtasidagi bog‘liqlik. Quruvchiga beriladigan loyihaviy kreditni xaridorning ipotekasi bilan bog‘lash sxemasi ishlab chiqiladi.

•      Eskrou to‘lishiga qarab foiz stavkasi. Ijrochi quruvchi uchun stavkani hisoblaydigan kalkulator yaratadi. Stavka eskrou hisobvaraqlarida qancha mablag‘ yig‘ilganiga bog‘liq bo‘ladi. Bazaviy, maxsus va minimal stavkalar alohida hisoblanadi.

•      Qurilish nazorati. Obyektning jismoniy tayyorligi baholanadi, kredit pulining maqsadli ishlatilishi tekshiriladi.

•      Turarjoy majmuasining pul oqimi modeli. Quruvchilar ma’lumot kiritishi uchun shablonlar ham tayyorlanadi.

•      ABTdagi o‘zgarishlar. Eskrou hisobvaraqlarini ochish, yuritish, ochib berish va yopish hamda stavkani avtomatik qayta hisoblash funksiyalari qo‘shiladi.

•      Pilot mezonlari. Pilot uchun eskrou mexanizmini qo‘llash mumkin bo‘lgan kamida uchta uy-joy qurilishi loyihasi tanlanadi. Pilot birinchi transh berilishi bilan yakunlanadi.

•      Muammoli loyihalar. Qurilish to‘xtab qolgan holatlar uchun ish ssenariylari ishlab chiqiladi.

Davlat banki kechikdimi?

Eskrou bo‘yicha asosiy hujjat — 2025-yil 27-yanvardagi PF-11-son prezident farmoni. Farmon tizimni bosqichma-bosqich joriy etishni nazarda tutgan: 2025-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha xaridorlar pulini eskrou hisobvaraqlari orqali jalb qilish ixtiyoriy, 2026-yil 1-yanvardan esa majburiy bo‘lishi belgilangan.

Qonun hujjatlariga o‘zgartish kiritish uchun ikki oy muddat berilgan. Markaziy bank va Adliya vazirligiga uch oy ichida loyihaviy moliyalashtirish va eskrou bilan ishlaydigan tijorat banklari ro‘yxatini tasdiqlash topshirilgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi esa Markaziy bank bilan birga 1 oy ichida bank xodimlarini xorijda stajirovkadan o‘tkazishi lozim edi. «Xalq banki» texnik topshirig‘i ham asos sifatida shu farmonga tayanadi.

Biroq qonunchilik bazasini tayyorlash cho‘zildi. 2025-yil 17-dekabrda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov eskrou tizimi va elektron platforma tayyor ekani, ammo qonunchilikka o‘zgartish kiritish kerakligini aytgan.

Ayrim banklar bu orada o‘z mahsulotini ishga tushirgan. Xususan, «Ipoteka-bank» tariflarida ko‘chmas mulk qurilishini loyihaviy moliyalashtirish mahsuloti bor. Unda quruvchiga beriladigan kreditning yillik foiz stavkasi eskrou hisobvarag‘ida yig‘ilgan mablag‘ hajmidan kelib chiqib belgilanishi haqida band ham mavjud. «Xalq banki» esa aynan shunday kalkulatorni endi konsultantga buyurtma qilmoqda.

Shunga qaramay, «Xalq banki»ning harakati qonun jadvalidan unchalik ortda emas. Umuman eskrou xizmatining joriy etilishining kechikishiga asosiy sabab qonun hali kuchga kirmagani bo‘lmoqda.

Biroq yirik banklarning tayyorgarlik jarayonlari kechikishi uy-joy bozorida xaridorlarning mablag‘lari himoyasining kechikishiga olib kelish ehtimoli yo‘q emas.

Yangi qurilayotgan uy-joylar bilan bog‘liq mojarolar kamayish o‘rniga ortib borayotgani, qonun kuchga kirishi va eskrou tizimini maksimal tezroq fursatlarda ishga tushirishini taqozo qilmoqda.

Banklar tayyor emasmi yoki quruvchilar?

Bozor ishtirokchilari bir necha bor eskrouga quruvchilar emas, banklar tayyor emasligini aytgan. «Commonwealth Partnership Uzbekistan» bosh direktori Denis Sokolov 11-fevralda «Move Real Estate Summit» sammitida eskrou hisobvaraqlarini joriy etishga birinchi navbatda quruvchilar emas, mahalliy banklar tayyor emasligini ta’kidlagandi.

Bu fikr undan ancha oldin ham aytilgan. 2024-yilda «Spot» so‘rovida qatnashgan Marina Zabolotnevaning fikricha, eskrou tizimidan qochib bo‘lmaydi, ammo unga quruvchilardan ko‘ra mamlakat bank tizimi birinchi bo‘lib tayyor bo‘lishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, banklar yangi sharoitga moslashishi lozim, chunki bu jarayonda ular asosiy rol o‘ynaydi.

Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev mart oyida qonun loyihasi hukumatda ekani va Adliya vazirligi bilan kelishilayotganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha parlamentga kiritilishidan oldin quruvchi mablag‘ning qancha qismidan foydalana olishi, uy o‘z vaqtida topshirilmasa kim javob berishi, quruvchi bankrot bo‘lsa nima bo‘lishi kabi savollar hal qilinishi kerak. Qudbiyev ayrim xususiy banklar tizimni hoziroq ishga tushirishni xohlayotgani, biroq buning uchun avval qonun zarurligini qayd etgandi.

Adliya vazirligi iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Mirzayev iyul oyida yangi tizim uy-joy narxini oshirishi mumkinligini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masalani to‘rtta ilmiy tashkilot o‘rgangan. Biroq xaridor uyni ololmasa, pulini bankdan qaytarib olishi mumkin bo‘ladi.

Qonun nihoyat Senatda

Qonunchilik palatasi «Ko‘p kvartirali uylarni va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini 28-iyulda birinchi o‘qishda qabul qilgan. 10-noyabr kuni deputatlar uni ikkinchi va uchinchi o‘qishda ma’qullab, Senatga yubordi. Qonun Senat ma’qullaganidan va prezident imzolaganidan keyin unda belgilangan muddatda kuchga kiradi.

Vaqt.uz hisobiga ko‘ra, hujjat tez orada qabul qilinsa ham, tizimning to‘liq ishga tushishi 2027-yilga to‘g‘ri keladi.

Agar «Xalq banki» shartnomani yil oxirigacha imzolab, oldindan to‘lovni amalga oshirsa, pilot 2027-yil yozining oxirida boshlanishi mumkin. Bu holda loyiha shu yil kuzida yakunlanadi. Demak, eng yirik davlat banklaridan biri eskrou bilan sanoat miqyosida ishlashga qonun kuchga kirgandan keyin ham ancha vaqt o‘tib tayyor bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda qurilishi tugallanmagan uylar uchun to‘langan mablag‘larni himoya qilishga qaratilgan eskrou tizimi haqidagi qonun farmon qabul qilinganidan bir yilu o‘n oy o‘tib, endigina Senatga yuborilgani haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид