Forma, stipendiya va ishsizlik: oliy ta’limdagi asosiy savollarga javob berildi

Oliy ta’lim tizimidagi eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalar — talabalar formasi, stipendiya miqdori va bitiruvchilarning ishsizligi, tizimdagi korrupsiya holatlari. Matbuot anjumanida bu muammolar yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

Pora bilan ushlangan xodim, talabalarning hal bo‘lmaydigan forma muammosi va bahsli qarorlar. Oliy ta’lim tizimida nima o‘zgaryapti? Rektorlarni kim tayinlaydi? 15-aprel kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida shu savollarga javob berildi.

Formasiz talaba darsga kiritilmaydimi?

OTMda doimiy va muhokamadan to‘xtamaydigan mavzu — bu forma masalasi. Talabalar bilim muhim desa, muassasa rektorlari talaba forma kiyishi kerak degan aniq qoidani ro‘kach qiladi. Joriy yil fevral oyida Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida sodir bo‘lgan holat ortidan talabalarning forma kiygan holda darsda qatnashishi masalasi muhokamalar markaziga tushgan edi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida ushbu mavzu yana ko‘tarildi.

Vazir jurnalistlarning savoliga javob berar ekan, har bir oliy ta’lim muassasasi ichki tartib-qoidasi bo‘yicha o‘zlarining formaga bo‘lgan talabini qo‘yganini va bu bajarilishi kerakligini ta’kidladi.

«Oliy ta’lim muassasasi bo‘lgandan keyin ma’lum qoidalar asosida ishlashimiz kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim talabalar kiyim-bosh sabab darsga kiritilmayapti, yoki ular bilan auditoriyalarda tushuntirish ishlari olib borilyapti, degan gaplar aytilayotganini ko‘ryapmiz. Ammo talabani darsdan chetlatish yoki tashqarida qoldirish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi yoki vazirlik tomonidan hech qanday topshiriq berilmagan. Talaba albatta o‘qishga kirishi kerak. Nima masala bo‘lsa ham, buni bosqichma-bosqich tushuntirish orqali tizimli hal qilish lozim»,– dedi Sharipov.

Shuningdek, vazir bugungi kunda O‘zbekistondagi sanoqli universitetlar talabalarga universitet hisobidan forma olib berayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Stipendiya miqdori nega oshirilmayapti?

Matbuot anjumanida stipendiya masalasi ham muhokama qilindi. O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi bir kishi uchun oyiga 715 ming so‘m etib belgilangan. Shu bilan birga, oliy ta’limdagi talabalar stipendiyasi yillar davomida hali 600 ming so‘mga ham yetgani yo‘q. Xo‘sh, bunga sabab nima? Ushbu savolga Oliy ta’lim vaziri shaxsan javob berdi.

«Bizda bir muammo bor. So‘nggi to‘rt yilda kontrakt narxlari deyarli oshirilmadi (faqat bir marta 15 foizga). Agar eski tizim saqlanganida, maoshlar va xarajatlar oshgani kabi kontrakt ham oshgan bo‘lar edi. Bu holda bugun kontraktlar 88 foizga yuqori bo‘lishi mumkin edi.Hozir ayrim yo‘nalishlarda talabalar yiliga 6 million so‘m to‘layapti, ammo bir talabaga ketadigan xarajat 14 million so‘mga yetgan. Shu sababli 26 ta oliy ta’lim muassasasi dotatsiyada ishlamoqda.Yetishmayotgan mablag‘ asosan super-kontrakt orqali qoplanyapti: oddiy kontrakt to‘lovi bilan qoplanmagan qism super-kontrakt hisobidan yopilmoqda», – deydi vazir.

Mutaxassisga ko‘ra, bugungi kunda bazaviy stipendiya miqdori 569 670 so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, a’lo baholarga o‘qigan talabalaruchun 20 foizlik qo‘shimcha to‘lov nazarda tutilgan. Karantindan keyin so‘nggi to‘rt-besh yil davomida stipendiya miqdori oshirilmadi. So‘nggi marta oshirilganda esa u 10 foizga ko‘tarildi. Kelgusida ham stipendiyani bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan. O‘tgan yili bu masala yana ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hozircha aniq natija yo‘q.

Ma’lum qilinishicha, hozir O‘zbekistonda 1,5 million talaba tahsil olmoqda. Bu sakkiz yil avvalgidan to‘rt baravar ko‘p.

Qancha talaba ishsiz qoldi?

Ta’lim tizimidagi azaliy muammolardan biri — bitiruvchining ish topa olmasligi. Bir yilda 200 mingdan ortiq talaba OTMni bitirishi mumkin, lekin ularning ko‘pi ishsiz qoladi. Afsuski, bugun oliy ma’lumotli ishsizlar soni ortib bormoqda. Sohada mutaxassislar yetarli bo‘lsa-da, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ish topaolmayotgan yoshlar ham talaygina. Xo‘sh, 2025 yilda qancha oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisi ishga joylashmadi? Oliy ta’lim vazirligi ushbu savolga javob berdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda jami 238 ming nafarbitiruvchi oliy ta’limni tamomladi. Shundan 8 mingdan ortig‘i ish bilan to‘liq ta’minlanmagan.

Ta’kidlanishicha, ushbu toifadagilarning katta qismi ishga ehtiyoj bildirmagan yoki oilaviy sabablarga ko‘ra ishlashni istamagan. Bir qismi esa yuqori maoshli, o‘ziga mos ish o‘rinlarini kutib yuribdi.

Qolgan bitiruvchilarning aksariyati ishga joylashgan, bir qismixorijga o‘qish yoki ish uchun ketgan, yana bir qismi esa o‘qishni magistratura va boshqa bosqichlarda davom ettirmoqda. Shuningdek, ayrimlari turli yuridik va jismoniy shaxslar, banklar hamda o‘zini o‘zi band qilganlar sifatida bandlikka ega.

Vazirlik xodimi 100 ming dollar olayotgan vaqtida ushlandi: vazirlikdan munosabat

Xususiy oliy ta’lim muassasalariga litsenziya berish jarayoni qat’iy nazorat ostida ekani aytiladi. Biroq vazirlik xodimi 100 ming dollar olayotgan paytda qo‘lga olingani kabi holatlar fonida, ushbu jarayonda shaffoflik va korrupsiyaga qarshi samarali mexanizmlar qanchalik ta’minlanmoqda?

«Mart oyida sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz holat, ya’ni firibgarlik bilan bog‘liq holat yuzasidan aytib o‘tamanki, vazirligimiz rahbariyati va mas’ullari bu kabi holatlarga beparvo emas. Rahbariyatimiz korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasiz. Xodimlarimiz ham korrupsiyaga nisbatan qat’iy pozitsiyada.Oddiyroq qilib aytganda, ‘guruch kurmaksiz bo‘lmaydi’. Ushbu xodim bilan ham qonunchilikka muvofiq, boshqa xodimlar kabi intizomiy tartibda tegishli choralar ko‘rilgan.Shuningdek, so‘nggi yillarda vazirligimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilmoqda. 2022–2023 yillarda 47–50 ball atrofida bo‘lgan ko‘rsatkich 2024 yilda 82 ballga yetgan bo‘lsa, 2025 yil yakuniga ko‘ra 86 ballni tashkiletdi»,-deydi mutaxassis.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, 2026–2027 o‘quv yilidan magistraturaga hujjat topshirishda bakalavrni xorijiy tilda bitirganlardan til sertifikati talab qilinmaydi. Shu bilan birga, qabul shartlari ham o‘zgarishi mumkin.

Shuningdek, endi rektorlarni vazir tayinlaydi. Oliygohlar faoliyati yangi reyting tizimi asosida to‘rtta yo‘nalish kesimida baholanadi. Rektorlar tayinlovi esa vazirlik tomonidan, yuqori tashkilotlar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Qolaversa, 2025 yil 13-sentabrda Vazirlar Mahkamasining 578-sonli qaroriga ko‘ra. SAT sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar matematika va chet tili (ingliz tili) fanlari tarkibiga kiradigan yo‘nalishlarda 1200 va undan yuqori ballga ega bo‘lgan taqdirda imtihonsiz, qo‘shimcha grant asosida talabalikka tavsiya etiladi.

Mazkur tartib 2026–2027 o‘quv yilidan, ya’ni kelgusi qabul jarayonidan boshlab amaliyotga joriy etilishi rejalashtirilgan.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 39

Barchasi

Mavzuga oid