O‘zbekiston OAVlari uch yilga foyda solig‘idan ozod etilishi mumkin
Mamlakatda ommaviy axborot vositalari uchun keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlash choralari taklif qilinmoqda.

O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjatga muvofiq, 2027 yil 1-yanvardan 2029 yil 31-dekabrga qadar OAVlar uchun foyda solig‘ining nol stavkasi joriy etilishi taklif qilinmoqda.
Shuningdek, mazkur davr mobaynida O‘zbekistonga olib kiriladigan poligrafiya uskunalari, zamonaviy foto, radio va televideniye jihozlari, shuningdek, qog‘ozni bojxona bojidan ozod etish ham taklif qilinmoqda.
Davlatga qarashli davriy nashrlar daromadlari ham to‘liq soliqdan ozod etilishi mumkin.
Milliy media jamg‘armasi tashkil etiladi
Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi huzurida OAV va jurnalistika faoliyatini qo‘llab-quvvatlash milliy jamg‘armasi tashkil etiladi.
Uning asosiy moliyalashtirish manbai sifatida davlat tomonidan har yili 40 milliard so‘m subsidiya ajratilishi nazarda tutilgan.
Jamg‘arma mablag‘lari jurnalistika sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash, «Oltin qalam» mukofotini moliyalashtirish va davriy bosma nashrlarning rasmiy saytlarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Nodavlat teleradiokanallari ham tanlov asosida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar uchun moliyaviy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Jurnalistlarga qo‘shimcha rag‘batlar beriladi
Qaror loyihasida jurnalistlarni moddiy rag‘batlantirish choralari ham ko‘zda tutilgan.
Tashabbuslarga ko‘ra, har chorakda OAVda e’lon qilingan 20 ta eng dolzarb material muallifi 12,36 mln so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlanishi mumkin.
Shuningdek, har yili tahririyatlar o‘rtasidagi tanlov doirasida eng yaxshi 100 ta tahliliy material uchun 41,2 mln so‘mdan mukofot ajratish taklif etilmoqda. Yosh jurnalistlarni rag‘batlantirish maqsadida esa har yili 50 nafar talabaning kontrakt to‘lovini qoplash rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida korrupsiya muammolarini o‘rganishga bag‘ishlangan «Jurnalistik yechimlar» dasturini ishga tushirish va har yili 12 ta material uchun 61,8 mln so‘mdan grant ajratish taklif qilinmoqda.





