Urush ta’siri neft bozori bilan cheklanmadi: oltingugurt tanqisligi muammolarga sabab bo‘lmoqda
Qishloq xo‘jaligidan tortib mikrosxema ishlab chiqarishgacha bo‘lgan ko‘plab tarmoqlar uchun muhim resurs hisoblanadigan oltingugurt Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi inqiroz sabab zavodlarga yetib bormayapti.

Erondagi urush neft bozoridan ancha tashqariga chiqadigan shokni keltirib chiqardi. Ormuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovining to‘xtashi oltingugurt yetkazib berishni bloklab qo‘ydi – bu tor sohali, ammo juda muhim resurs bo‘lib, unga qishloq xo‘jaligidan tortib mikrosxema ishlab chiqarishgacha bo‘lgan ko‘plab tarmoqlar bog‘liq. Bu haqda «Financial Times» xabar berdi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, ushbu suv yo‘li orqali ta’minot zanjirlarining uzilishi «COVID-19» pandemiyasidan beri jahon sanoati uchun eng jiddiy tahdidlardan biri hisoblanadi.
Oltingugurt inqirozi: narxlar rekord darajaga chiqmoqda
Jahondagi oltingugurt eksportining qariyb 45 foizi Fors ko‘rfazi mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bo‘g‘oz bloklanishi sabab eksport deyarli falaj holatga kelgan.
Dunyodagi eng yirik iste’molchi bo‘lgan Xitoyda shu hafta oltingugurt narxi 15 foizga oshib, bir tonnasi uchun 672 dollargacha yetdi va bu rekord ko‘rsatkichga aylandi.
Muammo faqat tovarning yetishmasligida emas, balki kemalarni buyurtma qilishning ham imkoni yo‘qligidadir. Kema egalari kemalarni mintaqaga yuborishdan qo‘rqmoqda, chunki ular yoqilg‘i bilan ta’minlana olish-olmasligini bilmaydi.
«Vaziyat juda og‘ir. O‘tgan hafta biz birorta ham kelishuvni yakunlay olmadik, chunki hech kim fraxtni qanday qilib bron qilishni bilmayapti», – deya vaziyatni izohladi «London Commodity Brokers» bosh direktori Klayv Myurrey.
Kimlar zarba ostida?
1. O‘g‘itlar va oziq-ovqat xavfsizligi (oltingugurt iste’molining 60 foizi)
O‘g‘itlar ishlab chiqarish eng ko‘p oltingugurtga bog‘liq. Inqiroz mavsumning eng qizg‘in paytiga to‘g‘ri keldi. Bu vaqtda Shimoliy yarimshar fermerlari ekish ishlariga tayyorgarlik ko‘radi.
Karbamid (o‘g‘itning yana bir turi) narxi allaqachon 45 foizga oshib, bir tonnasi 700 dollarga yetdi.
Eng yirik importchilar bo‘lgan Marokash, Xitoy va Indoneziya o‘zlariga kerak bo‘lgan oltingugurtning kamida yarmini aynan Yaqin Sharqdan sotib oladi. «Scotiabank» tahlilchilari ogohlantirishicha, bu holat jahon oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmoqda.
2. Yarimo‘tkazgichlar va komputer chiplari
Sanoat gigantlari «TSMC», «Samsung» va «SK Hynix» kremniy plastinalarini tozalash uchun oltingugurt kislotasidan foydalanadi.
Oltingugurtdan tashqari yana ikki muhim resurs ta’minoti ham xavf ostida:
geliy (uning uchdan bir qismi Qatar tomonidan ta’minlanadi),
brom (uning 99 foizini Janubiy Koreya Isroildan import qiladi).
Bu esa elektronika mahsulotlari narxining qimmatlashishiga olib kelishi muqarrar.
3. Metall qazib olish (mis va nikel)
Oltingugurt kislotasi rudalardan metallarni eritib ajratish jarayoni uchun zarur.
Afrikada, xususan Kongo demokratik respublikasida yillik taxminan 3 mln tonna mis ishlab chiqarish xavf ostida qolgan.
Dunyoda nikel qazib olish bo‘yicha yetakchi bo‘lgan Indoneziya ham Yaqin Sharqdan keladigan oltingugurt importiga juda kuchli bog‘liq hisoblanadi.
Domino effekti
Butun dunyo bo‘ylab 44 000 dan ortiq kompaniya allaqachon Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali ta’minot uzilishi oqibatlarini his qildi. Eng ko‘p zarar ko‘rganlar Xitoy va Hindistondagi korxonalar bo‘ldi.
«Saudi Aramco» bosh direktori Amin Nasser vaziyatni «vayronkor mozaika» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, ta’minotning bitta kanali to‘xtab qolishi hatto bir-biriga bog‘liq emasdek tuyulgan o‘nlab tarmoqlarda domino effektini keltirib chiqaradi.





