add

825 trln so‘mdan oshgan aholi daromadi, arzonlagan un va paxta yog‘i hamda raqobat qilishga intilmaydigan banklar — 28 oktyabr dayjesti

28.10.2025 | 22:002743

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

825 trln so‘mdan oshgan aholi daromadi, arzonlagan un va paxta yog‘i hamda raqobat qilishga intilmaydigan banklar — 28 oktyabr dayjesti

Uzum aksiyalarini London fond birjasiga qo‘ymoqchi

O‘zbekistonning Uzum kompaniyasi 2027 yilda o‘tkazishni rejalashtirayotgan ilk ommaviy aksiyalar joylashtirilishiga Londonning ehtimoliy maydonchalardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda, deya xabar qilmoqda «Dunyo» axborot agentligi.

Uzum kompaniyasining hammuassisi Nikolay Seleznyov «Reuters» agentligiga bergan intervyusida London fond birjasi kompaniyaning xalqaro kapital bozoridagi debyuti uchun ko‘rib chiqilayotgan variantlar orasidaligini aytgan.

Bundan tashqari, kompaniya Nyu-Yorkdagi «Nasdaq», shuningdek, Abu-Dabi va Gonkong birjalaridagi imkoniyatlarni ham o‘rganmoqda.

Yil boshidan beri aholining umumiy daromadlari 825 trln so‘mdan oshdi

2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida aholining umumiy daromadlari 825,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, iste’mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 108,4 foizni tashkil etdi.

Joriy yilning yanvar–sentyabr holatiga ko‘ra, aholi jon boshiga umumiy daromadlar 21,8 mln so‘m bo‘lib, aholi jon boshiga umumiy daromadlarning nominal o‘sish sur’ati 116,1 foizni va real o‘sish sur’ati esa 106,3 foizni tashkil etdi.

Birja savdolarida un va paxta yog‘i narxlari pasaydi

O‘tgan hafta, ya’ni 20–26 oktyabr kunlari «O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi» AJning barcha savdo platformalarida 40 453 ta bitim tuzildi. Bu haqda birja axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarning qariyb 219,3 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi. Shuningdek, ochiq birja savdolari orqali jami 16 956 ta bitim tuzildi.

Birja savdolariga ko‘ra, o‘tgan hafta davomida bir tonna unning o‘rtacha narxi 4 mln 118,1 ming so‘mdan 3 mln 722,5 ming so‘mgacha pasaydi.

Sharof Rashidov tumani hokimi ozodlikka chiqdimi? Oliy sud rasmiy izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimida ishlagan Mahmud Xolbo‘tayev ozod etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov bu xabarlarni rad etdi.

Sobiq hokim ayni vaqtda Jinoyat kodeksining 167, 205, 206, 209, 210 va 229-4-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Abidovga ko‘ra, joriy yilning 10 iyul kunidagi jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining ajrimi bilan Mahmud Xolbo‘tayevga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, ayni paytda u tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

O‘zbekistonda banklar raqobati yetarli emas — Markaziy bank

Markaziy bank asosiy stavka bo‘yicha matbuot anjumanida banklar o‘rtasidagi raqobat masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, oxirgi 2,5 yil ichida mamlakatda birorta ham yangi bank ochilmagan, ammo mijozlar soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda.

Oxirgi marta 2023 yil may oyi boshida «Yangi bank» litsenziya olgan edi. Shu yilning avgust oyida esa «Yevroosiyo bank» litsenziyasi bekor qilingach, banklar soni 35 taga kamaydi.

Markaziy bank ma’lum bir miqdorda banklar sonini ta’minlashni maqsad qilmagan. Tashkilot uchun asosiy ustuvorlik — bozorda raqobat sifatini oshirishdir.

«Hatto mavjud banklar soni bilan ham yetarli darajada raqobatni ko‘rmayapmiz. Deyarli barcha banklar bir xil siyosat yuritmoqda. Biroq biz bu sohada o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilamiz. Men uchun banklar soni emas, raqobat muhitining sifati muhim», — deyiladi bayonotda.

Teglar

Mavzuga oid

825 trln so‘mdan oshgan aholi daromadi, arzonlagan un va paxta yog‘i hamda raqobat qilishga intilmaydigan banklar — 28 oktyabr dayjesti | Vaqt.uz