add

Tabiiy gazning 5 barobarga oshadigan me’yori, sun’iy intellekt loyihalariga 100 mln dollar va «yashirin iqtisodiyot» hissasi — 31 oktabr dayjesti

Kecha 22:062924

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Tabiiy gazning 5 barobarga oshadigan me’yori, sun’iy intellekt loyihalariga 100 mln dollar va «yashirin iqtisodiyot» hissasi — 31 oktabr dayjesti

O‘zbekiston YAIMining uchdan bir qismi «yashirin iqtisodiyot» hissasiga to‘g‘ri kelmoqda

O‘zbekistonda norasmiy va soyali iqtisodiyot ulushi yalpi ichki mahsulotning qariyb uchdan bir qismiga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida ma’lum qilindi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 1,3 kvadrln so‘m (108,7 mlrd AQSH dollari)dan oshib, real o‘sish 7,6 foizni tashkil etdi. Bu 2021 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, pandemiyadan keyingi tiklanish bosqichidan so‘nggi eng tez o‘sish hisoblanadi.

Kuzatilmayotgan (ya’ni yashirin) iqtisodiyot qiymati 433,7 trln so‘m (36,17 mlrd dollar)ga yetdi. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 33,3 foizgacha o‘sdi (yil boshida bu ko‘rsatkich 32,9 foiz edi). Norasmiy iqtisodiyot — uy xo‘jaliklari va yakka tartibdagi shaxslar faoliyatini qamrab oladi va 333,8 trln so‘m yoki 25,6 foizni tashkil etdi. Xufiyona iqtisodiyot esa 99,8 trln so‘m (7,7 foiz)ga baholandi. Demak, norasmiy sektor o‘smoqda, xufiyona sektor esa bir oz qisqargan.

Eng katta ulush qishloq, o‘rmon va baliqchilik sohalariga to‘g‘ri kelib, umumiy yashirin iqtisodiyotning 69,4 foizini tashkil etmoqda. Keyin xizmat ko‘rsatish sohasi (36,2 foiz), qurilish (35 foiz) va sanoat (10,2 foiz) keladi.

Mamlakat bo‘ylab kuchli shamol va chang-to‘zonlari kuzatilishi mumkin — O‘zgidromet

31 oktyabr kuni O‘zbekistoning bir nechta viloyatlarida shamol tezligi kuchayishi va chang-to‘zonlar kuzatilishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet ogohlantirdi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida shamol tezligi sekundiga 13–18 metrgacha yetishi mumkin. Ayrim hududlarda chang-to‘zonlar kuzatilishi ehtimoli yuqori.

Poytaxtda ham shamol tezligi sekundiga 10–12 metrgacha kuchayishi va havoda chang ko‘tarilishi kutilmoqda. Meteorologlar aholidan ehtiyot choralarini ko‘rishni, ayniqsa, ochiq havoda faoliyatni qisqartirishni tavsiya etmoqda.

Isitish mavsumida tabiiy gaz iste’molining ba’zaviy me’yori 5 barobarga oshiriladi

O‘zbekistonda aholi uchun tabiiy gaz iste’moliga tegishli bazaviy me’yor isitish mavsumida 5 barobarga oshirilib, 500 kub metrga yetkaziladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, noyabr–fevral oylarida har bir oy uchun 500 kub metrgacha, mart–oktyabrda esa 100 kub metrgacha «bazaviy me’yor» amal qiladi.

Ma’lum qilinishicha, kuz-qish mavsumida tabiiy gaz iste’moli yuqori bo‘lganligi sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida oktyabr–fevral oylarida bir oylik 500 kub metrlik «bazaviy me’yor» amal qiladi.

Qayd etilishicha, Prezident qaroriga asosan, ehtiyojmand oilalarga ishlatilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun davlat tomonidan har oyda kompensatsiya beriladi. Jumladan, elektr energiyasi uchun oyiga bazaviy me’yordan ortiq (200 kVt·soatdan keyingi) 150 kVt/soatgacha kompensatsiya beriladi. Tabiiy gaz uchun esa qish oylarida 250 kub metrgacha, boshqa oylarda 150 kub metrgacha ba’zaviy me’yordan ortiq foydalanilgan qismi uchun kompensatsiya beriladi. Ma’lumot uchun, ilgari kompensatsiyalar faqat qish oylarida amal qilgan bo‘lsa, endi yil davomida har oyda berilmoqda.

Sun’iy intellekt loyihalari uchun 100 mln dollar ajratiladi

30 oktyabrda «Sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–320-sonli prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram kanalida ma’lum qilindi. Mazkur qarordan ko‘zlangan asosiy maqsadi ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan ustuvor va startap loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirishdir.

Qarorga ko‘ra, startap loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 2026–2027 yillarda qo‘shimcha 100 mln AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratiladi. Jumladan, bu mablag‘ning 50 mln dollari davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun tatbiq etiladi. Shuningdek, qolgan 50 mln dollari esa teng ulushlarda «Fondlar fondi» va «IT Park Ventures» venchur jamg‘armalari ustav kapitaliga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining ulushi sifatida kiritilishi orqali sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatiladi.

Bu yilgi kuz-qish mavsumida 20 mln kVt elektr tejaladi – vazirlik

O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari natijasida 20 million kVt elektr energiyasi va 2,8 million kub metr gaz tejalishi kutilmoqda. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha jami 9 812 ta ko‘p xonadonli uyda ta’mirlash ishlari rejalashtirilib, bu maqsad uchun 244 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Uylarda tom, yerto‘la, fasad, kirish yo‘laklari hamda ichki muhandislik tarmoqlari yangilangan.

Shuningdek, energiya tejamkorlikni oshirish maqsadida 1,5 mingta kodli temir eshik, 14,6 ming kvadrat metr oynavand framuga va 70 mingga yaqin energiya tejamkor chiroqlar o‘rnatildi. Davlat dasturlari va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobiga yana 4 mingdan ortiq uyda qo‘shimcha ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Teglar

Mavzuga oid