add

Xitoyliklar uchun 30 kunlik viza, taqiqlangan «yolg‘onchi» chegirmalar va o‘zbekistonliklarning dollarga bo‘lgan talabi — 23 oktyabr dayjesti

23.10.2025 | 21:593513

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Xitoyliklar uchun 30 kunlik viza, taqiqlangan «yolg‘onchi» chegirmalar va o‘zbekistonliklarning dollarga bo‘lgan talabi — 23 oktyabr dayjesti

O‘zbekistonda oltin quymalari narxi keskin pasaydi

Markaziy bankning 23 oktyabr kuni e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda oltin quymalari narxi ketma-ket ikkinchi haftada pasayishni davom ettirmoqda. Barcha toifadagi quymalar bo‘yicha narxlar bir vaqtning o‘zida pastlagan.

Yangi rasmiy baholarga ko‘ra, 5 grammli oltin quymaning narxi 8 million 326 ming so‘mdan 8 million 117 ming so‘mga, 10 grammli quyma 16 million 652 ming so‘mdan 16 million 234 ming so‘mga tushgan. 20 grammli quyma narxi esa 33 million 305 ming so‘mdan 32 million 468 ming so‘mgacha pasaygan. Shu bilan birga, 50 grammli quyma 81 million 170 ming, 100 grammlisi esa 162 million 341 ming so‘mdan baholanmoqda.

Tahlilchilar fikricha, bu o‘zgarish xalqaro oltin bozoridagi dinamikaga bog‘liq. 23 oktyabr kuni oltinning jahon bozoridagi bir troy unsiyasi uchun 4 087,01 dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich so‘nggi haftalardagi pasayish jarayoni davom etayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda sun’iy «chegirmalar» taqiqlandi

O‘zbekiston hukumati 21 oktyabrda qabul qilgan qaror bilan chakana savdo qoidalariga muhim o‘zgartishlar kiritdi. Endi sotuvchilarga narxni sun’iy ravishda oshirib, keyin arzonlashtirilgan narxni «chegirma» sifatida ko‘rsatish taqiqlanadi. Bu qaror iste’molchilarni aldov reklama va manipulyatsiyadan himoya qilishni maqsad qiladi.

Yangi talablarga ko‘ra, sotuvchi faqat to‘lovdan oldingi haqiqiy narxni ko‘rsatgan taqdirdagina chegirma qonuniy hisoblanadi. Agar bu narx chegirma e’lon qilingunga qadar oxirgi 30 kun ichidagi eng past bahodan yuqori bo‘lsa, bunday holat haqiqiy chegirma deb tan olinmaydi. Bu qoida qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tashqari barcha tovarlarga taalluqli.

Ichki valyuta bozorida talab 42,7 milliard dollarga yetdi

O‘zbekiston ichki valyuta bozori 2025 yilning to‘qqiz oyida faol o‘sishni namoyon etdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy valyutaga bo‘lgan umumiy talab 42,7 milliard dollarga yetgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23,5 foizga oshgan. Valyuta taklifi esa Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda 34,4 milliard dollarni tashkil etib, 24 foizga o‘sgan.

Bozordagi valyuta taklifi asosan eksport tushumlari, xorijiy kreditlar va pul o‘tkazmalari hisobiga ta’minlandi. Eksportdan kelgan valyutaning 55 foizi ichki bozorda sotilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 22 foizga ko‘p. Shu bilan birga, banklar tomonidan xorijiy kreditlar hisobidan 6,3 milliard dollar sotilgan — 2024 yilga nisbatan 61 foizga ko‘p.

Jismoniy shaxslar ham ichki valyuta ayirboshlashda faol ishtirok etgan. Aholi 15,2 milliard dollar sotib, 8,5 milliard dollar xarid qilgan. Natijada jismoniy shaxslar operatsiyalarida 6,7 milliard dollarlik ijobiy saldo qayd etilgan. Bu asosan xorijdan kelayotgan pul o‘tkazmalari hajmining 24 foizga o‘sishi bilan izohlanadi.

O‘zbekiston Xitoy fuqarolari uchun vizasiz rejimni 30 kunga uzaytirdi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 21 oktyabrda qabul qilgan qarorga muvofiq, mamlakatga kirishda vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar ro‘yxati kengaytirildi. Yangi tartibga ko‘ra, Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Ummon, Saudiya Arabistoni va Iordaniya fuqarolari mamlakatga vizasiz kirib, 30 kungacha qolish huquqiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, Xitoy fuqarolari uchun ham vizasiz bo‘lish muddati 30 kungacha uzaytirildi. Biroq Hongkong aholisi uchun avvalgi qoida o‘zgarmasdan qoldi — ularga O‘zbekistonga vizasiz kirish 7 kungacha ruxsat etiladi.

Qarorda aytilishicha, O‘zbekiston xalqaro hamkorlik va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish maqsadida 15 davlat fuqarolari uchun xizmat (biznes) vizalarini rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirmoqda.

O‘zbekiston aholisi 38 milliondan oshdi

Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabr holatida O‘zbekiston Respublikasi aholisi soni 38 million 69,1 ming kishini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich mamlakatda aholi o‘sish sur’atlarining barqarorligini anglatadi.

Jins tarkibiga ko‘ra, erkaklar soni 19 million 172,5 ming nafarni, ayollar soni esa 18 million 896,6 ming nafarni tashkil etmoqda. Demak, aholining 50,4 foizi erkaklar, 49,6 foizi esa ayollardir.

Yashash joyi bo‘yicha taqsimotda ham nisbat o‘zgarmagan: 19,4 million kishi shaharlarda, 18,7 million kishi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Bu urbanizatsiya jarayoni izchil kechayotganini anglatadi.

Teglar

Mavzuga oid