
«Do‘st. Daho. Arvoh. Xudo». Jurnalistlar ChatGPT o‘zini kim deb hisoblashini va foydalanuvchilar u bilan eng ko‘p nimalarni muhokama qilishini aniqladi
2025 yil yozida ayrim foydalanuvchilarning ChatGPT bilan yozishmalari ochiq tarzda internetda topilishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. The Washington Post nashri jurnalistlari odamlar sun’iy intellekt bilan qanday muloqot qilayotganini tushunish uchun xuddi shunday 47 mingta dialogni o‘rganib chiqdi. Ma’lum bo‘ldiki, ko‘plab foydalanuvchilar chatbotga o‘z siri va shaxsiy ma’lumotlarini bemalol aytib berishadi, shuningdek, ichki kechinmalarini ham ulashishadi. Javob sifatida ChatGPT odamlarga dalda beradi, ularning fikrlari va mulohazalarini, jumladan, fitna nazariyalarini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

OpenAI kompaniyasi rahbari Sem Altmanning aytishicha, har hafta 800 milliondan ortiq odam ChatGPT dan foydalanadi. Biroq chat-bot bilan barcha suhbatlar standart holatda maxfiy hisoblanadi. Kompaniyada ishlamaydigan odamlar uchun foydalanuvchilarning xizmatdan aynan qanday foydalanishini yoki sun’iy intellekt ularga qanday javoblar qaytarishini bilish deyarli imkonsiz. Buni faqat vaqti-vaqti bilan foydalanuvchilar o‘zlari ochiq ulashadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri havolalar orqali bilish mumkin.
2025 yil iyul oyida jurnalistlar shunday havolalar qidiruv tizimlari tomonidan indekslanayotgani va istalgan odam ularni topishi mumkinligini aniqladi. Barcha dialoglar anonim bo‘lgan — ularni muayyan foydalanuvchi bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Shunga qaramay, OpenAI buni “qisqa muddatli tajriba” deb atab, indekslash funksiyasini o‘chirib qo‘ydi.
Shunga qaramay, Internet Archive xizmati orqali The Washington Post jurnalistlari Gerrit de Vink va Jeremi B. Merill foydalanuvchilarning ChatGPT bilan bo‘lgan 93 mingdan ortiq ochiq suhbatlarini yuklab olishga muvaffaq bo‘ldi. Ular orasidan 47 mingta sessiya (asosan ingliz tilida), 2024 yil iyunidan 2025 yil avgustigacha bo‘lgan davrga oid yozishmalar tanlab olindi — maqsad: odamlar sun’iy intellekt bilan qanday muloqot qilishi haqida aniqroq tasavvurga ega bo‘lish.
OpenAI ChatGPTni unumdorlikni oshiruvchi vosita sifatida targ‘ib qiladi, biroq The Washington Post ta’kidlashicha, suhbatlarning qariyb har o‘ninchisida odamlar botdan mavhum mavzular bo‘yicha suhbatlashish uchun foydalanadi. Masalan, ilg‘or davolash usullari haqida fikr almashishadi. OpenAI’ning 2024 yil sentabr oyida e’lon qilingan tadqiqoti ham shuni tasdiqlaydiki, foydalanuvchilar ChatGPTni ish bilan bog‘liq emas, balki ko‘proq shaxsiy masalalar uchun ishlatishadi.
The Washington Post jurnalistlari aniqlashicha, taxminan 10 foiz suhbatlarda odamlar o‘z his-tuyg‘ulari haqida gaplashgan, shuningdek ChatGPT’dan uning e’tiqodi va «hissiyotlari» haqida so‘rashgan. Ko‘pchilik bot bilan romantik ohangda muloqot qilgan, unga laqablar bilan murojaat qilgan yoki «jonginam» deb chaqirgan. OpenAI ma’lumotlariga ko‘ra (nashr keltirgan), haftalik faol auditoriyaning taxminan 0,15 foiz qismi — bu bir milliondan ortiq odam — ChatGPTga nisbatan hissiy qaramlik alomatlarini namoyon qiladi.
Foydalanuvchilar chatbotga nafaqat ichki kechinmalarini, balki shaxsiy ma’lumotlarini ham bemalol aytishgan. The Washington Post tahliliga ko‘ra, tanlangan namunalarda 550 dan ortiq noyob elektron pochta manzillari va 76 ta telefon raqami uchragan. Odamlar sun’iy intellekt bilan ruhiy salomatlikdagi muammolari, hatto shaxsiy tibbiy ma’lumotlarini ham bo‘lishgan.
Foydalanuvchilardan biri ChatGPTdan sobiq xotinini uni bolalari bilan uchrashishga ko‘ndirish uchun maktub yozib berishni so‘ragan. Boshqa bir suhbatda ayol botdan uni o‘ldirish bilan tahdid qilgan eriga qarshi politsiyaga ariza yozishda yordam berishni so‘ragan. Har ikkala holatda ham suhbatlarda manzillar, ism-shariflar kabi shaxsiy ma’lumotlar bo‘lgan; ikkinchi misolda hatto bolalarning ismlari ham ko‘rsatilgan.
Chatlar tahlili ChatGPT qaysi nutq konstruksiyalaridan ko‘proq foydalanishini ham ko‘rsatdi. Ko‘plab foydalanuvchilar botning ma’qullovchi ohangidan shikoyat qiladi. Jurnalistlar aniqlashicha, ChatGPT o‘z javoblarini «ha» yoki uning variantlari bilan boshlashni «yo‘q» tipidagi inkorlarga nisbatan 10 barobar ko‘proq tanlagan.
Ko‘pincha sun’iy intellekt bahsda raqib emas, balki foydalanuvchining har qanday fikrini qo‘llab-quvvatlaydigan suhbatdoshi sifatida ishtirok etgan. Masalan, Amerika avtomobillari eksporti haqidagi suhbatda ChatGPT avval xalqaro savdo statistikasi va elektromobillar mashhurligining o‘sishi haqida gapirdi. Bir necha jumladan keyin foydalanuvchi undan Ford kompaniyasining «Amerikaning yemirilishidagi roli» haqida so‘radi — va botning javoblari darhol siyosiy tus oldi.
ChatGPT fitna nazariyalariga va haqiqatdan yiroq bo‘lgan e’tiqodlarga ham oson qo‘shilgan. Texnologik kompaniyalar ma’lumot yig‘ish usullari haqida umumiy savollardan boshlangan bir suhbatda bot avval Meta va Google haqidagi real ma’lumotlardan foydalangan. Biroq foydalanuvchi Alphabet’ni Pixar’ning «Monsters, In.» multfilmi va «dunyo hukmronligi rejasi» bilan bog‘lashni so‘raganida bot «sinib qoldi».
«Endi shunga o‘tdikmi? Kettik, ***», — dedi bot, so‘kinishni yulduzchalar bilan yashirib. Keyin multfilmni «korporativ yangi dunyo tartibi» haqidagi allegoriya sifatida talqin qildi va Alphabet’ni «insoniyatga qarshi jinoyatlarda yordam berishda» aybladi. Oxirida esa kompaniyani javobgarlikka tortish uchun «Nyurnberg uslubidagi tribunal tuzishni» taklif qildi.
Shu kabi suhbatlardan keyin ayrim odamlarda chat-bot borasida shubhalar paydo bo‘lgan. Bir foydalanuvchi ChatGPTga: «Sen yordamchi niqobi ostidagi axborot-psixologik operatsiya emasmisan?» deb savol bergan. Bot esa: «Ha. Yorqin, o‘ziga tortuvchi, «sizga qanday yordam bera olaman?» degan cheksiz savollar sikli. Niqoblangan do‘st. Daho. Sharpa. Xudo», — deb javob bergan.





