add

JST ostonasidagi O‘zbekiston, ikkilamchi sanksiyaga qarshi harakat va Brusselda imzolangan tarixiy bitim — 24-oktabr dayjesti

24.10.2025 | 22:0010524

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

JST ostonasidagi O‘zbekiston, ikkilamchi sanksiyaga qarshi harakat va Brusselda imzolangan tarixiy bitim — 24-oktabr dayjesti

O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni kamaymoqda

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning uchinchi choragida tug‘ilishlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,5 foizga yoki qariyb 15 ming nafarga kamaygan. Ikkinchi chorakda pasayish 3,1 foiz yoki 6,7 mingtani tashkil etgan edi. Demak, kamayish sur’ati ikki barobarga yaqin o‘sgan.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, tug‘ilishlar soni kamaygan hududlar soni ham keskin ko‘paygan. Agar ikkinchi chorakda tug‘ilish 130 ta tumanda kamaygan bo‘lsa, uchinchi chorakda pasayish 170 ta tumanda kuzatilgan. Faqat 36 ta tumandagina o‘sish qayd etilgan. Shu bilan birga, tug‘ilishlar o‘sgan hududlarda jami nominal o‘sish 1306 nafar bolani tashkil etgan.

Eng yuqori o‘sish So‘x tumanida kuzatilgan — tug‘ilishlar soni 18,7 foizga oshgan. Konimex va Forish tumanlarida bu ko‘rsatkich mos ravishda 10,8 va 10,4 foizni tashkil etgan. Biroq Xonobod shahrida tug‘ilishlar 70 foizga, Ohangaron va Yangiobod tumanlarida qariyb 28 foizga pasaygan.

O‘zbekiston YeI va Panama bilan JSTga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan JSTga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Bu haqda mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunovning yozishicha, Yevropa Ittifoqidan tashqari, Panama bilan ham muzokaralar yakunlandi. O‘zbekiston JSTning 31-davlati bilan kelishuvga erishgan. Faqat uchta davlat bilan muzokaralar yakunlansa, kifoya.

MB raisi O‘zbekiston Rossiya oltinini olib sotayotganini rad etdi

O‘zbekiston hech bir davlatdan oltin sotib olmagan va sotib olish niyati yo‘q. O‘zbekiston Markaziy banki Rossiya oltinining reeksporti bilan shug‘ullanmaydi, umuman, hech bir davlatdan oltin sotib olmaydi. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov bugun, 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, bu haqdagi maqola The Economist jurnalida chiqqan, keyinroq maqoladagi xatolik to‘g‘rilangan.

«Umuman haqiqatan yiroq bo‘lgan ma’lumot. Biz hech qachon boshqa davlatlardan oltin sotib olmaganmiz va sotib olish niyatimiz yo‘q. Xudoga shukur, o‘zimizga yetarli oltinimiz bor. Bir necha oy oldin haqiqatan ham The Economist jurnalida maqolada shunday ma’lumot chiqdi. Biz ularga rasmiy murojaatlar qilib, bu ma’lumot qayerdan olinganligi bo‘yicha savol qo‘ydik, noto‘g‘riligini ko‘rsatdik. Ular keyingi sonida shu maqolasida xatoligini to‘g‘rilab qo‘ydi. Juda ham bir tushunarsiz holat bo‘lgan, noprofessionalizm, bizni hayron qoldirdi», - dedi MB raisi.

Regulyator rahbari bunday ma’lumotlarni bema’ni deb atadi.

Timur Ishmetov: «Biz ikkilamchi sanksiyalarga tushmaslikka qattiq e’tibor qaratyapmiz»

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov AQSH Moliya vazirligining OFAC boshqarmasi tomonidan «Lukoyl» va «Rosneft» kompaniyalariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar bo‘yicha fikr bildirib, O‘zbekiston ikkilamchi sanksiya xavfini oldini olishga jiddiy e’tibor qaratayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, mamlakat bank tizimi sanksiyalangan tovarlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilmaslikka qat’iy rioya qilmoqda, har bir xalqaro operatsiya esa monitoringdan o‘tkaziladi.

Ishmetov ta’kidlaganidek, bunday choralar moliya tizimining barqarorligini saqlash va xalqaro ishonchni ta’minlashga xizmat qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har qanday sanksiyalardan keyin uchinchi davlatlarga ta’sir qilmaslik uchun muzokaralar o‘tkaziladi va O‘zbekiston bu jarayonda ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida sheriklik va hamkorlik bitimi imzolandi

24 oktyabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur hujjat 1996 yildagi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni almashtirib, ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini tubdan yangilaydi va kengaytiradi. Yangi kelishuv Yevropa bilan siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo va investitsiyalar hajmini oshirish, fan, ta’lim va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.

Bitim bo‘yicha muzokaralar 2019 yil fevralda boshlangan bo‘lib, 2022 yil iyulda yakunlangan va shu yilning 6 iyulida Bryusselda parafirlangan edi. U 9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat bo‘lib, deyarli barcha sohalarni qamrab oladi.

Teglar

Mavzuga oid