add

Migrantlar uchun sug‘urta, Turdimovdan rahbarlarga nasihat va UzAuto Motorsʼni xususiylashtirishda ko‘maklashadigan AQSHliklar — 10-noyabr dayjesti

Bugun 21:551653

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Migrantlar uchun sug‘urta, Turdimovdan rahbarlarga nasihat va UzAuto Motorsʼni xususiylashtirishda ko‘maklashadigan AQSHliklar — 10-noyabr dayjesti

AQSHlik investorlar UzAuto Motorsʼning xususiylashtirish jarayonila ishtirok etadi

UzAuto Motors'ning xususiylashtirilishida AQSHlik investorlar ishtirok etadi. 6-noyabr kuni Vashingtonda o‘tgan uchrashuvda AQSH prezidenti Donald Tramp va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga kelishib oldi.

Mazkur jarayonda amerikalik investorlar UzAuto Motors'ning xususiylashtirilishida ishtirok etishni va AQSHdan 5 milliard dollarlik avto ehtiyot qismlari yetkazib berishni rejalashtirishmoqda.

Shuningdek, AQSHning Air Products shirkati O‘zbekistonda 3 milliard dollarlik metanol zavodi qurishni boshlamoqda. Kelishuvlar orasida AQSH O‘zbekistonga 22 ta Boeing samolyotini yetkazib berish va qishloq xo‘jaligi sohasiga 2 milliard dollarlik texnikalar, soya va paxta yetkazib berishga kelishgan.

Erkinjon Turdimov: «Rahbarlar to‘y va marosimlarni kamtarona o‘tkazishda o‘rnak bo‘lishlari shart»

Sirdaryo viloyatida to‘y va oilaviy marosimlarda ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikning oldini olish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarlar va mansabdor shaxslar avvalo o‘zlari jamiyat uchun kamtarlikda namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

«Eng katta masala to‘ylar, oilaviy tadbirlarni tartibga solish masalasi. Viloyatimiz butun respublika uchun namuna bo‘lishi kerak. Hech bir rahbar, hech bir mansabdor, hech bir puli ko‘p shaxs bu siyosatga xiyonat qila olmaydi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, hozir to‘ylarda ham, boshqa marosimlarda ham ortiqcha isrof, namoyishkorlik ko‘payib ketmoqda. Afsuski, ayrimlar bu bilan odamlarni hayratga solaman deb noto‘g‘ri o‘ylashadi. Odamlarni bu narsa bilan hayratga solib bo‘lmaydi », — dedi Turdimov.

«Aslida esa to‘y bellashuv emas, baxt kuni, duo kuni ekanligini ko‘pchiligimiz esimizdan chiqarib qo‘yapmiz»,— deydi hokim.

2025 yilda 11 nafar AQSH fuqarosi O‘zbekistonga davolanish uchun keldi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida AQSHdan O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni 28,6 ming nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 5,2 ming nafarga yoki 22,4 foizga oshgan.

Qayd etilishicha, amerikalik mehmonlarning asosiy qismi O‘zbekistonga sayohat maqsadida kelgan. 23,6 ming nafar fuqaro madaniy va tarixiy yo‘nalishlardagi sayohatlarni amalga oshirgan.

Shuningdek, 2,4 ming kishi xizmat safarlari doirasida, 2,1 ming nafari esa qarindoshlarini yo‘qlash uchun tashrif buyurgan.

Bundan tashqari, 395 nafar AQSH fuqarosi ta’lim olish maqsadida, 111 nafar tijorat faoliyati uchun, 11 nafar esa davolanish maqsadida O‘zbekistonda bo‘lgan.

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni ogohlantirdi

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni biologik faol qo‘shimchalarni «dori» sifatida taqdim etayotgan reklamalarga ishonmaslikka chaqirdi. 2023-2025 yillarda o‘tkazilgan xaridlar natijasida 618 ta mahsulotning 123 tasi sifat talablariga javob bermagan. 2 345 fuqarolik murojaatlaridan 337 tasi biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari bilan bog‘liq shikoyatlardir.

Raqobat qo‘mitasi aholini televizor, radio va ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarga ishonmaslikka va faqat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan, rasmiy sertifikatga ega mahsulotlardan foydalanishga chaqirdi. Shifokor bilan maslahatlashish va sog‘liqni birinchi o‘ringa qo‘yish muhim ekanligi ta’kidlanmoqda.

Migrantlar uchun sog‘liq va hayotni sug‘urta qilish tizimi joriy qilinadi

O‘zbekistonda xorijda vaqtincha ishlayotgan fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini ixtiyoriy sug‘urta qilish tizimi joriy etiladi. Migratsiya agentligi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasi asosida sug‘urta kompaniyalariga migrantlar uchun imtiyozli tariflar asosida sug‘urta xizmatlarini ishlab chiqish tavsiya etilgan. Sug‘urta shartnomasi mehnatchi ishga joylasholmasa, kasallangan yoki chet elda qiyin ahvolga tushgan hollarda to‘lovlar amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Loyihada sug‘urta qamroviga patent yoki ishlash ruxsatnomasini olishdagi kechikishlar, tibbiy yordam xarajatlari, advokat yordami uchun to‘lovlar, Vatanga qaytarish xarajatlari va fuqaroning fojiali holatda vafot etishida repatriatsiya sarflari kiritiladi. Sug‘urta javobgarligi O‘zbekiston davlat chegarasini kesib o‘tgan paytdan boshlaydi va mehnat migrantlari bilan shartnoma ularning ish faoliyati muddatiga tuziladi.


Teglar

Mavzuga oid

Migrantlar uchun sug‘urta, Turdimovdan rahbarlarga nasihat va UzAuto Motorsʼni xususiylashtirishda ko‘maklashadigan AQSHliklar — 10-noyabr dayjesti | Vaqt.uz