add

O‘rtacha maosh, moped va skuterchilar uchun xushxabar va Tramp bilan uchrashuvchi MO prezidentlari — 27-oktabr dayjesti

27.10.2025 | 23:009475

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘rtacha maosh, moped va skuterchilar uchun xushxabar va Tramp bilan uchrashuvchi MO prezidentlari — 27-oktabr dayjesti

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi oshdi – Milliy statistika qo‘mitasi

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6 mln 166,9 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,2 foizga o‘sdi. Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 10 mln 379,6 ming so‘m bilan Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,7 foizga o‘sgan. Shuningdek, bu ko‘rsatkich Samarqand viloyatida 4 mln 853,3 ming so‘m, Namangan viloyatida 4 mln 543,8 ming so‘m, Sirdaryo viloyatida 4 mln 930,8 ming so‘m, Farg‘ona viloyatida 4 mln 574,5 ming so‘m va Jizzax viloyatida 4 mln 589 ming so‘mni tashkil qildi.

Qashqadaryo viloyatida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 4 mln 270,8 ming so‘m bo‘lib, boshqa hududlarga nisbatan pastroq ekanligi kuzatildi. Shu jumladan, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 2025 yilning 3-choragida bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasida ish haqi miqdori 16 mln 828,9 ming so‘mni tashkil etib, so‘nggi besh yil ichida 9 mln 92 ming so‘mga oshganligi kuzatildi.

Shuningdek, ta’lim sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 4 mln 188,5 ming so‘mni tashkil etdi. Xususan, o‘rtacha oylik ish haqi oliy ta’lim sohasida 9 mln 513,3 ming so‘mni, texnik va professional ta’lim sohasida 4 mln 259,7 ming so‘mni, umumiy o‘rta ta’lim sohasida 4 mln 136,7 ming so‘mni, maktabgacha ta’lim sohasida esa 2 mln 771,5 ming so‘mni tashkil qilgan.

Kurerlar uchun xushxabar: O‘zbekistonda yangi toifadagi haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi

Vazirlar Mahkamasi «Transport vositalarini boshqarishga ruxsat berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi. Ushbu hujjatga muvofiq, mamlakatda moped va skuter egalari uchun haydovchilik guvohnomasi olish tartibi soddalashtiriladi hamda yangi «A1» kichik toifali guvohnoma joriy etiladi.

Yangi tartib 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Endi moped va skuterlarni boshqarish uchun mototsiklchilar uchun beriladigan «A» toifali guvohnoma talab etilmaydi. Uning o‘rniga «A1» kichik toifali haydovchilik guvohnomasini olish mumkin bo‘ladi. Eng asosiysi, «A1» toifadagi haydovchilik guvohnomasi uchun talabgorlar uchun o‘quv kurslarini majburiy tarzda o‘tash shart emas — ya’ni nazariy (180 soat) va amaliy (20 soat) mashg‘ulotlarsiz ham to‘g‘ridan to‘g‘ri imtihon topshirish huquqi beriladi. Istakka ko‘ra, o‘quv jarayonini onlayn, oflayn yoki mustaqil tayyorlanish orqali amalga oshirish mumkin.

Nazariy imtihonda 20 ta testdan 16 tasiga to‘g‘ri javob berish kifoya etadi (ilgari bu ko‘rsatkich 18 ta edi). Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganlarga «A1» kichik toifadagi haydovchilik guvohnomasi beriladi. Shuningdek, «A», «B», «C» va «D» toifali guvohnomaga ega shaxslar «A1» toifadagi transport vositalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqarish huquqiga ega bo‘ladi.

Donald Tramp Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini Vashingtonga chaqirmoqda

AQSH Kongressi a’zolari Sidni Kamlager-Dav va Bill Hyoyzenga prezident Donald Trampga rasmiy xat yo‘llab, 2015 yilda ta’sis etilgan «C5+1» diplomatik forumining 10 yilligini nishonlash maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ishtirokida sammit o‘tkazishni taklif etgan. Bu haqda kongressmen Kamlager-Davning rasmiy sayti xabar berdi.

Xatda ta’kidlanishicha, AQSHning Markaziy Osiyo mamlakatlari — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan hamkorligi uchun yaratilgan «C5+1» formati Vashingtonning mintaqadagi xavfsizlik, iqtisodiy va «muloqot orqali ta’sir» siyosatini mustahkamlaydigan muhim diplomatik maydonga aylangan.

«Prezidentning shaxsan ishtirok etishi C5+1 forumining 10 yilligini yangi diplomatik bosqichga aylantirib, AQSH va Markaziy Osiyo munosabatlariga keyingi o‘n yillik uchun aniq yo‘nalish belgilaydi», — deyiladi xatda. Qonun chiqaruvchilar sammit yakunida aniq natijalar va kelishuvlar qabul qilinishi zarurligini ham qayd etgan.

O‘zbekistonda bank aktivlari 866,8 trln so‘mga yetdi

O‘zbekiston bank tizimi barcha asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. Markaziy bank hisobotida qayd etilishicha, 2025 yil 1 oktyabr holatiga tijorat banklarining jami aktivlari 866,8 trln so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida 17 foizga o‘sgan bo‘lsa, inflyatsiya ta’siri hisobga olinganda real o‘sish 20 foizni tashkil etdi.

Jami aktivlar tarkibida 332,9 trln so‘m yoki 38 foiz xorijiy valyutadagi mablag‘larga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 43 foizni tashkil etgan edi, ya’ni valyutali aktivlar ulushining kamayishi bank sektorining dollarsizlashtirish jarayonini aks ettiradi.

Kredit portfeli yil davomida 515,6 trln so‘mdan 582,2 trln so‘mgacha oshdi. Shu jumladan, 228,7 trln so‘m (39 foiz) xorijiy valyutada berilgan kreditlardir. Nominal o‘sish 13 foizni, real hisobda esa 15 foizni tashkil etdi. Banklar jami kapitali 130,4 trln so‘mni tashkil etdi va yil davomida 19 foizga o‘sdi. Markaziy bankning ta’kidlashicha, aktivlar, kreditlar va depozitlar bo‘yicha o‘sish bank tizimining barqarorligini hamda iqtisodiyotdagi likvidlikni ta’minlab turibdi.

Nodavlat bog‘chalardagi ayrim bolalar uchun to‘lovning bir qismi davlat hisobidan qoplanadi

Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra , «Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning farzandlarini qabul qilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ushbu bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining bir qismini Davlat byudjetidan qoplab berish tartibi to‘g‘risida»gi nizom 2025 yil 23 oktyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjatga muvofiq, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan, kambag‘al oilalar ro‘yxatiga kiritilgan bolalar uchun ota-onalar to‘lovining bir qismi davlat hisobidan qoplab beriladi. Bunda bolalar ro‘yxati maxsus axborot tizimi orqali avtomatik ravishda shakllantiriladi.

Nizomga ko‘ra, kompensatsiya hududdagi 9 soatlik ish rejimidagi umumiy turdagi davlat bog‘chalari uchun belgilangan ota-onalar to‘lovining 40 foizi miqdorida ajratiladi. Bu mablag‘lar oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkaziladi.

Teglar

Mavzuga oid