Logo

Tailand xorijiy sayyohlar uchun yangi turistik yig‘im joriy etmoqchi

Бугун 13:353 дақиқа

2027-yildan mamlakatga kelayotgan sayyohlardan 450 bat (taxminan 13,5 dollar) miqdorida turistik yig‘im undirilishi mumkin.

Tailand xorijiy sayyohlar uchun yangi turistik yig‘im joriy etmoqchi © Ijtimoiy tarmoqlar

Tailand 2027-yilning o‘rtalarida mamlakatga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlardan 450 bat (taxminan 13,5 dollar) miqdorida turistik yig‘im undirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Thailand News» mamlakat Turizm va sport vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Dastlabki bosqichda ushbu yangi to‘lov faqat mamlakatga havo transporti orqali kirib kelayotgan sayyohlarga nisbatan qo‘llaniladi. Quruqlik va dengiz chegaralari orqali kiruvchilardan yig‘im undirish esa loyihaning keyingi bosqichlarida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

Avvalroq, hukumat mazkur yig‘imni 2027-yilning birinchi choragidan boshlab amaliyotga kiritishni maqsad qilgandi. Biroq tegishli hujjat tasdiqlanib, Qirollik rasmiy gazetasida chop etilganidan so‘ng, qonunchilikka ko‘ra 180 kunlik o‘tish davri talab etiladi. Aynan shu sababli loyihaning ijro muddati kechiktirilmoqda.

To‘lovning yangi tartibi va imtiyozlar

Vazirlikning so‘nggi taklifiga asosan, yig‘im miqdori sayyohning mamlakatga qaysi transport turida kelishidan qat’i nazar, bir kishi uchun bir xil – 450 bat etib belgilandi.

Ta’kidlash joizki, bu avvalgi muhokama qilingan taklifdan tubdan farq qiladi. Dastlabki loyihada havo transporti orqali keluvchilar uchun 300 bat (qariyb 9 dollar), quruqlik va dengiz orqali keluvchilar uchun esa 150 bat (taxminan 4,44 dollar) undirish ko‘zda tutilgan edi.

Vazirlik yig‘imni to‘lashning bir necha variantlarini, jumladan, to‘lovni aviabilet narxiga qo‘shish usulini ko‘rib chiqmoqda. Bundan tashqari, rasmiy veb-sayt, maxsus mobil ilova, shuningdek, aeroport va chegara o‘tkazish punktlarida o‘rnatiladigan terminallar orqali to‘lash imkoniyati ham muhokama qilinmoqda.

Quruqlik orqali tez-tez chegaradan o‘tadigan sayyohlar uchun esa alohida tartib ishlab chiqilishi kutilmoqda. Unga ko‘ra, bir oylik sug‘urta qoplamasi doirasida ko‘p martalik kirib-chiqish uchun faqat bir marta to‘lov qilish imtiyozi taqdim etilishi mumkin.

Loyiha doirasida quyidagi toifadagi shaxslarni turistik yig‘imdan ozod qilish nazarda tutilgan:

— Diplomatik va xizmat pasporti egalari;
— Tailandda ishlash uchun rasmiy ruxsatnomaga ega bo‘lgan xorijliklar;
— Tranzit yo‘lovchilar;
— Chegara hududlari uchun maxsus ruxsatnomaga ega shaxslar;
— Transport vositalarining ekipaj a’zolari;
— Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar.

Ushbu imtiyozlar ro‘yxati hali yakuniy tasdiqlanmagan bo‘lib, hozirda qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Turistlardan yig‘ilgan mablag‘lar qayerga ishlatiladi?

Turistik yig‘imdan tushadigan barcha mablag‘lar maxsus turizmni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar xorijiy sayyohlarni sug‘urtalash, mavjud turistik maskanlarni ta’mirlash, infratuzilmani yaxshilash, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini rivojlantirish, mahalliy kadrlarni tayyorlash, shuningdek, sohaga oid tadqiqot va loyihalarni moliyalashtirish uchun sarflanadi.

Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday tizim mamlakat turizm infratuzilmasini davlat budjetiga ortiqcha yuk tushirmasdan rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mazkur taklif 12-noyabr kuni Milliy turizm siyosati qo‘mitasida qayta ko‘rib chiqilishi va shundan so‘ng hukumatga yakuniy tasdiqlash uchun kiritilishi kutilmoqda. Vazirlik tomonidan o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamalarida ishtirok etganlarning 80,5 foizi turistik yig‘im joriy etilishini qo‘llab-quvvatlagan, 78,3 foizi esa aynan 450 bat miqdoridagi to‘lovga rozilik bildirgan.

Qayd etilishicha, ushbu turistik yig‘im mamlakatdan havo orqali chiqib ketuvchi barcha yo‘lovchilar, jumladan xorijliklar olinadigan 1000 bat miqdoridagi chiqish solig‘idan alohida hisoblanadi. Tailand mehmonxonalar assotsiatsiyasi oktabr oyida ushbu taklifga qarshi chiqqanidan so‘ng, Moliya vazirligi uni ko‘rib chiqishni vaqtincha to‘xtatgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailand hukumati O‘zbekiston va boshqa bir qator davlatlar sayyohlari uchun 15 kunlik vizasiz rejimni qayta joriy etishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид

Tailand xorijiy sayyohlar uchun yangi turistik yig‘im joriy etmoqchi | Vaqt.uz