
Tashqi qarzi yo‘q davlatlar: YAIMga nisbatan qarzi 5 foizdan past top-5lik
Jahon qarzi rekord darajaga chiqqan bir paytda, ayrim davlat va hududlar deyarli qarz olmasdan yashamoqda va moliyaviy barqarorlikni saqlab qolgan. Ular orasida Turkmaniston ham bor.

Jahon iqtisodiyotida davlat qarzi tez sur’atda o‘sib borayotgan bir paytda, ayrim davlatlar va ma’muriy hududlar qarz yukidan deyarli xoli ekani bilan ajralib turadi. Xalqaro valuta Jamg‘armasi ma’lumotlariga tayanilgan holda Visual Capitalist tayyorlagan reytingga ko‘ra, 2025 yilda YAIMga nisbatan davlat qarzi 5 foizdan kam bo‘lgan top-5 hudud shakllandi. Bu «qarzsiz klub» global tendensiyalardan mutlaqo farq qiladi.
Reytingda mutlaq yetakchi sifatida Xitoyning maxsus ma’muriy hududi — Makao qayd etildi. Ushbu hududda davlat qarzining YAIMga nisbati 0,0 foizni tashkil qiladi. Makao iqtisodiyoti asosan qimor o‘yinlari va turizmdan keladigan milliardlab daromadlar hisobiga shakllanadi. Yuqori budjet tushumlari hukumatga qarz olmasdan faoliyat yuritish imkonini bermoqda.
Ikkinchi o‘rinda Yevropaning yagona vakili — Lixtenshteyn joy olgan. Knyazlikda davlat qarzi YAIMning atigi 0,5 foizini tashkil qiladi. Bu mamlakat moliyaviy xizmatlar, investitsiya fondlari va korporativ ro‘yxatdan o‘tkazish markazi sifatida tanilgan. Lixtenshteynda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar soni aholidan ham ko‘p bo‘lishi uning iqtisodiy modeli qay darajada samarali ekanini ko‘rsatadi.

Reytingdagi keyingi o‘rinlar asosan Osiyo va energiya resurslariga boy davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ular orasida neft va gaz eksportidan yuqori daromad oladigan mamlakatlar ustunlik qiladi. Bunday davlatlarda budjet kamomadi kam, zaxira jamg‘armalari esa yuqori darajada saqlanadi. Masalan, Turkmanistonning tashqi qarzi YAIMning 3,2 foizini tashkil etsa, Tojikistonda bu ko‘rsatkich 22 foizga yetgan.
Neft eksportchilari uchun «qora oltin» davlat moliyasining asosiy tayanchi hisoblanadi. Yuqori energiya narxlari davrida to‘plangan zaxiralar qarzga ehtiyojni keskin kamaytiradi va iqtisodiy zarbalarga chidamlilikni oshiradi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday past qarz darajasi har doim ham yirik iqtisodiyot belgisi emas. Aksincha, ko‘p hollarda bu kichik hududlar, maxsus iqtisodiy modelga ega davlatlar yoki resurslarga boy mamlakatlarga xos holatdir. Shu bilan birga, ushbu misollar global qarz inqirozi sharoitida muqobil moliyaviy yo‘llar mavjudligini namoyon qiladi.
Avvalroq 2025 yil oktabr oyi бошига ko‘ra O‘zbekistonning davlat qarzi qariyb 5 mlrd dollarga o‘sib, 44 mlrd dollarga yetgani haqida xabar bergan edik. Bu YAIMning qariyb 30 foizini tashkil etadi.





