
Elektron ishonchnomalar muddati 3 yildan oshmasligi belgilandi
O‘zbekistonda elektron ishonchnomalarni rasmiylashtirish, o‘zgartirish va bekor qilishning yagona raqamli tartibi belgilandi.

O‘zbekistonda elektron ishonchnomalarni rasmiylashtirish bo‘yicha yangi huquqiy mexanizm joriy etildi. Bu bo‘yicha Hukumatning 25-dekabrda qabul qilingan 825-sonli qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, elektron ishonchnoma jismoniy va yuridik shaxslarning xohishiga ko‘ra so‘rovnomada ko‘rsatilgan muddatga beriladi, biroq uning amal qilish davri uch yildan oshmasligi shart. Bu cheklov ishonchnomalardan foydalanishda huquqiy aniqlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan.
Ishonch bildiruvchi elektron ishonchnomani rasmiylashtirish uchun OneID tizimi orqali Vakolat.uz platformasida ro‘yxatdan o‘tadi va belgilangan so‘rovnomani to‘ldiradi. Barcha jarayonlar raqamli shaklda amalga oshirilib, qog‘ozbozlikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Belgilangan holatlarda ishonchnoma ishonch bildiruvchi tashabbusi bilan o‘zgartirilishi mumkin. Jumladan, jismoniy shaxsning familiyasi, ismi yoki otasining ismi o‘zgarganda, yuridik shaxsning nomi yoki tashkiliy-huquqiy shakli yangilanganda, ID-karta ma’lumotlari almashganda yoki ishonchnomaning amal qilish muddati uzaytirilganda tegishli tuzatishlar kiritishga ruxsat etiladi.
Ayrim holatlarda esa ishonchnoma platforma tomonidan avtomatik ravishda bekor qilinadi. Bunday holatlarga ishonchnoma muddatining tugashi, jismoniy shaxs vafoti yoki yuridik shaxsning tugatilishi kiradi.
Elektron ishonchnomalar reyestri barcha foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘lib, hujjatlarni unikal raqam orqali qidirish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, Notarius avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali rasmiylashtirilgan ishonchnomalar reyestrga avtomatik tarzda kiritiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda 2026 yil 1-yanvardan davlat xizmatlari sohasida ishonchnoma va reyestr tizimini raqamlashtirishga qaratilgan “Vakolat.uz” elektron platformasi faoliyat boshlashi haqida xabar bergandik.





