
Dunyoda o‘zbek uraniga talab oshishi fonida «Navoiyuran» foydasi keskin oshdi
Jahon yadro uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilgacha atom energetikasi uchun global uran talabi 28 foizga o‘sishi kutilmoqda, bu esa narxlarning yanada oshish ehtimolini kuchaytiradi.

2025 yilning yanvar-sentabr oylarida «Navoiyuran» davlat korxonasining sof foydasi 3,7 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,6 foizga ko‘p.
Kompaniyaning uchinchi chorakdagi foydasi esa o‘tgan yilga nisbatan 149,2 foizga o‘sib, 1,9 trln so‘mga yetgan, deb xabar bermoqda KapDepo tahlilchilari.
Qimmatbaho resurs, qimmatlayotgan bozor
2025 yil iyun oyida «Navoiyuran» London fond birjasida 300 mln dollarlik yevroobligatsiyalarni 6,7 foizlik kupon stavkasi bilan 5 yil muddatga joylashtirgan.
Kompaniya 2026 yilning ikkinchi yarmida 10-15 foizlik aksiyalarini xalqaro va mahalliy fond bozorlarida joylashtirish orqali IPO o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Ushbu reja kompaniyaning xalqaro bozorlardagi mavqeini mustahkamlab, davlat sanoat aktivlarini investorlarga ochishda muhim bosqich bo‘lishi kutilmoqda.
Yadro bozoridagi qiziqish
So‘nggi bir yil ichida uranning xalqaro narxi rekord darajaga — bir funt uchun 83,45 dollargacha ko‘tarilgan.
Bunga asosiy sabablar sifatida AQSHning strategik uran zaxiralarini oshirish siyosati, yadroviy energetikani qayta rivojlantirish rejalari, Xitoy va Hindistondagi energiya talabining o‘sishi, investitsiya fondlarining uranga bo‘lgan qiziqishini ko‘rsatish mumkin.
Jahon yadro uyushmasi (World Nuclear Association) ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilgacha atom energetikasi uchun global uran talabi 28 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu esa uran narxlarining yanada oshish ehtimolini kuchaytiradi.
Reytinglar va xalqaro baholar
Hozirda «Navoiyuran» xalqaro kredit reytingini yangilash bosqichida.
• 2025 yil iyul oyida Fitch Ratings kompaniyaning reytingini «BB / barqaror» darajasiga oshirdi.
• 2025 yil noyabrda S&P Global Ratings tomonidan reytingning qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Bu ko‘rsatkichlar kompaniyaning moliyaviy barqarorligi va tashqi sarmoyachilar uchun ishonch darajasining ortib borayotganini anglatadi.
O‘zbekiston — dunyodagi yetakchilardan biri
OECD hisob-kitoblariga ko‘ra, jahondagi uran zaxiralari 2090 yillarga kelib tugashi mumkin. Hozirda ularning umumiy hajmi taxminan 8 million tonnani tashkil etadi. Shunga qaramay, zaxiralar juda cheklangan davlatlarda, xususan, 5 foizi Rossiyada, 3 foizi Xitoyda joylashgan, AQSH deyarli uran qazib olmaydi, to‘liq importga tayanadi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo uran sohasida dunyo yetakchisiga aylangan. Jumladan, dunyo bo‘yicha qazib olinayotgan uranning 44 foizi Qozog‘iston, 7 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.
Demak, dunyoda ishlatilayotgan har ikkinchi tonna uran aynan mintaqamizdan chiqmoqda.
Mutaxassislar fikricha, yaqin yillarda uran tanqisligi xavfi ortishi muqarrar. Bu holat, tabiiyki, uran zaxiralariga boy Qozog‘iston va O‘zbekistonning strategik ahamiyatini yanada oshiradi. Natijada mintaqadagi uran zaxiralari uchun xalqaro raqobat keskinlashishi, investorlar uchun esa yangi imkoniyatlar eshigini ochishi kutilmoqda.





