
Fermerlarga yengilliklar: 800 ta yangi paxta terish mashinasi va yangi subsidiya tizimi
Prezident Sh.Mirziyoyev paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirishni samarali tashkil etish hamda agrar sohada subsidiyalar ajratish yangi tizimi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi va yangi vazifalar belgiladi.

Taqdimotda aytilgan asosiy gaplarni keltiramiz.
Paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirish, qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlash va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga jami 29 trln so‘m ajratildi. Sohaga 2,35 trln so‘m subsidiyalar yo‘naltirildi.
O‘z mablag‘idan paxta yetishtirgan xo‘jaliklarga paxta qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratilishi natijasida 3430 fermer va klasterlar 151 ming gektar maydonda o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirdi va 1,9 trln so‘m resurs tejaldi.
Paxta yetishtirish uchun olingan kreditni joriy yil yakuniga qadar to‘liq qaytargan fermerlarga foiz to‘lovining 4 foiz bandini qaytarib berish imkoniyati tufayli 9000 dan ziyod fermer 2,5 trln so‘m imtiyozli kreditlarni muddatidan oldin qaytardi.
Kelgusi yilda paxta va g‘alla hosili, subsidiya va boshqa xarajatlarga jami 34,2 trln so‘m ajratish rejalashtirilgani.
200 mln dollar mablag‘ jalb qilinib, 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinadi.
2026 yilda agrotexnik tadbirlar, shu jumladan plenka va egiluvchan quvurlar uchun qo‘shimcha 5 trln so‘m ajratish taklif qilindi.
Hosil yetishtirishda kredit limitining 50 foizigacha foydalanganda, sotilgan paxta qiymatining 5 foizi miqdorida subsidiya ajratish taklif qilindi.
Fermerlar orasida «intizomli bo‘lish — arzon kredit» modelini shakllantirish uchun «A» kredit reytingiga ega xo‘jaliklarga 2 foizga, «B» toifadagilarga 1 foizga pasaytirilgan stavkada kredit ajratish taklif qilindi.
O‘z mablag‘i hisobidan bug‘doy yetishtirgan fermerlarga 10 foiz subsidiya ajratish tashabbusi bildirildi.
Ayni paytda qishloq xo‘jaligida 52 turdagi subsidiya ajratilmoqda. Yangi tizimda ushbu jarayon tubdan soddalashtiriladi, inson omili tubdan qisqartiriladi, byurokratiya kamaytiriladi. Arizalarni ko‘rib chiqish to‘liq raqamlashtiriladi va barcha jarayonlar «Agroportal» orqali amalga oshiriladi.
2026 yil uchun mo‘ljallangan 1,3 trln so‘mlik subsidiyalarni talabgorlar ishtiroki zarur bo‘lmagan holda davlat idoralari tomonidan proaktiv tarzda, qolgan subsidiyalar ayrim kelishish, xulosa olish va hujjatlarni rasmiylashtirish bosqichlarini chiqarib tashlagan holda soddalashtirilgan tartibda, ortiqcha ovoragarchiliksiz beriladi. Natijada subsidiya ajratish muddatlari keskin qisqaradi.
Avvalroq 2026 yildan e’tiboran fermerlar ijaraga olgan yerlarida qanday ekin ekishni o‘zlari mustaqil tanlashlari haqida xabar bergan edik.





