add

«Chalajon raqibiga pichoq sanchish»: qanday qilib «Ryanair»  muvaffaqiyatga erishdi

Kecha 11:285 daqiqa

Yo‘lovchilar «Ryanair»ni qulayliklar yo‘qligi uchun yoqtirmaydi, siyosatchilar qoidalarni buzgani uchun tanqid qiladi. Ammo investorlar uni samaradorligi uchun yaxshi ko‘radi: kompaniya daromadlilik bo‘yicha tarmoq o‘rtacha ko‘rsatkichidan uch barobar yuqori natija ko‘rsatmoqda.

«Chalajon raqibiga pichoq sanchish»: qanday qilib «Ryanair»  muvaffaqiyatga erishdi

O‘ta arzon loukoster qanday qilib dunyodagi eng yaxshi aviakompaniyalardan biriga aylangani haqida «The Economist» nashri material tayyorladi.

«To‘g‘riso‘z» va «janjalchi» — Maykl O’Liriga yillar davomida berilgan eng yumshoq ta’riflardan ayrimlari, xolos. Keyingi paytlarda «Ryanair» rahbari axborot maydonida kamroq ko‘rina boshladi. Biroq, yaqinda Ilon Mask bunga yana bir bor ishonch hosil qildi: O’Liri hali ham tortishuvga tayyor.

Dunyodagi eng boy inson loukoster samolyotlariga «Starlink» sun’iy yo‘ldoshli Wi-Fi o‘rnatishdan bosh tortgani uchun aviakompaniya rahbarini «ahmoq» deb atadi. O’Liri ham xuddi shu tarzda javob qaytardi — «Katta ahmoq» nomli chegirmali aksiyani boshladi va Maskka qo‘shimcha daromad topish imkoniyati uchun minnatdorchilik bildirdi. Mask esa «Ryanair»ni tag tubi bilan sotib olaman, deya po‘pisa qildi. Biroq u Yevroittifoq fuqarosi bo‘lmagani uchun irland aviakompaniyasini sotib ola olmaydi. Ammo agar bu imkonli bo‘lganida ham aviakompaniyaga juda yaxshi investitsiya bo‘lar edi.

ryaniar 02

So‘nggi 30 yil ichida O’Liri «Ryanair»ni zarar yoqasida turgan kichik aviakompaniyadan dunyodagi eng muvaffaqiyatli aviatashuvchilardan biriga aylantirdi. Bugun u Yevropadagi eng yirik aviakompaniya bo‘lib, 640 tadan ortiq samolyotdan iborat flotga ega va qit’aning umumiy tashish quvvatining taxminan beshdan bir qismini nazorat qiladi. 26-yanvar kuni e’lon qilingan so‘nggi choraklik hisobot prognozlariga ko‘ra, kompaniya aprel oyida yakunlanadigan moliyaviy yil davomida 208 mln nafar yo‘lovchini tashiydi. Bu loukoster segmentidagi asosiy raqiblari — «EasyJet» va «Wizz Air» ko‘rsatkichlaridan ikki-uch barobar yuqori.

Sof foyda marjasi 15 foizni tashkil etdi, bu tarmoq bo‘yicha o‘rtacha 4 foizlik ko‘rsatkichdan deyarli to‘rt barobar yuqori. 2023 yil boshidan beri kompaniya aksiyalari 130 foizga qimmatlashgan. Holbuki, bu vaqt ichida butun tarmoq o‘sishi atigi 50 foizni tashkil etdi.

Ilon Mask elektromobilni ixtiro qilmagan, ammo uni ishlab chiqarish usullarini tubdan o‘zgartirgan. Maykl O’Liri ham loukoster modelini amerikalik «Southwest Airlines»dan olgan, biroq tariflarni eng past darajada ushlab turish uchun uni mukammal holatga keltirgan. Gap faqat «Ryanair»ning yo‘lovchilarga yukdek munosabatda bo‘lishida emas. Kompaniya arzonroq va kam ommalashgan aeroportlardan foydalanadi, texnik xizmat va uchuvchilarni tayyorlash xarajatlarini qisqartirish uchun samolyotlarning faqat bitta turini — «Boeing 737»ni ekspluatatsiya qiladi va bu samolyotlarni imkon qadar uzoq vaqt havoda, maksimal yuklama bilan ishlatishga harakat qiladi.

ryaniar 05

Aynan xarajatlarga shunday nuqtali va qat’iy e’tibor qaratish kompaniya muvaffaqiyatining asosida yotadi, deydi «Aviation Strategy» konsalting kompaniyasidan Kit Makmallan.

Avtomobilsozlikdan tashqari avtonom taksilar, humanoid robotlar va boshqa loyihalar bilan chalg‘ib ketayotgan Maskdan farqli o‘laroq, O’Liri o‘z formulasiga qat’iy amal qiladi. «Bernstein» brokerlik kompaniyasi ta’kidlashicha, Yevropa aviatsiyasi investorlar uchun qiymat yo‘q qiluvchi soha sifatida nom qozongan. «Ryanair» esa bu manzarada mutlaqo alohida turadi. Ilon Mask Maykl O’Lirini «buxgalter» deb atab, uni kamsitishga uringan. Ammo aynan buxgalterlik o‘tmishi irlandiyalik rahbarga aviakompaniyaning gullab-yashnashida yordam bergan, deb hisoblaydi «Aviation» Advocacy konsaltingi vakili Endryu Charlton.

O’Liri bir necha bor o‘zini aviatsiyaning o‘ylab topilgan glamuriga mahliyo bo‘lgan «aeroseksual» emasligini ta’kidlagan. U samolyotlar umuman olganda unga unchalik yoqmasligini ham ochiq aytgan.

ryaniar 03

«Ryanair» — juda konservativ kompaniya. U aslida bitta mahsulotnigina sotadi — samolyotdagi o‘rindiq. Kompaniya hozir Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning ayrim mamlakatlariga ham parvoz qilsa-da, barcha o‘rinlarning yarmi hali-hanuz faqat uchta davlatdan — Buyuk Britaniya, Italiya va Ispaniyadan jo‘naydi.

Yo‘lovchilarga nafaqat Wi-Fi taklif qilinmaydi, o‘rindiqlari ham orqaga yotmaydi. Biroq shunga qaramay, kompaniya o‘z ko‘lamiga nisbatan juda harakatchan bo‘lib qolmoqda. Samolyotlar eng yuqori daromad keltiradigan yo‘nalishlarga tezda qayta taqsimlanadi, bu esa aeroportlar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiradi. Joriy yilda yig‘imlar oshirilishi sababli Ispaniyadagi bir qator mintaqaviy aeroportlarning o‘tkazish quvvati sezilarli darajada kamayadi.

Loukoster raqiblarining zaif tomonlaridan unumli foydalanadi. Italiyaning milliy aviatashuvchisi «Alitalia»ning 2021 yildagi qulashi (kompaniya 1999 yildan buyon zarar bilan ishlab kelgan va tarmoqdagi eng yomon ko‘rsatkichlarni namoyon etgan. 2021 yilda «Alitalia» bankrot deb e’lon qilinib, tugatilgan) «Ryanair»ga ichki bozorning 40 foizini egallash imkonini berdi. Kompaniya, shuningdek, pandemiyadan keyin skandinaviyalik raqibi — SAS zaiflashgan paytda Shvetsiya va Daniya bozorlariga o‘z vaqtida kirib bordi. «Agar raqib qon yo‘qotayotgan bo‘lsa, unga pichoq sanch», — deb ta’riflaydi «Bernstein» tahlilchisi Aleks Irving «Ryanair» strategiyasini.

ryaniar 04

Keng ko‘lam «Ryanair»ga yetkazib beruvchilar bilan muzokaralarda kuchli ta’sir vositalarini beradi. Hisoblardagi 1 mlrd yevro naqd pul va joriy yilda qarzdan to‘liq qutulish rejalari kompaniyaga og‘ir davrlarni oson yengib o‘tishga yordam berdi. Pandemiya paytida boshqalar xodimlarni ommaviy ravishda qisqartirgan bir vaqtda uchuvchilar va personalning asosiy qismini saqlab qolish aviaparvozlar tiklana boshlashi bilan bu imkoniyatdan tez foydalanish imkonini berdi. Moliyaviy barqarorlik samolyotlarni, ayniqsa «Boeing» buyurtmalarga qattiq muhtoj bo‘lgan davrda, juda qulay narxlarda xarid qilishga yo‘l ochdi.

Bugun O’Liri endi leprekon kiyimini kiyib e’tibor jalb qilishga yoki samolyotlarda tik turgan holda o‘rin joriy etish va hojatxonadan foydalanish uchun to‘lov olish niyatini bildirishga intilmaydi. Biroq uning qarama-qarshilikka asoslangan uslubi «Ryanair» aksiyadorlariga yaxshi xizmat qildi. U maosh va mehnat shartlari bo‘yicha uchuvchilar bilan dahanaki «janglar» olib bordi, chiptalar faqat «Ryanair» sayti orqali sotilishi uchun onlayn-agentliklar bilan sudlashdi va muntazam ravishda Yevropa siyosatchilariga qarshi chiqib, qo‘l yukini bepul qilish bo‘yicha «aqlsiz va noqonuniy» takliflarni keskin tanqid qildi.

«Ryanair»ning jadal o‘sishi, ko‘rinishidan, hali to‘xtamoqchi emas. 2027 yildan boshlab yetkazib beriladigan, yanada sig‘imli va iqtisodiy «Boeing 737 Max»ning 300 tagacha versiyasini qamrab olgan yirik buyurtma xarajatlarni yanada kamaytiradi va aviakompaniyani 2034 yilga borib yiliga 300 mln yo‘lovchi tashish maqsadiga yaqinlashtiradi. Yaqinda O’Liri kompaniya rahbarligida 2030-yillar o‘rtalarigacha qolishi mumkinligini aytdi. Hozircha esa Mask yoki boshqa kimdir uni bu lavozimdan chetlatishi ehtimoli juda past.

Teglar

Mavzuga oid