add

Surxondaryoda ikki tumanga yangi hokimlar tayinlandi

Bugun 17:012 daqiqa

Qumqo‘rg‘on va Oltinsoy tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi. Ulardan hududiy rivojlanish sur’atlarini jadallashtirish kutilayapti.

Surxondaryoda ikki tumanga yangi hokimlar tayinlandi

Surxondaryo viloyatida mahalliy ijro hokimiyati tizimida navbatdagi kadrlar tayinlovi amalga oshirildi. Qumqo‘rg‘on va Oltinsoy tumanlariga yangi hokimlar tayinlanib, ular oldiga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va boshqaruv samaradorligini oshirish vazifalari qo‘yilmoqda.

Farrux Omon o‘g‘li Xoliqov Qumqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlandi. U 1985 yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. Farrux Xoliqov 2009 yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 2016 yilda Bosh prokuratura oliy o‘quv kursini huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida u prokuratura organlarida turli lavozimlarda ishlagan. Xususan, Uzun va Sho‘rchi tumanlari prokurori sifatida faoliyat yuritgan. Tayinlovga qadar esa Denov tumani prokurori lavozimida ishlab kelgan. Uning huquqni muhofaza qilish tizimidagi tajribasi tumanda qonun ustuvorligi, ijtimoiy barqarorlik va tadbirkorlik muhitini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Oltinsoy tumani hokimi lavozimiga esa Otabek Rustamovich Mavlonov tayinlandi. Ushbu tayinlovga qadar u Surxondaryo viloyati Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.

Otabek Mavlyanovning investitsiya va sanoat sohasidagi tajribasi Oltinsoy tumanida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, xorijiy va mahalliy sarmoyalarni jalb etish hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan vazifalarni amalga oshirishda muhim omil sifatida baholanmoqda.

Avvalroq Sirdaryo va Namangan viloyatlarida yangi hokimlar tayinlangani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid