
Fond bozori: oktabr oyida birja hajmi pasaydi, OTC keskin oshdi
O‘zbekiston fond bozori oktabr oyida ikki alohida yo‘nalishni ko‘rsatdi. Toshkent fond birjasida umumiy savdo hajmi 28,9 foizga qisqardi, lekin bitimlar soni 14,4 foizga oshdi.

Birjadan tashqari (OTC) savdolar esa o‘tgan yilga nisbatan 2,3 baravar kengaydi. Oddiy qilib aytganda, mayda pozitsiyali yangi ishtirokchilar birjada ko‘paymoqda, yirik blok-bitimlar esa ko‘proq OTC tomonga yo‘nalgan.
Birjadagi aylanmaning 85 foizdan ortig‘i bank qimmatli qog‘ozlarida shakllandi. «Orient Finans Bank» 736,4 mlrd so‘mlik hajm bilan butun bozorning qariyb to‘rt uch qismini egalladi. «InFinBank» imtiyozli aksiyalari 60 mlrd so‘m bilan keyingi o‘rinda. Sanoat tomonda «Uz-SaeMyung» Ko 58,9 mlrd so‘m, «Oʻz-Tong Hong» 23 mlrd so‘m savdo qilishga erishdi. Korporativ obligatsiyalarda «Delta MFO» qog‘ozi 20 mlrd so‘m bilan top-10 ga kirib, qisqa muddatli, yuqori daromadli instrumentlarga talab saqlanayotganini ko‘rsatdi.
Bitimlar sonida «Kapital Sug‘urta», «Qashqadaryo Texnologik Transport», «Hamkorbank», O‘zRTXB va «Chilonzor buyum savdo kompleksi» yetakchiligi ko‘zga tashlanadi. Narxlar kesimida Qashqadaryo Texnologik Transportda sezilarli pasayish kuzatilgan bo‘lsa, «Hamkorbank», O‘zRTXB va «O‘zbektelekom»da o‘sish qayd etildi. Bu katta cheklar ko‘proq banklarda, tez-tez takrorlanuvchi mayda bitimlar esa xizmat va telekomda jamlanayotganini anglatadi.
Nego board savdosi 561,1 mlrd so‘mga yetdi, bitimlar soni 5 369 taga chiqdi. Ulushlarda «UzBAT», Texnologik Metallar kombinati va «Apex Bank» peshqadamlik qildi. Bu professional blok-bitimlar ko‘proq birja tashqarisida yopilayotganini anglatadi. Natijada, ayrim vaqtlarda birjadagi so‘nggi narxlar real yirik talab-taklifni to‘liq aks ettirmasligi mumkin, chunki asosiy hajm OTCda shakllanmoqda.
Banklararo stavkalar Markaziy bank qayta moliyalashidan o‘rtacha 6,69 punkt yuqori. Muomaladagi davlat qimmatli qog‘ozlari qoldig‘i 100,3 trln so‘m, o‘rtacha yillik daromadlilik 16,3 foiz. Demak, past xatarli aktivlarda minimal kutiladigan daromad shakllangan.
Xususiy emitentlar kapital jalb etishda aniq biznes natijalari va naqd pul oqimini ko‘rsatishi, davlat qog‘ozlari taxminan 16 foiz daromad berayotgan bo‘lsa, xususiy kompaniya investorni jalb qilish uchun bundan yuqori foiz taklif qilishi kerak. Oddiy qilib aytganda, foiz kamida 20-25 foiz atrofida bo‘lishi kerak, shunda kapital jalb qilish mantiqan oqlanadi.
Investorlar portfelining 20-30 foiz qismini tez sotiladigan aktivlarda saqlagani ma’qul (naqd, davlat obligatsiyalari, ko‘p savdo qilinadigan «blue-chip» aksiyalar). Muntazam dividend to‘laydigan kompaniyalarni portfelning «asosiy ustuni» qilish, naqd oqim barqarorligi orqali narx tebranishini yumshatadi. 6-12 oylik, yuqori foizli korporativ obligatsiyalarni kichik ulushda qo‘shish umumiy rentabellikni ko‘taradi. Portfelning bir qismini (masalan, 5-10 foizini) dollar yoki oltin bilan bog‘liq aktivlarda tutish to‘g‘ri qaror bo‘ladi.
Bozor eniga kengaymoqda, ammo yirik likvidlik selektiv, ya’ni institutsional kapitalning qaytish tezligi, foizlarning dinamikasi va emitentlar sifati keyingi chorak natijasini belgilaydi. Hozircha eng ishonchli yondashuv barqarorlik, diversifikatsiya va ehtiyotkor likvidlik boshqaruvi bo‘lib qolmoqda.





