add

«Kredit foizlari faqat asosiy stavkaga bog‘liq emas» — Markaziy bank Vaqt.uz’dagi tahliliy materialga rasmiy izoh berdi

Kecha 15:555 daqiqa

Dekabr oyida Vaqt.uz nashrida asosiy stavka pasayib borayotganiga qaramay, kreditlar nega arzonlashmagani haqidagi tahliliy material e’lon qilingandi. Markaziy bank mazkur masala yuzasidan rasmiy izoh berib, kredit foizlari shakllanishiga ta’sir etuvchi asosiy omillarni tushuntirdi.

«Kredit foizlari faqat asosiy stavkaga bog‘liq emas» — Markaziy bank Vaqt.uz’dagi tahliliy materialga rasmiy izoh berdi

18-dekabr kuni «Asosiy stavka pasayib borsa ham, nega kredit arzonlamadi» nomli sarlavha bilan tahliliy material e’lon qilingandi

Unda Markaziy bankning asosiy stavkasi 3 yil ichida 17 foizdan 14 foizgacha pasaygani, shunga qaramay, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foizlar unchalik o‘zgarmagani aytib o‘tilgan. Iste’mol kreditlari o‘sishi ortidan bu holat tizimli xavflarga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan. 

Markaziy bank ushbu materialga nisbatan rasmiy izoh berib, kredit foizlariga ta’sir qiluvchi omillar haqida tushuntirdi

Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosati inflyatsiyani pasaytirish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan holda olib borilmoqda. 

So‘nggi uch yil davomida asosiy foiz stavkaning 17 foizdan 14 foizgacha bosqichma-bosqich pasaytirilishi iqtisodiyotdagi inflyatsion bosimlarning pasayishi bilan izohlanadi. 

inflatsiya darajasi 2022 yilda 12,3 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib 7,3 foizgacha pasaydi.

Shu bilan birga, banklar tomonidan taklif etilayotgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari faqatgina Markaziy bankning asosiy stavkasi darajasiga bog‘liq holda shakllanmaydi. Kredit foiz stavkalariga bir qator omillar ta’sir qiladi.

Birinchidan, kredit foiz stavkalarining shakllanishida banklarning jalb qilayotgan resurslari bazasi qiymati muhim ahamiyat kasb etadi. Banklar asosan aholi va kompaniyalarning omonatlari hamda ichki va tashqi jalb qilingan boshqa mablag‘lar hisobidan kreditlar ajratadi. 

Mazkur resurslar bo‘yicha to‘lanadigan foizlar darajasi kredit stavkalarining past yoki yuqori bo‘lishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Xususan, 2022 yil dekabr oyida jismoniy va yuridik shaxslarning muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavka mos ravishda 20,2 foiz va 16,9 foizni tashkil etgan. 

2025 yil noyabr oyida ushbu depozitlar bo‘yicha foiz stavkalar mos ravishda 21 foiz hamda 16,4 foizni tashkil etmoqda. 

Muddatli depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining yuqoriligi aholi va yuridik shaxslarning yuqori inflyatsion kutilmalari bilan izohlanadi.

Shuningdek, inflyatsion kutilmalar kredit foiz stavkalarini belgilashda muhim omillardan biri hisoblanadi. Banklar uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha kelgusida inflatsiya darajasi yuqori bo‘lishi ehtimolini inobatga olib, real daromadlilikni saqlab qolish maqsadida o‘z foiz stavkalariga inflyatsion kutilmalarini qo‘shadi.

Ikkinchidan, bank tizimidagi raqobat darajasi va operatsion xarajatlar kredit stavkalarining shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Banklar o‘rtasidagi raqobat kuchaygan sharoitda kredit stavkalarini pasaytirish uchun imkoniyatlar kengayadi.

Banklarning infratuzilma, xodimlar, texnologiyalar va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlari ham bank mahsulotlari narxi shakllanishiga ta’sir etadi. 

Xususan, bank tizimida davlat ulushi mavjud banklarning umumiy bank tizimidagi ulushi yuqori darajada (2025 yil 1-dekabr holatiga 65 foiz atrofida) saqlanib qolmoqda.

Bu, o‘z o‘rnida, bank tizimidagi raqobat muhitini cheklamoqda. 

«O‘zbekiston-2030» strategiyasida davlat banklarining jami bank tizimi aktivlaridagi ulushini 2030 yilda 55 foizgacha pasaytirish maqsad qilingan

Uchinchidan, mamlakatda kapital bozorining yetarli darajada rivojlanmagani va uzoq muddatli, past foizli moliyaviy resurslarning cheklangani kredit foiz stavkalari shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Aholi va institutsional investorlarning uzoq muddatli jamg‘armalari cheklanganligi, kapital bozorida uzoq muddatli moliyalashtirish instrumentlarining yetarli darajada emasligi banklarning kreditlashda asosan qisqa va o‘rta muddatli, nisbatan qimmatroq resurslarga tayanishiga olib kelmoqda. 

Mazkur holat, o‘z navbatida, kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining pasayishini cheklamoqda.

Shuningdek, asosiy foiz stavkasidagi o‘zgarishlarning iqtisodiyotga ta’siri darhol emas, balki ma’lum vaqt oralig‘ida va bosqichma-bosqich namoyon bo‘ladi. 

Asosiy stavkadagi o‘zgarishlar avvalo pul bozoriga, so‘ngra bank resurslari qiymatiga va yakuniy bosqichda kredit foiz stavkalariga ta’sir ko‘rsatadi.

Xavflarni Markaziy bank nazorat qilmoqda

Regulyator ma’lum qilishicha, iqtisodiyotni kreditlash jarayonlari, jumladan iste’mol kreditlari bo‘yicha doimiy monitoring olib borilmoqda. 

Kreditlashning tez sur’atlarda o‘sishi moliyaviy barqarorlikka xatar tug‘dirishi mumkinligini inobatga olgan holda, banklar tomonidan risklarni tartibga solish, kredit portfeli sifatini yaxshilash hamda zarur hollarda makroprudensial choralarni qo‘llash amaliyoti davom ettirilmoqda.

Bu uchun 2024–2025 yillarda Markaziy bank tomonidan aholi qarz yukini maqbullashtirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida bir qator chora-tadbirlar bosqichma-bosqich joriy etildi.

Birinchi bosqich sifatida, 2024 yilda Markaziy bank tomonidan kredit va mikroqarz berishda qarz yukini hisoblash va cheklash mexanizmi belgilab berildi.

Xususan, 2024 yil 1-iyuldan boshlab kredit ajratishda qarzdorning oylik to‘lovlarining daromadga nisbati 60 foizdan oshmasligi, 2025 yil 1-yanvardan esa 50 foizdan yuqori bo‘lmasligi belgilab qo‘yildi. 

Bu mexanizm qarzdorning amaldagi barcha kreditlari bo‘yicha majburiyatlarni to‘liq hisobga olishni, kreditlashda faqat yangi to‘lovlar emas, balki mavjud to‘lovlar ham aniq inobatga olinishini ta’minladi.

Ikkinchi bosqich sifatida, 2025 yilda kredit summasining garov qiymatiga nisbati bo‘yicha talablar belgilandi.

Mazkur hujjatga ko‘ra, avtokreditlarda kredit summasining garov qiymatiga nisbati 75 foizdan oshmasligi, ipoteka kreditlarida esa bu nisbat Iqtisodiyot va moliya vazirligining mablag‘lari hisobidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka krediti bo‘yicha 85 foiz, boshqa ipoteka kreditlari bo‘yicha 80 foizdan yuqori bo‘lmasligi talab etildi.

Uchinchi bosqichda “Banklarga o‘rnatiladigan makroprudensial normativlar hamda ular tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha to‘lovlarning eng yuqori qiymatlariga doir talablar to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarori bilan bir qator talablar joriy etilmoqda va 2026 yil 21-yanvardan kuchga kirishi kutilmoqda.

Bunda joriy yildan boshlab banklar tomonidan kredit tavakkalchiligini kamaytirish va aholi qarz yuki darajasini maqbul darajada saqlab turish maqsadida qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichiga (Debt-to-income) doir talab amaliyotga kiritilmoqda. 

Unga ko‘ra, kreditning daromadga nisbati ko‘rsatkichining qiymati qarz oluvchi daromadining sakkiz baravaridan oshmasligi kerak.

Qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichi — kredit bo‘yicha asosiy qarz miqdorini qarz oluvchi o‘rtacha oylik daromadi miqdoriga bo‘lish orqali aniqlanadi. 

Mazkur ko‘rsatkich faqatgina iste’mol kreditlari, mikroqarzlar va kredit kartalari (overdraftlar) taqdim etilganda hisoblanishi belgilanmoqda. 

O‘z navbatida mazkur talab yakka tartibdagi tadbirkorlarga beriladigan kreditlar hamda ta’lim kreditlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shu tariqa, regulyator kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari pasaymaganini bir qator bozor va institutsional omillar bilan izohladi.



Teglar

Mavzuga oid