
«Roskomnadzor» «Telegram»ni to‘liq bloklashni boshladi
Rossiyada «Telegram» ishi yanada cheklanishi mumkin: manbalarga ko‘ra, «Roskomnadzor» sekinlashtirish bilan cheklanmay, messenjerni to‘liq bloklash ssenariyini ko‘rib chiqmoqda.

Rossiyada «Telegram»ga nisbatan davlat bosimi yangi bosqichga chiqmoqda. «RBK» manbalarining xabar berishicha, «Roskomnadzor» messenjer ishini yanada kuchliroq cheklash, zarurat tug‘ilsa, uni to‘liq bloklash choralarini ham ishlab chiqmoqda. Foydalanuvchilar «Telegram»dagi uzilishlardan ilk bor 9-fevral kuni ommaviy ravishda shikoyat qila boshladi.
Ikki manbaning aytishicha, 10-fevral kuni «Telegram» faoliyatini «qisman cheklash» bo‘yicha texnik choralar qo‘llanishi mumkin. Yana bir suhbatdosh esa sekinlashtirish amalda allaqachon boshlanganini ta’kidlagan. Shikoyatlar asosan foto va videolarning yuklanmasligi, xabarlarning kech yetib borishi bilan bog‘liq.
Jurnalist va «Kripta» kitobi muallifi Andrey Zaxarovga ko‘ra, «Telegram» yaqin kunlarda shunchalik sekinlashtiriladiki, u orqali oddiy matnli xabar yuborish amalda imkonsiz bo‘lib qolishi mumkin.
Hozircha rasmiy izohlar yo‘q
Davlat Dumasining axborot siyosati qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Aleksandr Yushchenko «TVS» telekanaliga bergan izohida qo‘mita darajasida «Telegram»ni sekinlashtirish masalasi muhokama qilinmaganini bildirdi. Uning aytishicha, «Roskomnadzor» faqat qonunchilikka oid da’volar yuzaga kelgan taqdirda bloklash choralarini qo‘llashi mumkin.
Shu bilan birga, Zaxarovning ta’kidlashicha, «Telegram»ga nisbatan cheklovlar yangi emas. 2025 yil avgust oyida «Roskomnadzor» messenjerdagi ovozli qo‘ng‘iroqlarni cheklagan, rasmiy sabab sifatida esa firibgarlik va terrorizmga qarshi kurash ko‘rsatilgan edi. So‘nggi kunlarda esa hatto kichik fayllar ham qiyinlik bilan yuklanayotgani kuzatilmoqda.
9-fevral kuni ertalab Telegram ishidagi uzilishlar ommaviy tus oldi. «Downdetector» va «Sboy.rf» platformalariga turli hududlardan yuzlab shikoyatlar kelib tushgan. Muammolar Android, iOS va desktop tizimlarida qayd etilgan.
Avvalroq, 2025 yil oxiriga kelib «WhatsApp» Rossiyada deyarli to‘liq sekinlashtirilgan, Telegram esa hanuzgacha asosiy funksiyalarni saqlab qolgan edi. Endi esa «Telegram» ham to‘liq bloklanish xavfiga duch kelmoqda. Bu esa axborot maydonida, biznes kommunikatsiyalar va raqamli reklama bozorida jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.





