
Dunyoda yangilik o‘qishdan voz kechayotganlar soni keskin ortmoqda
04.09.2025 | 11:4530193
Shu yil sentyabr oyiga kelib yangiliklar saytida kirishni to‘xtatgan internet foydalanuvchilari ulushi 40 foizga yetdi. Odamlar ortiqcha xavotir, uzluksiz salbiy ma’lumot va cheksiz axborot oqimidan qochish uchun yangiliklarni o‘qimaslikni afzal ko‘rmoqda.

Oksford universiteti qoshidagi Reuters institutining so‘rovnomasiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha internet foydalanuvchilarining 40 foizi yangiliklarni o‘qishdan voz kechgan. AQSHda 42, Buyuk Britaniyada esa 46 foizni tashkil etgan. Solishtirish uchun bu ko‘rsatkich 2017 yilda 29 foiz bo‘lgan.
Tadqiqotda ishtirok etganlar yangiliklardan voz kechish sababini asosan salbiy kayfiyat, uzluksiz urush va falokatlar xabari, ortiqcha ma’lumot oqimi va ularni nazorat qila olmaslik hissi bilan izohlashgan.
Mardett Berr, AQSHning Arizona shtatida istiqomat qiluvchi pensioner, sakkiz yil oldin yangiliklarni mutlaqo o‘qishdan to‘xtaganini va shu vaqtdan buyon xavotirdan xoli bo‘lganini aytgan. Britaniyalik marketing mutaxassisi Julian Berret esa pandemiyadan beri OAVdan uzilishga harakat qilib, hatto Reddit'da maxsus hamjamiyat ochgan.
Minnesota universiteti qoshidagi Jurnalistika markazi direktori Benjamin Toff so‘nggi yillarda «yangiliklardan qochish» tendensiyasi yoshlar, ayollar va daromadi past aholi qatlamlari orasida ko‘proq kuzatilayotganini ta’kidlagan. Uning fikricha, yangiliklarni mutlaqo chetga surish ijtimoiy ishtirok va siyosiy jarayonlarda faollikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bilan birga, mutaxassislar yangiliklardan butunlay voz kechmasdan, ularni me’yorida o‘qish va salbiy ta’sirini kamaytirish uchun maxsus cheklovlar joriy qilishni tavsiya etmoqda. Masalan, kunning ma’lum vaqtlarida yangiliklar bilan tanishish yoki ortiqcha videolardan voz kechish inson ruhiyatiga yengillik berishi mumkin.





