add

«Bo‘linishni oldini olish uchun». Japarov Tashiyevni nega ishdan olganini tushuntirdi

Bugun 20:203 daqiqa

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev bilan birga uning bir nechta o‘rinbosarlari ham lavozimidan ozod qilindi.

«Bo‘linishni oldini olish uchun». Japarov Tashiyevni nega ishdan olganini tushuntirdi © Фото: president.kg

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Qamchibek Tashiyevni Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod qilish bo‘yicha qarorini sharhladi.

«Bu qadamning asosiy maqsadi davlat birligini mustahkamlash va jamiyatda, shu jumladan davlat organlari o‘rtasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan bo‘linishlarni oldini olishdir», – degan Sadir Japarov.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qaror «davlat manfaatlari uchun» qabul qilingan va barqaror hamda muvofiq siyosiy muhitni yaratishga qaratilgan.

Prezident matbuot kotibi Askat Alagozovning ma’lum qilishicha, jamiyatda bo‘lishi mumkin bo‘lgan bo‘linishlarni oldini olish haqida gap Tashiyevga tegishli emas.

«Prezident o‘z bayonotiga qo‘shimcha qilib shunday dedi: Bekbolot Talgarbekov, Emilbek Uzakbayev va boshqalar Qamchibek Tashiyev nomidan foydalanib, Jogorku Kenesh deputatlariga, jamoat arboblariga va intelligensiya vakillariga qo‘ng‘iroq qilib turli harakatlarga undagan.

General tomonga o‘ting, buni imzolang, shunday qilalaylik, deyishgan. Shunday qilib, ular o‘z harakatlari bilan jamiyatda, jumladan davlat strukturalarida mas’uliyatli lavozimlardagi shaxslar orasida salbiy vaziyat paydo bo‘lishi uchun sharoit yaratgan», – degan Sadir Japarov.

U o‘z bayonotida, Qamchibek Tashiyevni lavozimdan ozod qilish haqidagi dastlabki bayonot ba’zi shaxslar tomonidan noto‘g‘ri tushunilgan yoki bo‘rttirilganini qo‘shimcha qildi.

Tashiyevning o‘rinbosarlari ham ishdan olindi

Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyatining ma’lum qilishicha, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasidagi ishdan olishlar Tashiyev bilan tugamagan. Rahbarining bir qator o‘rinbosarlari lavozimlaridan ozod qilindi. Bular:

Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Qurvanbek Avazov;

Qo‘mita raisi o‘rinbosari – Kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtirish markazi direktori Daniel Risaliyev;

Qo‘mita raisi o‘rinbosari Elizar Smanov.

Shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Rustam Mamasaddiqov va Chuy viloyati Kemin tumani xokimi Kutpidin Shakirov ham lavozimidan ozod qilindi.

Tashiyevning o‘rniga Jumgalbek Shabdanbekov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi qilib, Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimidan olingan Rustam Mamasaddiqov esa Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining birinchi raisi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Tashiyev qayerda?

Odatda OAVda tez-tez ko‘rinib turadigan Qamchibek Tashiyev o‘z iste’fosi bo‘yicha hozircha biron bir bayonot bermadi. «Azattыk» Qirg‘izistonning Yevropa mamlakatlaridagi diplomatik muassasalaridan biriga tayanib, Tashiyev Germaniyada davolanayotgani haqida xabar berdi. Qayd etilishicha, u Myunxendagi klinikalardan birida davolanmoqda.

Bundan avval bir qator OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Qamchibek Tashiyev mamlakatdan tashqarida bo‘lgan paytda uni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan olib tashlangani haqida ma’lumot tarqalgan edi.

Prezident saylovi yaqinmi?

«24.kg»ning yozishicha, Shu kuni prezident Sadir Japarov va Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turgunabek uuluga mamlakat prezidenti saylovini zudlik bilan tashkil etishni so‘rab kollektiv murojaat yo‘naltirilgani ma’lum bo‘lgan. Hujjatga olimlar, sobiq vazirlar, sobiq deputatlar va jamoat arboblari – jami 75 kishi imzo chekkan.

Jamoat arbobi Bekbolot Talgarbekov «Azattыk»ga ma’lum qilishiga qaraganda, u ushbu tashabbusning asosiy ishtirokchilaridan biri. Uning fikricha, prezident vakolat muddati tugagan yoki tugamaganligi bo‘yicha bahslar beqarorlikka olib keladi va boshqa siyosiy kuchlar budan foydalanishi mumkin. Shu bois, hukumat rahbarlari tashabbusni o‘z qo‘llariga olishi va saylovlarni iyun–iyul oylariga tayinlashi kerak.

Bugun, 10-fevral kuni Qirg‘iziston prezidenti tomonidan Kamchibek Tashiyevning Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidagi vakolatlari muddatidan oldin to‘xtatilishi to‘g‘risida farmon e’lon qilindi.

Teglar

Mavzuga oid