
Mirziyoyev Xitoy kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
02.09.2025 | 15:0042393
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoyning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashib, investitsiya va hamkorlik loyihalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 sentyabr kuni Xitoyga rasmiy tashrif doirasida mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv ishbilarmonlik dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, unda ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbirda «China Gold», «China Coal Resources», «China Datang Corporation», «Tianjin Rail Transit Group», «Poly Changda», «Tianjin Urban Construction», «Jinchuan Group», «China Synfuels», «ST Wonderful», «Mizuda», «World Agriculture», «Dongzhu Ecology» kabi yirik korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy biznesining O‘zbekistonga qiziqishi yuqori darajada ekanini ta’kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida ikki davlat o‘rtasidagi investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshgan.
Uchrashuvda energetika, geologiya, kimyo, qishloq va suv xo‘jaligi, zargarlik sanoati hamda jamoat transportini modernizatsiya qilish yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma loyihalar muhokama qilindi. Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish va turizm sohalarida hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston va Xitoy kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat ikki davlat iqtisodiyotiga, balki mintaqaviy rivojlanishga ham katta turtki berishi mumkin.





