add

Uitkoff–Ushakov suhbati: Tramp va Putin muloqoti ortidagi sirlar ochildi

Kecha 21:4214596 Daqiqa

Uitkoff Kremlga Tramp bilan qanday muloqot qilish bo‘yicha maslahat bergan, Dmitriyev esa Moskvaning tinchlik rejasi yuzasidan talablarini AQSHga norasmiy tarzda yetkazgan. Bloomberg amaldorlarning telefon suhbatlari yozuvlarini e’lon qildi.

Uitkoff–Ushakov suhbati: Tramp va Putin muloqoti ortidagi sirlar ochildi


AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff oktabr oyida Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovga Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha tinchlik kelishuvini birgalikda ishlab chiqishni taklif etgan. Bu haqda Bloomberg agentligi ma’lum qildi. Agentlik 25-noyabr kuni Uitkoff va Ushakov o‘rtasida 14-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbatining batafsil yozuviga asoslangan keng qamrovli maqolani, keyinchalik esa to‘liq matnini e’lon qildi. Nashr yozuvni qayerdan olganini aniqlashtirmagan.

Besh daqiqadan ortiqroq davom etgan suhbat davomida Uitkoff Ushakovga Rossiya prezidenti Vladimir Putinni chuqur hurmat qilishini bildirgan. Uning aytishicha, u AQSH prezidenti Donald Trampga Rossiyaning doimo tinchlik kelishuviga intilganiga ishonishini aytgan. Uitkoff tinchlikka erishish uchun Donetsk va ehtimol boshqa hududlarni almashtirishga to‘g‘ri kelishini tushunishini ta’kidlagan. 

Shuningdek, suhbat mobaynida Ushakov Uitkoffdan Tramp va Putin o‘rtasidagi telefon suhbati «foydali» bo‘ladimi, deb so‘ragan. Uitkoff ijobiy javob berib, Ushakovga bir nechta tavsiyalar bergan — u Putinning Trampni G‘azo bo‘yicha tinchlik kelishuvi bilan tabriklab, Rossiya uni qo‘llab-quvvatlaganini va u AQSH prezidentini tinchlikparvar inson sifatida hurmat qilishini aytishini maslahat bergan. 

Bundan tashqari, Trampning maxsus vakili suhbatda yaqin orada Oq uyga Ukraina prezidenti Voladimir Zelenskiy tashrif buyurishini ta’kidlab, Putin bu uchrashuvdan oldin Tramp bilan gaplashishini taklif qilgan. Ushbu suhbatning to‘liq matnini Bloomberg keltirgan ko‘rinishda e’lon qilamiz. 

Ushakov va Uitkoff suhbati 

Uitkoff: Salom, Yuriy. 

Ushakov: Ha, Stiv, salom, ishlar qalay? 

Uitkoff: Yaxshi, Yuriy. O‘zingiz qalaysiz?

Ushakov: Yaxshi. Tabriklayman, do‘stim. 

Uitkoff: Rahmat.

Ushakov: Sen ajoyib ish qilding. Haqiqatan ham a’lo darajada. Senga katta rahmat. Rahmat, rahmat. 

Uitkoff: Rahmat, Yuriy, qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun minnatdorman. Mamlakatingiz buni qo‘llab-quvvatlaganidan xabardorman va buning uchun sizga tashakkur aytaman.

Ushakov: Ha, ha, ha. Ha. Sen bilsang kerak, shuning uchun ham birinchi Rossiya-Arab sammitini to‘xtatib qo‘ydik.

Uitkoff: Ha.

Ushakov: Ha, chunki biz sizlar bu mintaqada chinakam ish olib boryapsiz deb hisobladik.

Uitkoff: Eshit. Men senga bir gap aytaman. Agar biz Rossiya-Ukraina masalasini hal qila olsak, hamma xursandchilikdan sakrab ketadi.

Ushakov: Ha, ha, ha. Ha, faqat bitta muammoni hal qilish kerak (kuladi).

Uitkoff: Qaysi muammo?

Ushakov: Rossiya-Ukraina urushi.

Uitkoff: Bilaman! Buni qanday hal qilamiz?

Ushakov: Do‘stim, men faqat sening maslahatingni olmoqchiman. Boshliqlarimiz telefonda gaplashsa, foydali bo‘ladi deb o‘ylaysanmi?

Uitkoff: Ha, menimcha, ha

Ushakov: Ha. Seningcha, bu qachon amalga oshishi mumkin?

Uitkoff: O‘ylaymanki, siz taklif qilishingiz bilanoq boshlig‘im tayyor bo‘ladi.

Ushakov: Yaxshi, yaxshi.

Uitkoff: Yuriy, Yuriy, mana men nima qilgan bo‘lardim. Maslahatim.

Ushakov: Ha, marhamat.

Uitkoff: Men shunchaki qo‘ng‘iroq qilib, prezidentni bu yutuq bilan tabriklayotganingizni, buni qo‘llab-quvvatlayotganingizni, uni tinchliksevar inson sifatida hurmat qilishingizni va uning faoliyati natijalaridan chin dildan xursand ekaningizni eslatib qo‘ygan bo‘lardim. Men shunday degan bo‘lardim. Menimcha, shundan keyin suhbat juda yaxshi kechadi.

Chunki — qara, prezidentga nima deganimni aytib beray. Men unga siz, Rossiya Federatsiyasi, doimo tinchlik kelishuvini xohlashingizni aytdim. Men bunga ishonaman. Men prezidentga bunga ishonishimni aytdim. Va menimcha, muammo shundaki, bizda murosaga kelishi qiyin bo‘lgan ikkita davlat bor, lekin biz kelishuvga erishganimizda tinchlik kelishuviga ega bo‘lamiz. Hatto, G‘azoda bo‘lgani kabi 20 banddan iborat tinchlik taklifini tuzishimiz ham mumkindir. Biz tinchlik uchun Trampning 20 banddan iborat rejasini ishlab chiqdik va o‘ylaymanki, biz siz bilan ham xuddi shunday qilishimiz mumkin. Xullas...

Ushakov: Yaxshi, yaxshi, do‘stim. Menimcha, yetakchilarimiz aynan shu masalani muhokama qilishlari mumkin. Stiv, men sening fikringga qo‘shilaman, u [Putin] tabriklaydi, janob Tramp haqiqiy tinchlikparvar ekanini aytadi va hokazo. Buni u aytadi.

Uitkoff: Lekin ajoyib bo‘ladigan yana bir narsa bor.

Ushakov: Xo‘sh-xo‘sh.

Uitkoff: Agar, agar... quloq sol...

Ushakov: Men buni boshlig‘im bilan muhokama qilaman-da, keyin senga javob beraman. Xo‘pmi?

Uitkoff: Ha, chunki gaplarimni eshit. Men shunchaki buni aytishingni xohlayman, balki buni prezident Putinga aytarsan, chunki bilasan, men prezident Putinni chuqur hurmat qilaman.

Ushakov: Ha, ha.

Uitkoff: Balki u prezident Trampga shunday der: bilasanmi, Stiv va Yuriy tinchlik bo‘yicha 20 banddan iborat juda o‘xshash rejani muhokama qilishdi va bu vaziyatni biroz bo‘lsa-da, o‘lik nuqtadan siljitishi mumkin. Biz tinchlik kelishuvi uchun nima kerakligini tushunib olish uchun bunday narsalarga ochiqmiz.

Endi bu gap o‘rtamizda qolsin: men tinchlik uchun nima kerakligini tushunaman — Donetsk va, ehtimol, yana qandaydir hududlarni almashish. Ammo quloq sol, bunday gapirishdan ko‘ra, keling, ko‘proq ijobiy ohangda gapiraylik, chunki shunday qilsak, kelishuvga erishamiz deb o‘ylayman. Va o‘ylaymanki, Yuriy, prezident menga kelishuvga erishish uchun ko‘p erkinlik va vakolatlar beradi. 

Ushakov: Tushunaman...

Uitkoff: Shunday qilib, agar biz bunday imkoniyatni yarata olsak — men Yuriy bilan gaplashdim va biz buni muhokama qildik, deb — menimcha, bu katta rivojlanishga olib kelishi mumkin.

Ushakov: Yaxshi, eshitilishi yomon emas. Yomon emas.

Uitkoff: Yana bir narsa — Zelenskiy juma kuni Oq uyga keladi.

Ushakov: Bilaman (kuladi).

Uitkoff: Men bu uchrashuvda qatnashaman, chunki mendan shuni xohlashadi, lekin agar iloji bo‘lsa, sening xo‘jayining bilan juma kungi uchrashuvgacha qo‘ng‘iroqlashuv o‘tkazish kerak, deb o‘ylayman.

Ushakov: Demak, ungacha, shundaymi?

Uitkoff: To‘g‘ri.

Ushakov: Yaxshi, yaxshi. Maslahatingni inobatga olaman. Unda boshlig‘im bilan maslahatlashib, senga xabar beraman, xo‘pmi?

Uitkoff: Mayli, Yuriy, ko‘rishguncha.

Ushakov: Juda soz, juda soz. Katta rahmat. Rahmat.

Uitkoff: Xayr-xayr.

Ushakov: Xayr.

Bloomberg ta’kidlashicha, Uitkoff va Ushakov Tramp Falastin-Isroil mojarosi bo‘yicha tinchlik kelishuviga erishgani va HAMAS garovga olgan kishilarni ozod qilganidan ko‘p o‘tmay suhbatlashgan.

Ushakov, chamasi, Uitkoffning ayrim maslahatlarini inobatga olgan. Tramp 16-oktabr kuni Putin bilan o‘tkazgan suhbatdan so‘ng shunday degan: «Prezident Putin meni va Qo‘shma Shtatlarni Yaqin Sharqda tinchlikka erishish borasidagi ulkan muvaffaqiyatimiz bilan tabrikladi». Ushakovning o‘zi jurnalistlarga aytishicha, Putin suhbatni «Donald Trampni G‘azo sektoridagi vaziyatni normallashtirishdagi muvaffaqiyati bilan tabriklashdan boshlagan».

Ushbu suhbatdan keyin Uitkoff AQSHda Rossiya prezidentining xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan uchrashgan (Dmitriyevning o‘zi 24-oktabrdan boshlab Mayamida uch kun bo‘lganini tasdiqlagan).

«29-oktabr kuni Dmitriyev va Ushakov telefon orqali gaplashib, Moskva tinchlik taklifida o‘z talablarini qay darajada qat’iy qo‘yishi kerakligini muhokama qilishgan», - deb yozadi Bloomberg tahlil qilgan boshqa bir yozuvda.

 Mazkur suhbatda Ushakov Rossiya «maksimal darajada» talab qo‘yishi kerakligini aytadi va AQSH istalgan taklifni noto‘g‘ri talqin qilishi va nimanidir olib tashlab, keyin esa kelishuvga erishganini e’lon qilishidan xavotir bildiradi. 

Dmitriyev bunga javoban hujjatni AQSH bilan norasmiy tarzda bo‘lishishni taklif qiladi va Tramp ma’muriyati Rossiya versiyasini to‘liq qabul qilmasa-da, hech bo‘lmaganda unga juda yaqin bo‘lgan nimadir qilishiga ishonch bildiradi. Dmitriyev, shuningdek, Ushakovga hujjatni keyinroq «Stiv» bilan muhokama qilish mumkinligini aytadi. Bu suhbat quyidagicha kechgan.

Ushakov va Dmitriyev suhbati

Ushakov: Allo.

Dmitriyev: Yuriy Viktorovich. 

Ushakov: Ha, Kirill Aleksandrovich, men u yoqqa hamma narsani jo‘natib bo‘ldim. Ertaga o‘sha yerda gaplashamiz.

Dmitriyev: Juda soz, juda soz, ha, ha, ha. Men Saudiya Arabistoniga uchib ketdim, lekin menga juda muhim tuyulyapti, ha, chunki bu oldinga siljishning juda yaxshi yo‘li.

Ushakov: Xo‘sh, bizga imkon qadar ko‘proq kerak, sen nima deb o‘ylaysan?

Dmitriyev: Yo‘q, qarang. Menimcha, mana bu hujjatni shunchaki o‘z pozitsiyamizda tayyorlaymiz va men bularning barchasi norasmiy ekanini norasmiy tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazaman. Ular esa buni o‘zlariniki qilib olishsin. Lekin o‘ylaymanki, ular bizning versiyamizni to‘liq qabul qilmasalar ham, iloji boricha unga yaqin bo‘ladi. 

Ushakov: Muammo shundaki, ular qabul qilmasliklariga qaramay, bu biz bilan kelishilgan deyishlari mumkin. Men xuddi shundan xavotirdaman.

Dmitriyev: Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Bu aniq, men siz bilan birgaman, siz so‘zma-so‘z nima desangiz, shuni aytaman. 

Ushakov: Ular keyin hammasini o‘zgartirib yuborishlari mumkin. Shunday xavf bor. Bor. Mayli, hechqisi yo‘q. Ko‘ramiz. 

Dmitriyev: Ha, menga shunday tuyulyapti... Keyin siz ham Stiv bilan shu hujjat bo‘yicha gaplashishingiz mumkin. Ya’ni biz ehtiyotkorlik bilan ish tutamiz. 

Ushakov: (tushunarsiz) 

Dmitriyev: Sizga katta rahmat, Yuriy Viktorovich. Sizga katta rahmat. Rahmat. Ko‘rishguncha. 

Kirill Dmitriyev Yuriy Ushakov bilan suhbati yozuvini feyk deb atadi. Ushakov esa Stiv Uitkoff va Kirill Dmitriyev bilan suhbatlari yozuvlari qanday qilib Bloomberg’​​da paydo bo‘lganidan bexabarligini aytdi. 

Mavzuga oid