add

Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning ahamiyati va ushbu sohadagi so‘nggi o‘zgarishlar

26.09.2025 | 11:44222011

Biznesni 15 daqiqada boshlash mamlakatimiz uchun qanday ijobiy ta’sirga ega?

Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning ahamiyati va ushbu sohadagi so‘nggi o‘zgarishlar
Tadbirkorlik subektlari deganda biz, avvalo, tavakkalchilik asosida daromad olishga yo‘naltirilgan qonuniy faoliyat bilan shug‘ulanayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni tushunamiz. Shu o‘rinda tadbirkorlik faoliyatining qonuniy ekanligi uning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tganligi va o‘z faoliyatini qonunchilik talablariga rioya etgan holda amalga oshiratoyganligida namoyon bo‘ladi. Tadbirkorlik subektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish yo‘lidagi dastlabki qadam hisoblanadi. Buning muhimligi «yashirin» yoki «xufiyona» iqtisodiyotni kamaytirish, tadbirkorlarning huquqlarini qonuniy yo‘l bilan himoya qilish, shu bilan birga, iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Jahon tajribasidan ma’lumki, biznesini boshlamoqchi bo‘lgan har bir shaxs birinchi o‘rinda davlat ro‘yxatidan o‘tish uning uchun og‘ir ma’muriy to‘siqlar keltirib chiqaradimi yoki yo‘qmi, tartibga solish yukining og‘irlik darajasi hamda qonuniy faoliyat yuritish uning uchun ro‘yxatdan o‘tmagan holda faoliyat yuritishdan «arzonroq» tushishi kabi omillarning mavjudligi faktiga e’tibor qaratadi. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, agar davlat tadbirkorlik subektlarini ro‘yxatdan o‘tkishish jarayonida mavjud tartibga solish yukini kamaytirsa, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlasa va albatta masofaviy davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirsa tadbirkorlik subektlarini, ayniqsa kichik va o‘rta tadbirkorlik subektlarini ro‘yxatdan o‘tgan tarzda faoliyat yuritishini yanada rag‘batlantirgan bo‘ladi. Xususan, mamlakatimizda ham bu borada ko‘plab qonuniy islohotlar amalga oshirilmoqda. Shulardan biri, Prezidentning tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida aytib o‘tilgan «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishning joriy etilganligidir. Bunda, tadbirkorlik subektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda quyidagi davlat xizmatlarini kompleks shaklda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi:
  • Elektron raqamli imzo kalitini berish;
  • Tijorat bankida hisob raqam ochish;
  • Ayrim faoliyat turlari uchun xabarnoma yoki litsenziya va ruxsatnoma olish;
  • Ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;
  • Onlayn nazorat yoki virtual kassa mashinalarini soliq organlari ro‘yxatidan o‘tkazish.
Ushbu tamoyil asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lga muddat bir haftadan 15 daqiqagacha qisqarishi mumkin.   Umuman olganda, biznesni 15 daqiqada boshlash mumkinmi? Albatta, buni imkoni mavjud. 2025-yilda biznesni boshlash uchun eng qulay mamlakatlardan biri Estoniya deya e’tirof etilgan. Chunki, ushbu mamlakatda 15 daqiqa 33 soniyada sing.online kompaniyasi ro‘yxatdan o‘tgan. Bu esa hozirda jahon rekordi hisoblanadi. Shuningdek, ushbu muddat Singapurda 1 kunni, Irlandiyada 3-7 kunni, AQSHning Delaver shtatida 5 kunni, Fransiyada 10 kunni, Buyuk Britaniyada 5-15 kunni, Ispaniyada 15 kunni, Germaniyada 20 kunni tashkil etadi. Estoniya hukumati tomonidan joriy etilgan e-Residency dasturi yordamida biznesni qisqa vaqt oralig‘ida ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin. Buning uchun dastlab, e-resident bo‘lish talab etiladi (online ariza beriladi, 3-8 hafta vaqt ichida ruxsat olish mumkin). E-Residency ID card orqali kompaniyani 100 foiz online ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Maksimal vaqt 1-2 kunni tashkil etadi. Shuningdek, kompaniyani butunlay online yuritish mumkin. Ushbu dastur orqali barcha soliq hisobotlarini yuborish, xodim yollash va hatto hisobotlarni tayyorlash uchun expertlarni autsorsing qilish mumkin.   Xo‘sh, biznesni 15 daqiqada boshlash mamlakatimiz uchun qanday ijobiy ta’sirga ega? Birinchidan, bu yashirin iqtisodiyotni kamaytirish, ayniqsa kichik tadbirkorlik subektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni yanada yengillashtirish imkonini beradi. Bunda tadbirkorlikni boshlash uchun zarur bo‘lgan asosiy xizmat turlari birgina ro‘yxatdan o‘tishning o‘zida amalga oshirilishi nazarda tutiladi. Ikkinchidan, mamlakatimiz xalqaro e’tirof etilgan biznes reytinglarda munosib o‘rin egallashi mumkin va bu o‘z navbatida xorijiy investorlar oqimini kuchaytiradi. Xususan, Butunjahon banki boshqaruvining 2024-yilgi B-ready hisobotida keltirilgan statistika ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy firmalar uchun ro‘yxatdan o‘tish o‘rtacha 3 kundan 80 kungacha, xorijiy kompaniyalar uchun esa bu muddat 106 kunni tashkil etadi. bugungi kunda ko‘plab tadbirkorlar bizneslarini o‘z mamlakatidan bir qadam tashqariga chiqmasdan online boshlamoqdalar. Bunda qaysi davlatda tadbirkorlik subektlariga sifatli, shaffof, qulay va xavfsiz davlat xizmatlarini taklif eta olsa, o‘sha yerda iqtisodiyot rivojlanadi. Uchinchidan, ushbu tamoyilni joriy etish orqali tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish yukini qisqartirish, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirish mumkin. B-ready hisobotida mamlakatlar iqtisodiyoti tartibga solish yuki, normativ aktlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati asosida baholanishi ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, normativ talablarga rioya qilishning soddaligi hamda davlat xizmatlaridan foydalanishning samaradorligi kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ularni faoliyat yuritishi va tugatilishida, umumam olganda ularning butun hayot siklida muhim ro‘l o‘ynaydi. Xulosa qilib aytganda, aholi va tadbirkorlar uchun tushunarli, ortiqcha tartibga solish yuki mavjud bo‘lmagan qonunchilik, rivojlangan elektron hukumat tomonidan ishlab chiqilgan davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi va ularning o‘zaro samaradorlikda ishlashi tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini osonlashtiradi. Bu esa, tadbirkorlarda mavjud tizimga bo‘lgan ishonchni orttiradi. Utayeva Mohipari Shaxriyorovna, Toshkent davlat yuridik universiteti Biznes huquqi kafedrasi o‘qituvchisi.

Teglar

Mavzuga oid