
AQSHning Markaziy Osiyodagi siyosati: mintaqa Qo‘shma Shtatlar uchun «imkoniyatlar eshigi»mi?
09.07.2025 | 14:00358021
Markaziy Osiyo AQSH tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmagan esa-da, mintaqaning serqirra rivojlanishi Vashington e’tiboridan chetda qolmayapti.

Markaziy Osiyo endi faqat katta davlatlar raqobatlashadigan hudud sifatida emas, balki o‘z tashabbuslarini ilgari suradigan, xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyotga hissa qo‘shadigan mustaqil mintaqa sifatida ko‘zga tashlanmoqda, deb yozmoqda The Diplomat nashri.
Mintaqaviy hamkorlik esa barqaror taraqqiyot va iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan asosiy omillardan biriga aylanmoqda. So‘nggi yillarda mintaqada yuz berayotgan o‘zgarishlar tashqi emas, aynan ichki omillar natijasida yuzaga keldi. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, umumiy manfaatlar yo‘lida birgalikda qarorlar qabul qilishga bo‘lgan intilishini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari muhim o‘rin tutmoqda. Bu uchrashuvlar 2018-yilda Qozog‘istonning Ostona shahrida boshlangan bo‘lib, amaliyotda o‘zini foydali va dolzarb format sifatida ko‘rsatdi. Ular orqali mamlakatlar hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda, pozitsiyalarini muvofiqlashtirmoqda va mintaqaning uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qiladigan yechimlarni birgalikda ishlab chiqmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘z tashqi siyosatida muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda. Ular manfaatlarning har xil yo‘nalishlarini hisobga olgan holda, barqaror va pragmatik siyosiy yondashuvni tanlamoqda.
AQSH–Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlari
bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasi yanada faol bo‘lib, kuchliroq mintaqaviy hamkorlik sari harakat qilmoqda. Shu jarayonda Qo‘shma Shtatlar ham mintaqa bilan barqaror hamkorlik o‘rnatishga intilmoqda. Bu hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti, barqaror iqtisodiy o‘sishi hamda siyosiy va iqtisodiy islohotlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Shunga qaramay, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo AQSH tashqi siyosatida unchalik muhim o‘rin egallamayapti.
Shu yerda bir jihat alohida e’tiborga loyiq: 2025 yil yanvar oyida senator Stiv Deyns AQSHning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini qayta ko‘rib chiqish zarurligini davlat kotibi Marko Rubioning tasdiqlash eshituvlarida ko‘tarib chiqdi. U, xususan, AQSHning Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston bilan doimiy normal savdo munosabatlarini (PNTR) cheklab turgan Jekson-Venik tuzatmasini bekor qilish muhimligini ta’kidladi. Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston bu cheklovdan 2002-yilda ozod qilingan. Rubio taklifga rozi bo‘lib, bu qoidani «o‘tmishning bema’ni sarqiti»deb ta’rifladi.
Agar Jekson-Venik tuzatmasi bekor qilinsa, bu AQSHning yangi ma’muriyati uchun ramziy va amaliy jihatdan muhim qadam bo‘ladi. Bu o‘zgarish orqali AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik faqat savdo bilan cheklanmay, infratuzilma loyihalari, noyob yer resurslari ta’minoti hamda xavfsizlik sohalarida ham kengayishi mumkin.
Bu esa AQSHning mintaqadagi o‘rnini kuchaytiradi va unga Rossiya, Xitoy hamda boshqa yirik davlatlarning ta’sirini muvozanatlash imkonini beradi. Biroq, bu masala Kongress vakolatida qolmoqda.
2023 yilda senatorlar Kris Merfi (Demokrat, Konnektikut) va Todd Yang (Respublikachi, Indiana) Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston uchun Jekson-Venik tuzatmasini bekor qilish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etgan edi. Ammo bu loyiha Kongress qo‘mitasidan o‘ta olmadi. So‘nggi yillarda ham xuddi shunday qonun loyihalari ko‘rib chiqilmasdan qolib ketgan.
AQSH prezidenti Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri eng ko‘p muhokama qilingan voqealardan biri — 2025 yil aprel oyi boshida chiqargan farmoni bo‘ldi. Unda AQSH import bojlari katta miqdorda oshirildi. Tramp bu qarorni «o‘zaro javob chorasi» sifatida asoslab, 1977-yilda qabul qilingan Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonunga (IEEPA) tayandi. U AQSH va boshqa davlatlar o‘rtasidagi savdo nomutanosibligini favqulodda holat deb baholadi.
Ba’zi mamlakatlar uchun boj stavkalari 50 foizgacha ko‘tarildi. Qozog‘istonga 27 foiz, O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari uchun esa 10 foizlik asosiy stavka belgilandi.
Biroq oradan ko‘p o‘tmay, Tramp bu yuqori boj stavkalarini vaqtincha to‘xtatdi va barcha mamlakatlar uchun yagona – 10 foizlik universal boj joriy etdi. Yuqori stavkalar esa faqat 90 kunlik tanaffusga yuborildi, va bu muddat yaqin kunlarda tugaydi.
AQSHda yana bir ortib borayotgan xavotir — bu migratsiya va viza siyosatiga oid cheklovlardir. Yaqinda e’lon qilingan bayonotda Tramp ma’muriyati bir qancha davlatlar fuqarolari uchun, jumladan, Turkmaniston uchun vizalarni to‘liq yoki qisman taqiqladi.
Shuningdek, AQSH Davlat departamentining ommaviy axborot vositalariga sizib chiqqan ichki hujjatlaridan birida Qirg‘iziston kelajakda AQSHga kirishi taqiqlanishi mumkin bo‘lgan 30 dan ortiq davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Shu asosda muhim savol paydo bo‘lmoqda: Trampning yangi ma’muriyati tomonidan qabul qilinayotgan ichki qarorlar – jumladan, import bojlari oshirilishi, qat’iy viza siyosati va kengroq savdo hamda texnologik cheklovlar – Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSH o‘rtasidagi munosabatlarga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Shu notinch va o‘zgaruvchan vaziyatda Markaziy Osiyo davlatlari tobora moslashuvchanlik ko‘rsatmoqda. AQSHning proteksionistik siyosati ehtimoliga javoban, mintaqa tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va dunyodagi yetakchi davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga intilmoqda. Shu bilan birga, barqaror transport, raqamli iqtisodiyot, qayta tiklanuvchi energiya va mintaqaviy bank tizimi kabi yo‘nalishlarda o‘z ichki tashabbuslari ham faollashmoqda.
Ikkinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari asosiy tashqi hamkorlar – xususan, AQSH va Xitoy bilan muloqotni o‘z ichiga olgan «Markaziy Osiyo plyus» formatida hamkorlikni kuchaytirmoqda. Bu muloqot platformalari nafaqat siyosiy va diplomatik masalalarni muvofiqlashtirish uchun, balki texnologiya, ta’lim va infratuzilma sohalarida ham hamkorlik qilish uchun muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
Uchinchidan, Moody’s reyting agentligi fikricha, AQSHning tarif siyosati Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga bilvosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ayniqsa dunyo bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sekinlashgan bir vaqtda. Mintaqaning asosiy savdo hamkorlari – Xitoy, Rossiya va Yevropa Ittifoqida talabning kamayishi eksportga yo‘naltirilgan sohalarga, jumladan, to‘qimachilik va tog‘-kon sanoatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Raqobatning kuchayishi va tovar narxlarining o‘zgarishi ushbu tarmoqlarda ishlab chiqaruvchilar hamda ularni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydigan banklar uchun qo‘shimcha muammolar tug‘diradi.
Masalan, eksportida to‘qimachilik mahsulotlari katta ulushga ega bo‘lgan O‘zbekistonda daromadlar kamayishi ehtimoli mavjud. Bu esa banklar tomonidan beriladigan kreditlar shartlarini qayta ko‘rib chiqish va korxonalar uchun yangi iqtisodiy sharoitlarga moslashishni talab qilishi mumkin.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zining boy tabiiy resurslari, yosh va o‘sib borayotgan aholisi hamda barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlaridan foydalanib, savdo va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda.
Mintaqada yer yuzidagi uran zahiralarining taxminan 20 foizi, neftning 17 foizi va tabiiy gazning 7 foizi joylashgan. Shuningdek, u yerda noyob yer elementlari konlari ham mavjud.
Markaziy Osiyo gidroenergetika va quyosh energiyasi bo‘yicha ham katta imkoniyatlarga ega. Bu esa mintaqani global energiya bozorida muhim o‘yinchilardan biriga aylantiradi.
Hozirda Markaziy Osiyo mintaqasida aholi soni tez o‘smoqda, ishchi kuchi zaxirasi kengaymoqda. bugungi kunda aholining umumiy soni 80 milliondan oshgan. BMT prognozlariga ko‘ra, 2050-yilga kelib bu raqam 100 milliondan ortadi. Markaziy Osiyo dunyodagi eng yosh mintaqalardan biri bo‘lib, aholining o‘rtacha yoshi atigi 28,7 yoshni tashkil etadi.
So‘nggi o‘n yilda mintaqa iqtisodiyoti barqaror o‘sib bormoqda — o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 6,2 foizni tashkil etdi. Bu dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich — 2,6 foizdan ikki baravar ko‘p. 2016 yildan buyon mintaqaning yalpi ichki mahsuloti 60 foizga oshdi va 2023 yil yakunida 450 milliard dollarga yetdi.
Markaziy Osiyo global iqtisodiy tizimda tobora faolroq ishtirok etmoqda. So‘nggi yetti yilda mintaqaning umumiy tashqi savdosi ikki barobar ko‘payib, 225 milliard dollarga yetdi. Mintaqa ichidagi o‘zaro savdo hajmi esa 4,5 barobar oshib, 2,4 milliard dollardan 11 milliard dollarga yetgan.
Xorijdan jalb qilinayotgan sarmoyalar ham oshmoqda: 2016 yilda 27 milliard dollarni tashkil etgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 2023 yilda qariyb ikki barobar ko‘payib, 50 milliard dollarga yetdi.
Qo‘shma Shtatlar uchun bu nafaqat faol muloqotni yangilash oynasi, balki har ikki tomon manfaatlarini aks ettiruvchi pragmatik jalb qilish strategiyasini ishlab chiqish imkoniyati hamdir. C5+1 kabi platformalar orqali iqtisodiy, viza va infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bayonotlardan amaliyotga o‘tish, ishonchni mustahkamlash va o‘zgaruvchan geosiyosiy vaziyatda uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratish imkonini beradi.
Jekson–Venik tuzatmasi
Jekson–Venik tuzatmasi — bu 1974-yilda AQSH Kongressi tomonidan qabul qilingan qonunchilik hujjati bo‘lib, u savdo imtiyozlarini inson huquqlari, ayniqsa, fuqarolarning mamlakatdan chiqib ketish huquqi bilan bog‘laydi. Ushbu tuzatma AQSHning Sovet Ittifoqi va boshqa kommunistik davlatlar bilan savdo aloqalarini cheklashga qaratilgan bo‘lib, asosan yahudiylar va boshqa diniy guruhlar uchun emigratsiya erkinligini ta’minlashni maqsad qilgan.
Jekson–Venik tuzatmasi Sovuq urush davrida AQSH tashqi siyosatining kuchli vositasi bo‘lib xizmat qilgan. Sovet Ittifoqi fuqarolarining, ayniqsa, yahudiy aholining Isroilga ko‘chib ketishiga to‘sqinlik qilgan siyosatiga qarshi bosim sifatida qo‘llanilgan. Sovet ittifoqi parchalanganidan keyin ham bu tuzatma bir qancha sobiq sovet respublikalari uchun amalda saqlanib qoldi. Masalan, Qirg‘iziston 2002 yilda bu cheklovdan ozod qilingan bo‘lsa, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston hali ham rasmiy ravishda undan ozod qilinmagan. Bu esa AQSH bilan to‘liq savdo imtiyozlariga ega bo‘lishga ma’lum darajada to‘sqinlik qilmoqda.
So‘nggi yillarda AQSH Kongressida mazkur tuzatmani bekor qilish bo‘yicha bir nechta qonun loyihalari taqdim etilgan bo‘lsa-da, ular ko‘pincha siyosiy sabablar tufayli ko‘rib chiqilmasdan qolgan. Jekson–Venik tuzatmasi bugungi kunda ham AQSH tashqi savdo siyosatining tarixiy, ramziy va siyosiy jihatdan muhim elementi sifatida qolmoqda, ammo uni amaliy siyosiy vosita sifatida bekor qilish yoki saqlab qolish borasidagi bahslar davom etmoqda.
Farmonova Mehrinoza tayyorladi.





