
Tramp ma’muriyati Rossiya-NATO kengashini qayta tiklashni taklif qildi
16.05.2025 | 11:4532513
AQSH Rossiya bilan xavfsizlik muzokaralarini qayta boshlash uchun Rossiya-NATO kengashini tiklash g‘oyasini ilgari surdi.

15 may kuni Bloomberg tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati Rossiya-NATO kengashi doirasida xavfsizlik bo‘yicha muloqotlarni qayta yo‘lga qo‘yish taklifi bilan chiqdi.
Bu g‘oya AQSHning Rossiya-Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal qilish rejasiga kiritilgan. Rejaga ko‘ra, urushni muzlatish, Rossiyaning Qrim ustidan nazoratini tan olish va Rossiyaga nisbatan qo‘llangan ayrim sanksiyalarni bekor qilish taklif etilmoqda.
AQSH tomoni Ukrainaga ishonchli xavfsizlik kafolatlari berish va uning harbiy salohiyatini rivojlantirishni ham nazarda tutgan. Biroq Moskva bu kabi tashabbuslarga avval ham rad javobi bergan, deb yozadi Bloomberg.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya-NATO kengashi 2002 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va harbiy-siyosiy masalalarda kelishuvlarga erishishni maqsad qilgan. Ammo Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirishi ortidan kengash faoliyati to‘xtagan. Oxirgi yig‘ilish 2022 yilning yanvarida o‘tkazilgan.
Shu bilan birga, ayni paytda NATOning «Griffin Lightning 2025» nomli harbiy mashg‘ulotlari 3 maydan 23 maygacha Litvada o‘tkazilmoqda. Germaniya harbiy aviatsiyasi bu maqsadda Litvaga joylashtirilgan.





