add

«Xavfli tajriba». Jamoatchilik ekologiya bo‘limlari hokimliklar bo‘ysunuviga o‘tkazilayotganidan norozi

29.10.2025 | 18:0036496

Fikr yetakchilari shundoq ham mamlakatda yashil maydonlar yo‘qotilishi, daraxtlar kesilishi va tartibsiz hamda ekologik talablarga zid qurilishlarning katta qismi hokimliklar tomonidan amalga oshirilayotgani, yangi tartib esa ularga shunday ishlar uchun to‘liq «yashil chiroq» yoqishini ta’kidlamoqda.

«Xavfli tajriba». Jamoatchilik ekologiya  bo‘limlari hokimliklar bo‘ysunuviga o‘tkazilayotganidan norozi

21 oktyabr kuni O‘zbekiston prezidentining «Hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun tuman (shahar) hokimliklari faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)» maqomidagi 33 ta tuman hamda Surxondaryo viloyatining qolgan barcha tuman (shahar)larida quyidagi 9 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) bo‘linmalari tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasiga o‘tkazilmoqda:

  • Iqtisodiyot va moliya vazirligi;

  • Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi;

  • Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;

  • Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;

  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi;

  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi;

  • Madaniyat vazirligi;

  • Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi;

  • Yoshlar ishlari agentligi.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasiga o‘tkazilayotgan bo‘linmalari qatorida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ham borligi jamoatchilik faollarining ko‘plab e’tiroz va xavotirlariga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, fikr bildirayotganlar shundoq ham mamlakatda yashil maydonlar yo‘qotilishi, daraxtlar kesilishi va tartibsiz hamda ekologik talablarga zid qurilishlarning katta qismi hokimliklar tomonidan amalga oshirilayotgani, yangi tartib esa ularga shunday ishlar uchun to‘liq «yashil chiroq» yoqishini ta’kidlamoqda.

Vaqt.uz muxbiri bildirilayotgan shunday fikrlardan ba’zilarini bir joyga to‘pladi. 

Yangi tartib ekologiya sohasidagi rejalarimizni soya ostida qoldiradi — Erkin Abdulahatov, iqlimshunos

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Ekologiya vazirligining quyi bo‘g‘inlari hokimliklar bo‘ysunuviga o‘tkazilayotganini «chuqur o‘ylanmagan mexanizm», deya atadi. Unga ko‘ra, ishlar aksincha, Ekologiya vazirligini prezident yoki parlament nazoratidagi tuzilmaga aylantirishga qarab borishi kerak.

«Bu qonunchilik chuqur o‘ylanmay ishlab chiqilgan mexanizm hisoblanadi. Hududlarda ekologiya bo‘limlarni hokimliklarga bo‘ysundirish, biriktirish ekosferada oldimizga qo‘yilayotgan va keng masshtabda amalga oshirish bilan bog‘liq targ‘ibotlarni soya ostida qoldiradi. Ekovazirlik hukumatdan mustaqil kuch — tuzilmaga aylantirilishi kerak. Iqlimi quruq, suv resurslari tobora tortilayotgan, cho‘llanish keskinlashayotgani fonida turli xil ekoxavflar bilan kurashishga tayyorlanayotgan biz kabi mamlakatlarda ekotuzilmalar ijro hokimyatini ishlatish uchun undan yuqoriroq tuzilma statusiga ega bo‘lishi lozim. Masalan, to‘g‘ridan to‘g‘ri prezident yoki parlamentga bo‘ysundiriladigan mustaqil qudratli tashkilotga», — deb yozdi iqlimshunos.

«Sinov tariqasida yashayotgan millat» – Abdurahmon Tashanov, huquq himoyachisi

Inson huquqlari himoyachisi Abdurahmon Tashanov ayni sarlavhali postida yangi tartibning ehtimoliy oqibatlarini shu kunlarda Yakkasaroy tumanida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov topshirig‘i bilan 147 tup daraxt kesilishi misolida tushuntirishga uringan.

«Prezidentning daraxtlarni kesishga e’lon qilgan moratoriysi yana bir bor buzildi. 25 oktyabr kuni tunda 144 tup daraxt kesilgani holati yuzasidan Ekologiya vazirligi inspeksiyasi xabar qildi. Aytishlaricha, daraxtlarni kesishga Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov ko‘rsatma bergan. Ish qo‘zg‘atilibdi, prokuraturaga yuborilibdi, 620 million so‘mdan ortiq (aslida 1 mlrd 400 mln so‘mdan ortiq – tahr.) zarar belgilanibdi, chora ko‘rilarkan. Vaziyat Ekologiya vazirligi nazoratida ekan. Buni qarangki, endi quyida keltirilayotgan tashkilotlar, jumladan, Ekologiya vazirligining quyi bo‘g‘inlari ham hokimiyat tuzilmasiga olinarkan! Qoyilmisiz? Endi ham ishonasizmi «daraxtkush» Rahmonov kabi rahbarlarga jinoyati uchun chora ko‘rilishiga? Ba’zan bo‘layotgan ishlarga kulging keladi, ba’zan yig‘laging. Sinov tariqasida o‘tkazilayotgan islohotga qarang! Ma’muriy islohot bo‘ldi: ortga qaytildi, hokimiyat optimallashdi, so‘ng qisqardi, endi yana kattarmoqda. Suzishni bilmagan o‘rdakcha ham dumi bilan, ham boshi bilan sho‘ng‘iydi, deganlari shudir balki. Sinov tariqasida yashayapmizmikan, deb o‘ylab qolaman», – deya yozdi «Ezgulik» tashkiloyati rahbari.

 

«Daraxt kesish bilan tanilganlarga ekologiyani bo‘ysundirishmoqchi» – Farrux Samarqandiy

Bloger Farrux Samarqandiy yangi o‘zgarishni jamoatchilik fikriga qarshi borish deya hisoblaydi.

«Daraxt kesish bilan tanilganlarga ekologlarni, ekologiyani bo‘ysundirib bo‘ladimi? Bu — omma fikriga qarshi borish, chunki, bu — omma fikri emas», — deb yozdi bloger.

 

«Hokimlarning topshirig‘i bilan daraxtlar kesilayotgan vaziyatda ularga ekologiya ham topshirilmoqda» — Ibrat Safo, jurnalist

BBC muxbiri, jurnalist Ibrat Safo yangi tartibga nisbatan o‘z munosabatini bildirarkan, u ham dastlab Yakkasaroy tumanida Baxtiyor Rahmonov topshirig‘i bilan hamda prezident farmoniga zid ravishda kesib tashlangan archalar masalasiga to‘xtalgan.

«Bu — prezident moratoriylariga zid ravishda 144 ta daraxtni kesib tashlashga buyruq bergan Baxtiyor Rahmonov. U Toshkent shahri hokimining ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari. Endi unga nima bo‘ladi deb o‘ylaysiz? Hech nima», – deya hokim o‘rinbosari suratini o‘z Facebook sahifasiga joylagan jurnalist.

Ibrat Safoga ko‘ra, juma kuni tunda havo Toshkentda 3-4 barobar, Gulistonda 9, Andijonda esa 10 barobargacha ifloslangani aniqlandi. 25 oktyabr kuni soat 19:00 dan 22:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Toshkent havosi sifatini monitoring qilish avtomatik stansiyalari uning kuchli ifloslanishini qayd etgan.

«Shunday vaziyatda endi hokimlarga yanayam ko‘proq vakolat berilmoqda. Hududlarda to‘qqizta vazirlik va idora bo‘linmalari hokimliklar tarkibiga o‘tadi. Bu vakolatlar ichida ekologiya ham bor», — deya o‘zgarishning oqibatlari jiddiy bo‘lishiga e’tibor qaratgan jurnalist Ibrat Safo.

 

«Ekologiya bo‘limlarini hokimlarga bo‘ysundirish — xavfli tajriba» — Xudoyberdi Zominiy

Bloger Xudoyberdi Zominiy fikricha, tuman (shahar) miqyosidagi ekologiya bo‘limlarini hokimlik tuzilmasiga o‘tkazish – dastlab boshqaruvni «yaqinlashtirish» sifatida ko‘rinsa-da, ammo yakunda jiddiy oqibatlar keltirib chiqaradigan tajriba.

«Chunki amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ko‘plab daraxt kesish, yashil hududlarni qurbon qilish yoki tabiiy muvozanatni buzish holatlarining orqasida aynan hokimliklarning o‘zi yoki ularning ruxsati turadi. Buning oqibatida: – mustaqil ekologik nazorat yo‘qoladi; – daraxt kesishlar, qurilish uchun yashil hududlarni qisqartirish holatlari ortadi; – jamoatchilik shikoyatlari «ichki masalaga» aylanib, e’tiborsiz qoladi; – atrof-muhitni muhofaza qilish ishlari faqat «hisobotda» qolib ketadi», – deb yozdi u.

Bloger ayni sababga ko‘ra, ekologiya bo‘limlari hokimlikdan mustaqil qolishi kerakligini ta’kidlaydi. «Ular bevosita Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga bo‘ysunib, faqat qonun va ekologik me’yorlar asosida ish yuritishi lozim. Aks holda, «kim daraxt kesmoqda?» degan savolga javob beradigan idora «kesuvchining o‘zi»ga aylanish xavfi mavjud.

«Tabiatni himoya qilish — bu siyosiy yoki ma’muriy masala emas, bu hayotiy zarurat. Ekologiya mustaqilligi — milliy xavfsizlik masalasidir», — deb yozdi bloger o‘z Facebook sahifasida.

 

«Biz Ekologiya vazirligi sifatida bu o‘zgarishga qarshimiz» — Rasul Kusherbayev, Ekologiya vaziri maslahatchisi

Holat yuzasidan shuningdek, Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ham o‘z fikrlarini bildirdi. Jumladan, maslahatchining Yakkasaroy tumanidagi archalar kesilishi yuzasidan Vaqt.uz sayti muxbiri tayyorlagan reportaj davomida aytishicha, ekologiya bo‘limlarining hokimliklar bo‘ysinuviga o‘tkazilishi lobbistik qaror hisoblanadi.

«Biz Ekologiya vazirligi sifatida bu o‘zgarishga qarshimiz, qo‘shilmaymiz. Bu — ekologiya yilida ekologiyani o‘ldirish. Manfaatlar to‘qnashuvi bor. Chunki, joylarda qonunlarni, moratoriy talablarini eng ko‘p buzish holatlari mahalliy hokimliklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Hokimlarning ko‘pchiligi qonun, qaror va farmon talablarini tan olmaydi. Ular o‘zini mahalliy feodal darajasida his qilgandan keyin tuman bo‘limlarimiz gapini inobatga olarmidi? Biz bugunga qadar shundoq ham qiynalib ishlayotgandik, endi esa hokimlarni hech kim, hech narsa to‘xtatib qololmaydi. Imkon va vaqt bor ekan, farmonning shu qismini qayta ko‘rish kerak. Dunyoning biror joyida ekologiya tuzilmalari hukumatga bo‘ysunmaydi, aksincha, prezident yoki parlamenga hisob beradi», — dedi Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev.

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 4

Barchasi

Mavzuga oid

«Xavfli tajriba». Jamoatchilik ekologiya bo‘limlari hokimliklar bo‘ysunuviga o‘tkazilayotganidan norozi | Vaqt.uz