
O‘zbekistonga qarshi qo‘zg‘atilgan da’vo, Xitoy bilan 20 mln dollarlik shartnoma, O‘zbekiston oltin sotishda dunyoda yetakchi - 4 iyun dayjesti
04.06.2025 | 22:1548375
O‘zbekistonda iqtisodiyot, moliya, biznes va bank sohasida yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.
Yagona portal xizmatlari 800 taga yetkaziladi
Joriy yil yakuniga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladigan elektron xizmatlar soni 800 taga yetkaziladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi. Ayni paytda fuqarolar va tadbirkorlar 700 dan ortiq xizmatdan foydalanmoqda. Maqsad — aholi va biznes uchun qulay shart-sharoit yaratish, ortiqcha yugur-yugurlarni kamaytirish va raqamli transformatsiyani jadallashtirish. Shuningdek, 2025 yil yakunigacha eng ko‘p so‘ralgan xizmatlar to‘liq raqamlashtiriladi.
Kadastr pasportlarini rasmiylashtirish muddatlari uzaytirildi
Mulk egalariga so‘rovnomasiz tartibda rasmiylashtiriladigan kadastr pasportlarining amal qilish muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytirildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi. Yangicha tartib 2025 yil 1 iyuldan kuchga kiradi. Maqsad — hujjat yuritish jarayonini soddalashtirish, aholiga ortiqcha ovoragarchiliklarni kamaytirish va sohadagi byurokratik to‘siqlarni qisqartirishdan iborat.
Farg‘onada Xitoy bilan 20 mln dollarlik shartnoma tuzildi
Farg‘ona viloyatida Xitoy kompaniyalari bilan umumiy qiymati 20 mln dollarlik IT loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi. Hamkorlik doirasida zamonaviy axborot texnologiyalari markazlari tashkil etiladi va mahalliy kadrlar tayyorlanadi. Loyihalar asosan elektron tijorat, raqamli xizmatlar va ma’lumotlar markazlarini rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston 3 oydan beri oltin sotishda dunyoda yetakchilikni bermayapti
Jahon oltin bozorida O‘zbekiston uch oydan beri yetakchi eksportchi davlat bo‘lib qolmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat 2025 yil mart-may oylarida jami 26 tonna oltin sotgan. Bu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston dunyodagi eng yirik sotuvchilar qatorida birinchi o‘rinni egalladi. Mutaxassislar buni iqtisodiy barqarorlik va valyuta zaxiralarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim qadam sifatida baholamoqda.
Humans Singapurda O‘zbekistonga qarshi da’vo qo‘zg‘adi
Humans kompaniyasi Singapurda xalqaro arbitraj sudiga O‘zbekistonga qarshi da’vo arizasini topshirdi. Da’vo mablag‘i rasman oshkor etilmagan, ammo kompaniya vakillariga ko‘ra, u katta summani tashkil etadi. Mazkur mojaro Humans'ning Uzmobile bilan hamkorligida yuzaga kelgan nizolarga bog‘liq. O‘zbekiston hukumati hozircha rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.





